Sunʼiy intellekt yordamida bemorlardagi ogʻriq darajasi aniqlanadi

10:04 01 Dekabr 2023 Jamiyat
109 0

AQSHning Kaliforniya universiteti olimlari sunʼiy intellekt yordamida bemorlarda ogʻriq darajasini aniqlash tizimini ishlab chiqdi. Yangi texnologiya jarrohlik operatsiyalari sifati va samaradorligini oshirishga yordam beradi.

Innovatsion tizim sunʼiy idrokning ikki farqli funksiyasiga tayanadi. Birinchisi — kameralar yordamida bemorning yuz va tana harakatlarini vizual tarzda kuzatish imkonini beradi. Ikkinchisi — ogʻriqni baholash uchun olingan maʼlumotlarni tahlil qiladi.

Buning uchun tadqiqotlar chogʻida “aqlli texnologiya” modeliga insonlar yuz ifodasi aks etgan 143 ming 293 ta tasvir kiritildi. Ana shu jarayonda har bir yuz ifodasiga koʻra, bemor qanday va qay daraja ogʻriq his qilayotgani sharhi ham tizimga yuklandi.

Ishlab chiqilgan mazkur algoritmdan foydalanib, sunʼiy intellekt haqiqiy insonlar boshdan kechiradigan ogʻriq darajasini 88 foiz aniqlik bilan baholashga muvaffaq boʻldi.

Hozir yangi texnologiya qoʻshimcha sinovdan oʻtkazilyapti. Tadqiqotchilar fikricha, kelgusida shifoxonalar palatalariga ushbu texnologiyani oʻrnatish orqali operatsiyadan keyingi tibbiy yordam darajasini oshirish mumkin.

Qolaversa, yangi innovatsion tizim shifokorlarga bemorni kuzatish uchun jarrohlik amaliyotidan chalgʻimaslik imkonini beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?