Sugʻurta polislarini roʻyxatga oluvchi va ularning aylanmasini nazorat qiluvchi yagona axborot tizimi joriy etiladi

16:16 06 Dekabr 2022 Jamiyat
385 0

Hukumat qarori (694-son, 05.12.2022-y.) bilan Elektron turdagi sugʻurta xizmatlarini koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.

Nizomga koʻra:

— sugʻurtaning barcha turlari (klasslari) elektron shaklda sotiladi va rasmiylashtiriladi hamda ularning haqiqiyligini tekshirish sugʻurta qildiruvchi va sugʻurtalovchi oʻrtasida maʼlumotlar almashinuvi yoʻli bilan sugʻurta tashkilotining axborot tizimida va internet resursida amalga oshiriladi;

— sugʻurta shartnomasini tuzish uchun sugʻurta tashkilotining axborot tizimi orqali ariza beriladi va tegishli maʼlumotlar avtomatik tarzda toʻldiriladi;

— sugʻurta polislari roʻyxatga olinib, ularning aylanmasi boʻyicha monitoring olib boriladi.

Sugʻurta shartnomasi Yagona axborot tizimida roʻyxatga olish va sugʻurta polisiga noyob raqam berish orqali tuziladi.

2022-yil 31-dekabrgacha barcha sugʻurta polislarini roʻyxatga oluvchi va ularning aylanmasini nazorat qiluvchi yagona axborot tizimi joriy etiladi hamda barcha sugʻurta kompaniyalarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi.

2023-yil 1-martgacha ichki ishlar organi xodimlarining ishtirokisiz rasmiylashtiriladigan yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnoma onlayn tarzda yuborilishini hamda koʻrib chiqilishini amalga oshirish boʻyicha yagona mobil ilova ishga tushiriladi.

2023-yil 1-iyulgacha yagona mobil ilova orqali boshqa majburiy va ixtiyoriy sugʻurta turlari boʻyicha sugʻurta daʼvolariga oid arizalar onlayn tarzda yuborilishi hamda koʻrib chiqilishi amaliyotga joriy etiladi.

Shuningdek, 2023-yil 1-iyulgacha “Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurtalash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?