Sudyalik lavozimi uchun nega yosh muhim?

19:51 20 Sentyabr 2022 Jamiyat
429 0

Hazrat Alisher Navoiyda shunday satrlari bor: “Inson hayoti bilan bogʻliq oʻta muhim masalalardan biri bu — adolat, xalq hayotiga eʼtibor, davlatchilik siyosati, xalq boshqaruvining barchasi adolat zaminida bunyod etiladi”. Shuningdek, Zahiriddin Muhammad Bobur hazratlari shunday deyganlar: “Har kimki vafo qilsa, vafo topgʻusidir! Har kimki jafo qilsa, jafo topgʻusidir! Yaxshi kishi koʻrmagay yomonlik hargiz, Har kimki yomon boʻlsa (notoʻgʻri ish qilsa) jazo topgʻusidir”.

Bu soʻzlar albatta biz sudyalarga ham taalluqlidir!

Sudya uchun qonun, huquq va yurisprudensiyani yaxshi bilish kifoya qilmaydi. U qonunshunoslikdan tashqari, oʻzining va murojaat qiluvchi yoki sud jarayonida ishtirok etuvchilarning hayotiy va ijtimoiy tajribalari tafovuti bilan bogʻliq nozik jihatlarni ilgʻay oladigan boʻlishi lozim. Bundan tashqari, sudya odamlar bilan muloqot qilish boʻyicha mutaxassis boʻlishi, muloqot koʻnikmasini yaxshi oʻzlashtirishi darkor. Ushbu hislatlarni egallash uchun esa toʻxtovsiz izlanish hamda vaqt talab qilinadi. Shu bilan birga nazariy bilimlar, kasbiy etika, psixologiya, ishchanlik muloqoti yoinki vaqtni boshqarish koʻnikmalari, muzokaralar olib borish taktikasi, axborot bilan ishlash, huquq normalariga sharh berish va qoʻllash kabi professional harakatlarga yillar davomidagi tajriba orqali erishiladi.

Bugungi kunda sudyalik lavozimiga tayinlanadigan nomzodlar uchun eng kichik yosh 35 yosh etib belgilanganligi bejiz emas. Bu qarorga bejizga kelinmagan, albatta. Tahlillar koʻrsatdiki, 35 yoshga toʻlmagan sudyalar tomonidan hukm qilingan qarorlarning bir qanchasi yuqori bosqich sudlari tomonidan bekor qilingan. Aniqlanishicha, bekor qilingan qarorlardan aksariyatining qabul qilinishiga sudyalar tomonidan protsessual huquq normalari notoʻgʻri qoʻllanilishi oqibatida yoʻl qoʻyilgan. Sodda qilib aytganda, bunda yosh va tajribasizlik oʻz soʻzini aytgan.

Dunyo tajribasiga qaraydigan boʻlsak, bu holat koʻplab rivojlangan davlatlarning qonunchilik amaliyotida qoʻllaniladi, ayrimlarida yosh majburiy etib belgilangan boʻlsa, baʼzilarida sudya boʻlish uchun barcha bosqichlardan oʻtib kelgan nomzod 40 yoshdan oʻtib, pishib, hayotiy koʻnikmalarga ega boʻlib qoladi.

AQSH va Fransiyada sudyalar uchun aniq yosh chegarasi belgilanmagan. Biroq, mutaxassislik boʻyicha zarur mehnat amaliyotining yuqoriligi va boshqa talablardan kelib chiqib, ushbu lavozimga AQSHda 40-45 yoshdan, Fransiyada 40 yoshdan soʻnggina amalda tayinlanish mumkin.

Buyuk Britaniyada esa mustaqil advokat lavozimida 10 yildan 20 yilgacha ishlagan shaxslargina sudya maqomiga ega boʻlishi mumkinligidan kelib chiqib, yosh chegarasi oʻrtacha 35-45 yoshni tashkil etadi.

Xulosa sifatida aytsak, yurtimizda bugungi kunda sud-huquq sohasida qilinayotgan ishlarning barchasi xalqimiz farovonligini taʼminlash, degan ezgu niyat bulogʻi bilan sugʻorilganligi nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi.

Salohitdin TURSUNOV,

Buxoro viloyat maʼmuriy sudining raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?