Surxondaryo aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash boʻyicha amaliy ishlarga kirishildi. Manba — Toʻpolang

20:36 06 Sentyabr 2021 Iqtisodiyot
755 0

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev shu yilning 1-2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatidagi tashrifi chogʻida viloyat aholisini Toʻpolang suv omboridan toza ichimlik suvi bilan taʼminlash loyihasini amalga oshirish boʻyicha koʻrsatma bergandi. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, mazkur loyiha dastlab 2012-yilda ham oʻrganilgan, ammo moliyalashtirishning imkoni boʻlmagani bois, loyiha toʻxtatilgandi. Va nihoyat Prezidentimizning tashabbusi bilan surxondaryolik hayotida muhim iz qoldiruvchi amaliy ishlarga kirishildi. Qisqa fursatda loyiha mutaxassislar tomonidan joyiga chiqqan holda bir necha bor oʻrganildi. Dastlabki hisob-kitoblarni tayyorlashga xorijiy mutaxassislar ham jalb etildi. Asoslangan hisob-kitoblar asosida tayyorlangan materiallar joriy yil 10-avgust kuni davlatimiz rahbariga taqdimot qilindi. Taqdimot yakuni boʻyicha mazkur loyihani kechiktirmasdan shu yilning oʻzida boshlash yuzasidan alohida qaror qabul qilindi.

Surxondaryo viloyati hokimligi binosida «Surxondaryo viloyati aholisining ichimlik suv taʼminotini «Toʻpolang» suv ombori manbalari hisobiga yaxshilash» loyihasini amalga oshirish yuzasidan ishchi guruhiningnavbatdagi yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda qatnashgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari O. Ramatov ushbu loyihaning ahamiyati, loyiha ishlarining natijalari hamda uni amalga oshirish muddatlari haqida batafsil maʼlumotlar berdi. Qayd etilganidek, loyiha hujjatlari «Gidroproyekt» AJ tomonidan yetakchi xorijiy loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda ishlab chiqilmoqda. Qurilish ishlari Surxondaryo viloyatining mahalliy korxonasi tomonidan amalga oshiriladi. Umumiy qiymati 138 mln dollarni tashkil etadigan ushbu loyiha uchun mablagʻlar toʻliq respublika byudjetidan ajratiladi.

Maʼlum qilinishicha, viloyatda aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash juda ogʻir ahvolda. Bugungi kunda aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasi 55,4 foizni tashkil etadi. Ichimlik suvi asosan yer osti suv manbalaridan yetkazib berilayotganligi sababli, hozirda suv olish hajmi kamayib, qattiqlik darajasi ortib bormoqda. Xususan, Termiz shahrida bugungi kunda ichimlik suvining qattiqlik darajasi 7 dan 12 mg/litr gacha yetgan.

Olimlarning taʼkidlashicha, inson organizmining 80 foizi suvdan iboratdir. Demakki, inson hayot kechirishi uchun suv eng muhim va birlamchi ozuqa hisoblanadi. Ammo shunga qaramay, dunyoning 8 milliardga yaqin aholisining 1,2 milliard nafari toza ichimlik suviga muhtoj. Shuningdek, 2,3 milliard aholi sanitariya talabiga javob bermaydigan suvdan foydalanishga majbur. Dunyo aholisining har 10 nafaridan 4 nafari toza ichimlik suvi yetishmaydigan ogʻir hududlarda istiqomat qiladi. Bu raqamlarni bejizga keltirmadik. Toza suv qadri, qimmatini bu neʼmat taqchil boʻlgan hududlarda yashovchilar yaxshiroq bilishadi. Surxondaryo viloyatining choʻl hududlarida oʻzlashtirilgan ayrim tumanlar aholisini uzoq yillardan buyon toza ichimlik suvi muammosi qiynab keladi. Baʼzi tumanlarning suv manbasidan uzoqligi, yoki yer osti suvining mavjud emasligi suv taʼminotida qiyinchilik tugʻdirayotgan edi. Endilikda mazkur loyihaga koʻra, viloyatning Qumqoʻrgʻon, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Jarqoʻrgʻon, Muzrabot, Angor, Termiz tumanlari hamda Termiz shahri kabi oʻndan ortiq hududlarida istiqomat qiluvchi 1,7 million aholisiga ekologik toza ichimlik suvi yetkazib berish imkoniyati yaratiladi.

Respublika hamda viloyat ishchi guruhi aʼzolari, shahar va tumanlar hokimliklari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida Sariosiyo, Qumqoʻrgʻon, Sherobod tumanlarida tamal toshi qoʻyilib, yuzlab texnikalar yordamida qurilish ishlariga kirishildi Toʻpolang suv magistral tarmogʻi boʻylab diametri 630 mm dan 1400 mm gacha boʻlgan jami 361 km, shundan 199 km magistral va 162 km suv taqsimlash inshootigacha boʻlgan tarqatuvchi tarmoqlar tortiladi.

Shuningdek Sariosiyo tumanida quvvati sutkasiga 100 ming kub boʻlgan «Toʻpolang» suv tozalash inshooti, Qumqoʻrgʻon va Sherobod tumanlarida 2 ta suv bosimini soʻndirish inshootlari quriladi.

Loyiha 2021-2023-yillarda amalga oshiriladi. Shuning pirovardida hududlaridagi aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasi bugungi kundagi 55,4 foizdan 90 foizgacha yetkaziladi;

ichimlik suvi oʻz oqimi bilan kelishi natijasida yiliga 30 mlrd soʻmlik 66 mln kVt/soat elektr energiyasi iqtisod qilinadi.

Hisob-kitoblarga koʻra, 2040-yilda viloyat aholisi qariyb 17 foizga oʻsib, suv ehtiyoji yana ortadi. Ayni jihatlar ham inobatga olingan holda, kishi boshiga sutkasiga 124 litrdan, jami sutkasiga 200 ming metr kub ichimlik suvi yetkazib berish nazarda tutilmoqda

Loyiha uchun ajratilgan mablagʻlarning qariyb 70 foizidan ortigʻi metall quvurlarni xarid qilish uchun sarflanadi. Yaʼni aytmoqchimanki ushbu loyiha toʻliq ijtimoiy loyiha boʻlib, loyihadan pudrat tashkiloti tomonidan foyda koʻrish nazarda tutilmagan.

Aytish joizki, oʻtgan yillar davomida viloyat aholisining 42, 7 foizi toza ichimlik suvi bilan taʼminlangan boʻlsa, soʻnggi 5 yilda Respublika byudjetidan ajratilgan 480 mlrd. soʻm mablagʻ evaziga qariyb 2 ming km.  ichimlik suv tarmogʻi qurildi va rekonstruksiya qilindi. Natijada aholining toza ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 10, 7 foizga oshdi. Joriy yilgi qurilish ishlari natijasida bu boradagi koʻrsatgich qariyb 60 foizga yetsa, Toʻpolang suv manbaidan viloyat aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash loyihasi toʻliq amalga oshirilgach, Surxondaryo viloyatidagi ichimlik suvi muammosi batamom bartaraf etiladi. Binobarin suv kirib borgan xonadonlar fayzga toʻladi, tozalik va poklik, obodlik qaror topadi. Bu boradagi amaliy saʼy-harakatlar aholi turmushini yaxshilash, farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Ilhom RAHMATOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?