“Sulhgacha sulh kerak” – Rossiya va AQSH Ukraina boʻyicha navbatdagi muzokarada nimaga kelishdi?

Rossiya va AQSH delegatsiyalari Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida Ukrainadagi kelishuv boʻyicha muzokaralar oʻtkazdi. Uning asosiy mavzusi Qora dengizda kemalar xavfsizligini taʼminlash boʻlgan. Oʻt ochishni toʻxtatish va infratuzilmani himoya qilish masalalari ham muhokama qilingan muloqot jami 12 soat davom etdi. Bu vaqt ichida tomonlar uch marta tanaffusga chiqishgan. Delegatsiyalarning yakuniy bayonoti 25-mart kuni eʼlon qilinishi kutilmoqda.
Muzokaralarning bu bosqichida Rossiya delegatsiyasiga Federatsiya Kengashining xalqaro ishlar boʻyicha qoʻmitasi raisi Grigoriy Karasin va Federal xavfsizlik xizmati direktori maslahatchisi Sergey Beseda boshchilik qildi.
Uchrashuvda AQSH tomonidan Davlat departamentining siyosatni rejalashtirish boʻyicha direktori Maykl Anton, shuningdek, Ukraina boʻyicha maxsus elchining yordamchilari Keyt Kellog va milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi Mayk Uolts qatnashdi.
Grigoriy Karasin delegatsiyalar “muhim masalalarni qiziqarli muhokama qilganini” taʼkidladi va muzokaralar “ijodkorlik bilan davom etayotganini” qoʻshimcha qildi.
“Muzokaralar haqiqatan ham yopiq eshiklar ortida oʻtmoqda, demak, muzokaralar boshlangani haqidagi protokol yozuvi ham yoʻq”, – dedi Rossiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova.
Shunga qaramay, Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov muhokamaning asosiy mavzusini ochib berdi.
“Biz bugun kun tartibida “Qora dengiz tashabbusi” va ushbu tashabbusni yangilash bilan bogʻliq barcha mavzular borligidan kelib chiqamiz, bu Prezident Trampning taklifi boʻlgan va Prezident Putin bunga rozilik bergan. Aynan shu mandat bilan delegatsiyamiz Ar-Riyodga yoʻl oldi”, – deydi Kreml vakili.
Oʻz navbatida, AQSH ham Qora dengizda yuk tashish xavfsizligini muhokama qilish rejalarini tasdiqladi.
“Oʻylaymanki, siz... haqiqiy taraqqiyotni koʻrasiz, xususan, Qora dengizdagi kemalarda oʻt ochishni toʻxtatgan davlatlar nuqtayi nazaridan”, – deydi AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bir kun avval “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida. Uning qoʻshimcha qilishicha, bu masala boʻyicha kelishuvga erishilgandan soʻng, toʻliq oʻt ochishni toʻxtatishga “tabiiy ravishda oʻtish” mumkin boʻladi.
Sulh qachon tuziladi?
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Ar-Riyoddagi muzokaralarda muvaffaqiyat kutmaslikdan ogohlantirdi, biroq AQSH Rossiya – AQSH muloqotiga optimistik munosabatda.
AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida “AQSH Rossiya bilan uch yildan buyon muloqot qilmayapti. Ikki yadroviy davlat oʻrtasidagi axborot almashinuvi nolga teng edi. AQSH uchun Rossiya kabi davlat bilan gaplashmaslik mantiqqa toʻgʻri kelmaydi” dedi.
Uning qoʻshimcha qilishicha, oʻt ochishni toʻxtatishga erishilgandan keyingina tinchlikka erishish mumkin boʻladi.
“Bizni [tinchlik sari] olib boradigan yagona narsa bu boʻlib oʻtayotgan muzokaralar, hozir Saudiya Arabistonida boʻlayotgan texnik muhokamalar, prezidentlar oʻrtasidagi, diplomatik suhbatlardir. Biz ertangi kun haqida gaplashganda faqat shu haqda oʻylaymiz”, deydi Bryus.
Uning soʻzlariga koʻra, ayni damda AQSH va Rossiya vakillari savdo faoliyatini tiklash maqsadida Qora dengizda moratoriy joriy etish masalasini muhokama qilmoqda.
“Ukraina mojarosining hududiy va boshqa masalalari muhokama qilinyaptimi?”, degan savolga Bryus tomonlar oʻrtasidagi kelishmovchiliklar sulh oʻrnatilgandan keyin muhokama qilinishini aytdi.
“Toʻliq otashkesim mavjud boʻlganda, biz kelishmovchiliklar va barqaror tinchlikka erishish uchun nima boʻlishini muhokama qilishimiz mumkin”, deydi u.
Bryusning taʼkidlashicha, hozirgi maʼmuriyatning yondashuvi AQSHning avvalgi rahbariyatidan farq qilgani uchun koʻp muhokama va munozaralar davom etmoqda.
“Biz qilmoqchi boʻlgan ishimizning mohiyati, oldimizda turgan narsa – mintaqada tinchlik oʻrnatish boʻyicha muzokaralar. Prezident va Davlat kotibi aynan shu narsaga eʼtibor qaratmoqda”, – deydi u.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning taʼkidlashicha, baʼzi “boshqa” davlatlar Ukrainada tinchlikka toʻsqinlik qilmoqda, ammo shunga qaramay, Donald Tramp uni yaqinlashtirishga muvaffaq boʻldi.
“Tramp har ikki tomonni muzokaralar stoliga tortgan prezidentdir. Aytganimizdek, Saudiya Arabistonidagi jamoalarimiz natijaga erishish umidida ruslar va ukrainaliklar bilan uchrashishmoqda. Siz, janob prezident, buni boshqa mamlakatlarning toʻsiqlariga qaramay qildingiz”, deydi Rubio.
Uchrashuv tugashi bilan bir vaqtda AQSH prezidenti bayonot berib, Vashington Ar-Riyoddagi uchrashuvni Ukraina hududini boʻlish masalalari va kelajakdagi tinchlik shartlari muhokama qilinadigan muzokaralarga tayyorgarlik deb bilishini aniq aytdi.
Trampning soʻzlariga koʻra, AQSH mojaroga barham berish kontekstida Kiyev bilan demarkatsiya chiziqlarini muhokama qilmoqda.
“Endi biz hudud haqida gapiryapmiz. Biz chegara chiziqlari haqida gapiramiz, biz energiya, elektr stansiyalariga egalik haqida gapiramiz.
Ayrimlar elektr stansiyasi (ehtimol, Zaporijye AESni nazarda tutgan boʻlsa kerak – tahr) AQSHga tegishli boʻlishi kerak, demoqda... chunki bizda tajriba bor”, – deya uning soʻzlarini keltiradi “Reuters”.
Bungacha Ar-Riyodda Ukraina va AQSH delegatsiyalari energetika inshootlari va muhim infratuzilmani himoya qilish boʻyicha takliflarni muhokama qilgan edi.
Zelenskiy qanday munosabatda?
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ar-Riyoddagi Rossiya va AQSH oʻrtasidagi muzokaralar haqida fikr bildirdi. Bu haqda u oʻzining Telegram kanalida eʼlon qilingan videomurojaatida aytib oʻtdi.
U oʻz nutqida Moskva vakillarini “urush jamoasi” deb atadi, biroq Vashingtonni Rossiya bilan muzokaralar uchun qoralamadi.
“Kecha AQSH jamoasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bugun AQSH vakillari urush jamoasi bilan – Rossiya vakillari bilan suhbatlashdi. Shundan soʻng Ukraina va Amerika jamoalari oʻrtasida yana bir uchrashuv boʻlib oʻtadi”, – dedi u.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Andijon viloyati hokimi 15 yoshli qizni zoʻrlagani toʻgʻrisidagi xabarlarga izoh berildi
- Surxondaryodagi bozorda begona ayol 3 yoshli qizchani pichoqladi
- CEFR imtihonining oʻtkazilish sanalari maʼlum boʻldi
- Istanbul aeroportida tanasiga 6 kg oltin yashirgan oʻzbekistonlik ayollar ushlandi
- Yoʻl harakati qoidabuzarliklarning jarima ballari qachondan kuchga kiradi?
- 9 yoshli qizchaning oʻlimiga sababchi boʻlgan haydovchi 4 yilga qamaldi (+video)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring