Sugʻurtaga odamlar ishonchi nega yuqori emas?

21:38 09 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
327 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasining videokonferensiya tarzida oʻtkazilgan yigʻilishida Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan yangi tahrirdagi “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Ushbu qonun loyihasi sugʻurta faoliyatini tartibga solish, sohaga ilgʻor xalqaro tajribalarni joriy qilish hamda isteʼmolchilar huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida ishlab chiqilgan. Shuningdek, sugʻurta turlarini koʻpaytirish, barqarorligi taʼminlash bilan mutanosib ravishda aholining sugʻurta madaniyatni oshirishni ham nazarda tutadi.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, davlat sugʻurta kompaniyalarining ustav kapitali va aktivlari xususiyga qaraganda bir necha barobar yuqori. Chunki davlat sugʻurta tashkilotlariga boʻlgan ishonch hamon yuqoriligicha qolmoqda. Misol uchun, oʻtgan yili berilgan mukofot hajmi yigʻib olingan sugʻurtaning 29,7 foizini tashkil qilgan. Xususiy sugʻurta tashkilotlarniki esa anchayin past. Umuman, oʻtgan olti yil davomida toʻlangan jami sugʻurta qoplamalari jami tushimning atigi 15,5 foizni tashkil qilgan. Bu koʻrsatkich Rossiyada 53,7 foiz, AQSH, Yaponiya va Yevropa mamlakatlarida esa 70-90 foizni tashkil etadi.

Mutaxassislarning eʼtirof etishicha, mamlakatimizda sugʻurta toʻlovlarining kamligi uchta asosiy sabab bilan asoslantiriladi. Birinchidan, kompaniyalar oʻrtasida raqobat muhiti yoʻq. Ikkinchidan, tariflar hamon yuqori. Uchinchidan esa, koʻrilgan zararni qoplab bermaslik holati hamon yuqoriligicha qolmoqda. Zararni qoplamaslikning sababi, har bir sugʻurta tashkiloti shartnomani oʻziga moslashtirib tuzib oladi va mijozlarning manfaatlari ikkinchi darajali boʻlib qolgan.

Dunyoning barcha davlatlarida sugʻurta faoliyati davlat tomonidan qattiq nazorat qilinadi. Yaʼni, sugʻurta faoliyati nazorati qonuniylik, oshkoralik, tashkiliy birlik tamoyillari asosida olib boriladi. Shuningdek, sugʻurtaning aholiga foydasi va bu faoliyat bilan shugʻullanayotgan kompaniyalar iqtisodiyotni harakatlantiruvchi muhim kuchlardan biri ekani inobatga olinib, davlat sugʻurta biznesi rivojini ragʻbatlantirishni oʻz zimmasiga olgan.

Mamlakatimizda sugʻurta faoliyati tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, qonunchilik bilan tartibga solinadigan meʼyoriy baza, uning uslubiy vositalari bugungi kunda sugʻurta bozoridagi sifat oʻzgarishi talablaridan ortda qolmoqda. Sugʻurta jamiyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga bozor iqtisodi shakllangan mamlakatlarida kuzatiladigan darajada taʼsir koʻrsatmayapti. Buning sababi, respublikamizda sugʻurta faoliyati rivojiga toʻsiq boʻluvchi omillar taʼsiri hamon yuqori hamda bu sohada nazorat funksiyasi takomillashmagan, yaʼni uslubiy vazifalarni bajaruvchi nazorat shakllanmagan.

Sugʻurta xizmatlarining maʼlum segmentiga bogʻlanib qolgani, hayotni sugʻurta qilish va aholining keng qatlamlarini qamrab oluvchi yoʻnalishlarning rivojlanmagani, menejmentning pastligi, raqobatning yoʻqligi ham sugʻurta bozori rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Shuningdek, aholining sugʻurta xizmatlari boʻlgan ishonchi juda past, sugʻurta madaniyati shakllanmagan.

Ekspertlarning baholashicha, mamlakatimizda bugungi kunda ehtimoliy sugʻurta obyektlarining atigi 1 foizdan kami sugʻurta qilinadi, xolos. Rivojlangan davlatlarda esa bu koʻrsatkich 90-95 foizni tashkil qiladi. Bundan tashqari, sugʻurtalovchilar taklif qilayotgan xizmatlar turi 50 xil atrofida va bu xorijnikidan bir necha barobarga kam. Bundan koʻrinib turibdiki, mamlakat iqtisodiyotida sugʻurta bozori salmoqli oʻrinni egallamayapti. Sanoati rivojlangan davlatlarda sugʻurtaning Yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 8-10 foizni tashkil qiladi. Rossiyada bu koʻrsatkich 3 foiz boʻlsa, Oʻzbekistonda 0,4 foizdan ham oshmaydi.

Davra suhbati yakunida tadbir ishtirokchilari tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar inobatga olinib, qonun loyihasini xalq vakillari tomonidan konseptual jihatdan koʻrib chiqish uchun keyingi yalpi majlisga kiritish maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi.

Jahongir ABDURASULOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?