Sunʼiy intellekt: davlat boshqaruvi va oliy taʼlim sohalarida yangi bosqich sari qadam
Kuni kecha Prezidentimiz raisligida boʻlib oʻtgan davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi mamlakatimizda bu soha rivojiga alohida eʼtibor qaratilayotganining yana bir tasdigʻi boʻldi.
Sunʼiy intellekt texnologiyalari — XXI asrda jahon iqtisodiyoti va jamiyat hayotini tubdan oʻzgartirgan asosiy omillardan biridir. Bu texnologiya insoniyatning bilim, tahlil va qaror qabul qilish qobiliyatini raqamli muhitga koʻchirish imkonini yaratdi. Sunʼiy intellekt endilikda nafaqat texnika va dasturlash sohasida, balki davlat boshqaruvi, iqtisodiyotning turli tarmoqlari va taʼlim tizimida ham strategik ahamiyatga ega boʻlib bormoqda.
Oʻzbekistonda ham bu soha ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻlib, Prezidentimizning 2024-yil 14-oktyabrda qabul qilingan “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatda raqamli islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi.
Mazkur hujjat bilan tasdiqlangan strategiyada ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish va ustuvor loyihalarni amalga oshirish, sohada standartlarni takomillashtirish va xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida maʼlumotlarni qayta ishlash uchun texnik infratuzilmani shakllantirish, aholining bilim va koʻnikmalarini oshirish, kadrlar salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan vazifalar hamda sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar belgilab berildi.
Ayni paytda Raqamlashtirish vazirligida bu soha bilan ishlaydigan alohida markaz tashkil etilgan boʻlib, oʻtgan bir yil davomida amalga oshirilgan ishlar natijasida mamlakatimiz sunʼiy intellektga tayyorgarlik boʻyicha xalqaro indeksda 17 pogʻona yuqoriladi va Markaziy Osiyoda birinchi oʻrinni egalladi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt texnologiyalari iqtisodiyotdan tortib, taʼlim, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi va boshqaruv tizimigacha chuqur kirib bormoqda. Xususan, sunʼiy intellekt davlat boshqaruvida qaror qabul qilish jarayonlarini tezlashtirish, maʼlumotlarni tahlil qilish va fuqarolarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirishda muhim vositaga aylanmoqda. Mamlakatda “Elektron hukumat” tizimi bosqichma-bosqich takomillashib, hozirda “aqlli hukumat” (Smart Government) konsepsiyasi sari qadam qoʻyilmoqda. Masalan, my.gov.uz interfaol davlat xizmatlari yagona portali kabi platformalar orqali fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish, ularga davlat xizmatlari koʻrsatish samaradorligi keskin oshmoqda. Binobarin, davlat boshqaruvida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanish qarorlar qabul qilishda tezkorlik va aniqlikni taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashda shaffoflikni oshirish, aholi ehtiyojlariga mos xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladi.
Videoselektor yigʻilishida taʼkidlanganidek, xorijiy ekspertlar Oʻzbekistonning sunʼiy intellekt sohasidagi salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda. Buni imkoniyatga aylantirish va dunyoda sunʼiy intellektga talab ortib borayotgan hozirgi davrda raqobatbardosh boʻlish uchun 3 ta eng asosiy masala — infratuzilma, ochiq maʼlumotlar va kadrlar tayyorlashga eʼtiborni kuchaytirish zarur.
Xususan, oliy taʼlim tizimiga sunʼiy intellektni joriy etish bilim berish jarayonini individuallashtirib, uning samaradorligini oshiradi, yangi modellar, maʼlumotlar tahlili, robototexnika va axborot xavfsizligi boʻyicha loyihalar ishlab chiqish orqali taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi mustahkamlanadi. Bundan tashqari, sunʼiy intellekt talabalarning individual salohiyatini roʻyobga chiqarishga, avtomatlashtirilgan baholash tizimlarini joriy etishga, masofaviy taʼlim imkoniyatlarini kengaytirishga, ilmiy salohiyatni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shundan kelib chiqib, vedioselektor yigʻilishida oliygohlarda sunʼiy intellekt laboratoriyalarini tashkil etish choralari ham belgilab olindi. “Yangi Oʻzbekiston” universitetida “tarmoq – oliygoh – hamkor” tamoyilida ishlaydigan “sunʼiy intellekt klasteri” ishga tushiriladi. Oliygohlarda sunʼiy intellekt, fin-tex, kiber-xavfsizlik, IT-muhandislik, aerokosmik va bulutli texnologiyalar kabi yoʻnalishlar uchun davlat granti kvotalari 35 foizga oshiriladi. Talabalarning sunʼiy intellektga boʻlgan qiziqishlarini oshirish maqsadida har bir hududda oliygohlar jamoalari oʻrtasida umummilliy tanlov oʻtkaziladi. Mukofot jamgʻarmasi 1 million dollar boʻlgan “Sunʼiy intellekt sohasidagi eng yaxshi startap” tanlovi oʻtkaziladi.
Sunʼiy intellekt texnologiyalarini davlat boshqaruvi va taʼlim sohalariga joriy etish — Oʻzbekistonning innovatsion rivojlanish strategiyasida ustuvor yoʻnalish hisoblanadi. Bu texnologiya faqat texnik vosita emas, balki inson kapitaliga sarmoya, yangi fikrlash madaniyati va raqobatbardosh kelajak sari qadamdir. Zero, kelgusida sunʼiy intellekt inson tafakkurini toʻldiruvchi, muhim qarorlar qabul qilishda yordam beruvchi va milliy taraqqiyotni tezlashtiruvchi asosiy vositaga aylanishi shubhasiz.
Nozima OʻKTAMOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Davlat boshqaruvi kafedrasi katta oʻqituvchisi, PhD.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring