Sudyalarning mustaqilligiga daxl qiluvchi omillar. Bular nimalar?

15:54 09 Aprel 2021 Jamiyat
449 0

Mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sud tizimini izchil demokratlashtirish, sud hokimiyatining mustaqilligi toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy normalarga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash hisoblanadi. Oʻtgan yillar davomida sud hokimiyatini mustaqil tarmoq sifatida tashkil etish, uni oʻtmishdagi jazolash organidan inson huquq va erkinliklarini muhofaza qiluvchi hamda ishonchli himoya qiluvchi davlatning chinakam mustaqil institutiga aylantirish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Sudlarning mustaqil, erkin faoliyat olib borishini taʼminlash borasida qoʻyilgan dastlabki qadamlar oʻz natijasini berayotganini oqlangan shaxslar misolida ham koʻrish mumkin. Maʼlumki, 2016-yilgacha sudlarda oqlov hukmi chiqarish amaliyoti deyarli boʻlmagan. Keyingi uch yilda esa 1 705 nafar inson sud hukmi bilan oqlandi.

Sud hokimiyatining mustaqilligi toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy normalarga va odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlash oldimizga qoʻygan maqsadlarga erishishning muhim kafolatidir.

Maʼlumki, mamlakatimizda oxirgi yillarda xalqaro reyting va indeksdagi oʻrnini oshirish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Soʻnggi uch yil davomida Oʻzbekiston nufuzli xalqaro reyting va indekslarning qonunchilik va sud-huquq tizimlari samaradorligi boʻyicha tuziladigan indikatorlarda barqaror oʻsish kuzatilmoqda.

Jumladan, 2017-yildan bugungi kunga qadar Jahon bankining davlat rivojini aks ettiruvchi Boshqaruv sifati indikatorlarining Huquq ustuvorligi indeksida 6 ballga, Korrupsiyani tiyib turish indeksi boʻyicha 11 ballga yaxshilangan. Mazkur yutuqlar bilan Oʻzbekiston yirik ijobiy transformatsiya jarayoni boʻyicha dunyoning eng tez yaxshilanishi surʼati boʻyicha 10 ta davlat qatoriga kirdi.

Biroq, sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlar ularning natijadorligi jihatidan ayrim muammolardan xoli emas. Xususan, 2017 — 2020-yillarda “Jahon odil sudlov loyihasi” xalqaro nohukumat tashkiloti eʼlon qilib kelayotgan Qonun ustuvorligi indeksining 44 ta indikatoridan 33 tasida Oʻzbekiston Respublikasi oʻrni sezilarli darajada yaxshilangan boʻlganiga qaramasdan, mazkur indeksning 11 ta indikatori boʻyicha holat oʻzgarmagan.

Xususan, hukumat vakolatlarining sud tomonidan samarali ravishda cheklanganligi, qonunlar va hukumat maʼlumotlarining ochiqligi, fuqarolik odil sudlovining korrupsiyadan xoliligi, jinoyat qidiruv tizimining samaradorligi, jinoyat sudi tizimining hukumat nooʻrin taʼsiridan xoliligi kabi indikatorlarda Oʻzbekiston oʻrni turgʻunligicha qolmoqda.

Bu esa mamlakatimizda sudlarning mustaqilligi toʻliq taʼminlanmaganligi va sudga taʼsirlar hanuzgacha mavjudligidan dalolat beradi.

Sud hokimiyatining mustaqilligi mamlakat Konstitutsiyasi, qonunlari va siyosati tomonidan kafolatlanishi kerak va amalda ijroiya hokimiyati, uning idoralari va vakillari tomonidan, shuningdek hokimiyatning qonunchilik tarmogʻi tomonidan bajarilishi zarur. Sud hokimiyati sud maʼmuriyatining ichki tuzilishi nuqtayi nazaridan mustaqil boʻlishi kerak.

“Sudlarning mustaqilligi” atamasi ikki xil mazmunga ega:

- institutsional mustaqillik;

- shaxsiy mustaqillik;

Ularning har ikkisi shuni taqozo etadiki, sud hokimiyati, sudyalar, ularning tarkibiy qismlari boshqa biron ommaviy hokimiyatga boʻysunmasligi kerak.

Institutsional mustaqillik shuni anglatadiki, sudyalar sud hokimiyatning har qanday boshqa tarmogʻidan mustaqil, yaʼni ular hech qanday boshqa davlat organlariga, jumladan, qonun chiqaruvchi va ijroiya hokimiyatiga boʻysunmaydi va ular oldida javob bermaydi. Barcha boshqa davlat muassasalari sud hokimiyati qarorlarini hurmat qilishi va ularga rioya qilishi kerak.

Sud hokimiyatining individual mustaqilligi sudyalarning boshqa davlat va nodavlat tuzilmalar hamda ularning mansabdor shaxslaridan, oddiy fuqarolar va hattoki, bir sud doirasidagi sudyalar yoki yuqori instansiya sudyalaridan mustaqilligini anglatadi.

Sud hokimiyatining individual mustaqilligi quyidagi belgilar bilan xarakterlanadi: sudyalarning boshqa respublika va mahalliy davlat hokimiyati organlarining mansabdor shaxslaridan mustaqilligi; sudyalarning sud raislaridan mustaqilligi; sudyalarning yuqori turuvchi sud sudyalaridan mustaqilligi; sud hayʼatlarida sudyaning boshqa sudyalardan mustaqilligi; sudyalarning boshqa har qanday fuqarolardan mustaqilligi tushuniladi.

Maʼlumki, sudyalar huquqiy maqomini belgilanishida sudlar mustaqilligi tamoyili katta rol oʻynaydi va dunyo mamlakatlarining deyarli barchasida bu tamoyilning huquqiy asoslari asosiy qonun bilan mustahkamlangan.

Sudlarning mustaqilligini amalda taʼminlash va sudlar faoliyatiga har qanday bevosita yoki bilvosita tashqi taʼsirlar, bosim yoki aralashishlarning oldini olish va sudlarni ijro va qonunchilik hokimiyat organlaridan mustaqil holda faoliyat olib borish imkoniyati yaratilishi zarur.

Sudlarning mustaqilligiga daxl qiluvchi quyidagi omillarni keltirib oʻtishimiz mumkin. Xususan:

- Sud organlarining mustaqilligiga daxl qiluvchi omillar sifatida deputatlar oldida, shuningdek ayni bir vaqtda tegishli hududdagi vakillik va ijroiya hokimiyati rahbari boʻlgan hokimlar oldida axborot berishlari ijro hokimiyat organlariga boʻysunishni keltirib chiqaradi.

Maʼlumki, sudyalikka nomzodlarni tayinlash boʻyicha vakolatli boʻlgan Sudyalar oliy kengashi organi tarkibida ijro hokimiyati organlarning vakillari mavjud boʻlib, bu esa mustaqil sudyani tayinlashda xalqaro standartlarga mos kelmaydi.

Sudyalikka nomzodlarni tayinlashda ijro hokimiyati organlarning vakillarini qatnashmasligini taʼminlash kerak.

Sud hokimiyatining qonun chiqaruvchi hokimiyatdan mustaqil holda ish yuritishi taʼminlanishi zarur.

Sudlar faoliyati ustidan Parlamentning qoʻmitalari tomonidan parlament nazorati oʻrnatilishi yoki huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish maqsadida sudlarda parlament tekshiruvi amalga oshirilishi sud organining alohida mustaqil hokimiyat sifatida faoliyatiga aralashish hisoblanadi.

- Sudyalarning mustaqil faoliyat olib borishlari uchun ichki taʼsirlardan ham himoya qilinishi lozim. Viloyat sudi raislarining sudyani intizomiy javobgarlikka tortishdagi vakolatlarining saqlanib qolayotganligi sudyalarning mustaqilligiga va ularning mustaqil qaror qabul qilishlarida oʻz taʼsirini keltirib chiqarmoqda.

Viloyat sud raisi ayni bir vaqtda sudyalarning malaka hayʼati raisi sifatida sudyani intizomiy javobgarlikka tortish, maʼmuriy javobgarlikka tortishga rozilik berish va sudyalik vakolatini toʻxtatib turish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish va muddatidan ilgari vakolatini tugatish haqida xulosa berish kabi jazolash vakolatlarining mavjudligi esa sudyaning mustaqil holda ishni koʻrishda oʻz taʼsirini keltirib chiqaradi.

Sudyalarga intizomiy ish qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi qarorni Oliy sud raisining oʻzi qabul qilish vakolatining mavjudligi esa ushbu funksiyani kollegial ravishda amalga oshirishning xalqaro standartlarga zid keladi.

Natijada sudya koʻrayotgan ishi boʻyicha yuqori turuvchi sud raisining koʻrsatmalarini bajarishga va ruhiy bosim ostida oʻz fikriga zid ravishda qarorini chiqarishga majbur boʻladi.

- Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal ravishda joriy etish hozirgi zamon talabidir. Hozirda sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish ishlari lozim darajada boʻlmaganligi sababli sudlarda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, fuqarolarga interfaol huquqiy xizmatlar koʻrsatish boʻyicha ishlar talab darajasida emas.

Sudlarda elektron hujjat aylanish tizimini rivojlantirish, fuqarolarning sud bilan bogʻliq ishlarini qulay, ortiqcha sarsongarchiliksiz amalga oshirish va boshqa qator muammolarni tezroq hal etish zarur.

Shu sababli sudlar tomonidan chiqarilgan barcha qarorlarning yakuniy xulosalari sud ishtirokchilarining roziligi bilan (yopiq sud jarayonida koʻrib chiqilganlaridan tashqari) internet tarmogʻida jamoatchilik eʼtiboriga havola etilishi va sud qarorlari elektron tarzda fuqarolarga yetkazilib berilishi, har bir tuman, shahar sudlarida oʻzining veb-saytlarini yaratilishi lozim.

Xalqaro standartlarga koʻra, barcha sudlar ijroiya va qonunchilik hokimiyatidan, yoki sud jarayoni tomonlaridan mustaqil boʻlishi kerak. Bu shuni anglatadiki, sud hokimiyati ham, uni tashkil etuvchi sudyalar ham davlat hokimiyatining boshqa tarmoqlariga yoki sud protsessining tomonlariga qaram boʻla olmaydi.

Sudlarning mustaqilligiga daxl qiluvchi tashqi va ichki taʼsirlarning oldini olish boʻyicha qoʻyidagi takliflar ilgari suriladi:

birinchidan, sud raislarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida axborot berishi oʻrniga, har bir viloyat sudlarida tashkil etiladigan veb-saytlar orqali sud faoliyatiga doir axborotlarni davriy ravishda muntazam eʼlon qilib borish amaliyotini joriy etish;

ikkinchidan, sudlarning mustaqilligini taʼminlash va ularning maqomini oshirish maqsadida “Sudyalar maqomi toʻgʻrisida”gi qonunni ishlab chiqish taklif qilinadi.

uchinchidan, sudyalarning mustaqil ravishda ish koʻrishlarini taʼminlash maqsadida sud raisining sudyalarni jazolash va sudyalarga nisbatan intizomiy ish qoʻzgʻatish boʻyicha Oliy sud raisining vakolatlarini bekor qilish va sudyaga nisbatan intizomiy ish qoʻzgʻatish masalasini koʻrib chiqish uchun Sudyalar oliy kengashiga taqdim etish huquqi berilishi taklif etiladi.

Xulosa oʻrnida shuni aytish kerakki, mamlakatimizda sud-huquq tizimida amalga oshirib kelinayotgan izchil, tizimli va keng koʻlamdagi islohotlardan pirovard maqsad - bu sud hokimiyatining mustaqilligini amalda taʼminlashdir. Jamiyatda sud hokimiyatining mustaqilligi amalda taʼminlanmas ekan, adolatli odil sudlovni amalga oshirishda toʻsiqlar paydo boʻladi va bu sudlarning adolatli qarorlar qabul qilinishiga oʻz taʼsirini oʻtkazadi.

Otabek TOSHEV,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti masʼul xodimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?