Sugʻurta bozorida teng raqobat muhiti yaratilishi va isteʼmolchilar huquqlari taʼminlanishi kerak — qoʻmita muhokamasi

18:25 15 Dekabr 2023 Siyosat
310 0

Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi majlisida “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunning sugʻurta bozorida raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qismining ijrosini oʻrganish natijalari muhokama qilindi.

“Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq 2023-yil 9 oyida faoliyat yuritib kelayotgan jami 42 ta sugʻurta tashkiloti tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga 150 dan ortiq sugʻurta xizmatlarini koʻrsatilib, isteʼmolchilarga umumiy sugʻurta sohasidagi sugʻurta tashkilotlari tomonidan 1 026,3 mlrd. soʻm (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 47,3 foizga koʻp), hayotni sugʻurta qilish sohasidagi sugʻurta tashkilotlari tomonidan 349,3 mlrd soʻm sugʻurta toʻlovlari toʻlab berilgan.

Shuningdek, sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish borasida 2023-yil 9-oy yakunlari boʻyicha vakolatli davlat organiga kelib tushgan jami 2 053 ta murojaatdan 1 229 tasi ijobiy hal etilib, 13,9 mlrd soʻm sugʻurta qoplamasi toʻlab berilgan.

“Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq “OʻZBEKINVEST eksport-import sugʻurta kompaniyasi” AJning Oʻzbekistonda harbiy xizmatchilarni davlat majburiy shaxsiy sugʻurta qilish boʻyicha eksklyuziv huquqi bekor qilingan. Natijada barcha sugʻurta tashkilotlari uchun harbiy xizmatchilarni davlat majburiy shaxsiy sugʻurta qilish yoʻnalishida erkin raqobat qilish imkoniyati yaratilgan.

Sugʻurta sohasiga mahalliy hamda xorijiy investorlarni faol jalb etish hamda tadbirkorlik subyektlariga qulay biznes muhitini yaratish maqsadida sugʻurta faoliyatini litsenziyalash davlat xizmati 2022-yil 1-iyundan boshlab elektron shaklda “Litsenziya” avtomatlashtirilgan tizim (license.gov.uz) orqali koʻrsatila boshlangan.

Shuningdek, majlisda sugʻurta sohasida qator tizimli muammolarning mavjudligi ushbu sohada erkin raqobat muhitini taʼminlashga salbiy taʼsir etayotganligiga ham toʻxtalib oʻtildi.

Xususan, aholi jon boshiga sugʻurta mukofotlarining miqdori jahon boʻyicha 2020-yilda 792 AQSH dollarini tashkil etgan boʻlsa, Oʻzbekistonda bu koʻrsatkich 2022-yil yakuni bilan 173 ming soʻmga yoki 15,5 AQSH dollariga teng ekanligi qayd etildi va bu borada tegishli choralarni belgilash lozimligi koʻrsatib oʻtildi.

Shuningdek, sugʻurta sohasida qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilishda avtomatlashtirilgan tizimlardan foydalanilmasligi oqibatida sugʻurta xizmatlari qamrovi past darajasi saqlanib qolayotganligiga eʼtibor qaratildi.

Shu bilan birga, sugʻurta bozorida sugʻurta toʻlovlarini asossiz rad etish yoki oʻz vaqtida toʻlamaslik holatlari aholining sugʻurta xizmatlariga boʻlgan ishonchi pasayishiga hamda raqobat muhitining yuzaga kelmasligiga sabab boʻlayotgani qayd etildi.

Sugʻurta bozorida samaradorligi jahon hamjamiyati tomonidan keng tan olingan yoʻnalishlardan biri boʻlgan aholi koʻchmas mulklarini texnogen va tabiiy ofatlardan, shuningdek, qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklari sugʻurtasi joriy qilinmaganligi tanqid qilindi.

Bundan tashqari, sugʻurta bozoridagi ayrim sugʻurta tashkilotlarining “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga zid boʻlgan ustun mavqega ega holatlari ham mavjudligiga alohida toʻxtalib, bozor ishtirokchilari uchun teng raqobat muhitini yaratishga qaratilgan choralarni koʻrish zarurati majlisda koʻrsatib oʻtildi.

Majlis yakunida muhokama qilingan masala yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori hamda sohani rivojlantirish va mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan “Yoʻl xaritasi” qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер