Sudyalar uchun maʼnaviyat va maʼrifat tadbirlari oʻtkazildi

18:19 27 Noyabr 2023 Jamiyat
241 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Adolat va maʼnaviyat – oʻzaro chambarchas bogʻliq tushunchalardir. Davlatimiz rahbari sudyalar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlaridan birida maʼnaviyat boʻlmagan joyda hech qachon adolat boʻlmasligi, shuning uchun ham sudyalar, yurist kadrlarni tayyorlash va sudyalik lavozimiga tayinlashda ushbu masalaga alohida eʼtibor qaratish lozimligini alohida taʼkidlagan edi. Namangan viloyati sudi tomonidan oʻtkazilayotgan maʼnaviyat va maʼrifat tadbirlarida Prezidentning ushbu fikrlari oʻz ifodasini topmoqda.

Sudyalar va sud tizimi xodimlari oʻrtasidagi tadbirlarning bu galgisi Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Isʼhoqxon toʻra Ibrat majmuasidan boshlandi. Oʻzbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisi Ubaydulla Mingboyev, sud faxriylari, sudya va xodimlar Ibrat haykali oldida toʻplanib, oʻquvchi-yoshlar tomonidan tayyorlangan chiqishlarni tomosha qildilar. Isʼhoqxon toʻra Ibrat nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda boʻlib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.

Shundan soʻng ishtirokchilar guruhlarga boʻlingan holda bir vaqtning oʻzida uchta yoʻnalish boʻyicha tadbirlarda ishtirok etdilar. Jumladan, Oʻzbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisi Ubaydulla Mingboyev, sud faxriylari, sudyalar va yoshlar vakillari ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” oʻtkazildi. Unda sud faxriylari bosib oʻtgan hayot yoʻllari, boy tajribalari haqida yoshlarga soʻzlab berdilar. Faoliyatlari davomida roʻy bergan esda qolarli va ibratli voqealarni yodga oldilar.

Ikkinchi yoʻnalish boʻyicha maʼrifatparvar inson Ibrat hayoti va ijodiga bagʻishlangan maʼnaviyat darsida ibratshunos olim Tohirjon Qozoqov, sud xodimlari va oʻquvchi-yoshlarga allomaning hayot yoʻli, yozgan asarlari, tilshunoslik, matbaachilikda erishgan yutuqlari haqida soʻzlab berdi. Maʼnaviyat va maʼrifat tadbirlarining uchinchi yoʻnalishi Isʼhoqxon toʻra Ibrat nomidagi chet tillari institutida boʻlib oʻtdi. Unda Namangan viloyati sudining sudyalari oliygoh talabalariga yangilangan Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati, undagi oʻzgartirishlar boʻyicha Konstitutsiya darsini oʻtib berdilar. “Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosidir”, degan gʻoya asosida tashkil etilgan darslarda Bosh Qomusimizga kiritilgan sud-huquq yoʻnalishidagi yangiliklar haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Tadbirda ishtirok etgan har bir talabaga Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi kitobi tarqatilib, ularning asosiy Qonunimizda belgilagan huquq va burchlari tushuntirildi.

— Namangan turizmida alohida oʻrin tutgan Axsikent yodgorligiga sayohat hamkasblarimizda katta taassurot qoldirdi, – deydi viloyat sudi masʼul xodimi Bahodir Moʻminov. — Bu yerda ochiq osmon ostidagi muzeyni ishtiyoq bilan tomosha qildik. Qadimiy shahardan chiqqan osori-atiqalar, meʼmorchilik anʼanalarining qoldiqlari ajdodlarimiz zukkoligi, hunarmandchilik mahorati haqidagi tasavvurlarimizni boyitdi.

                                                                    Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?