Sudyalar mustaqilligi va daxlsizligi yanada mustahkamlanadi

11:59 04 Oktyabr 2022 Jamiyat
426 0

Konstitutsiyamizda oliy qadriyat sifatida belgilab qoʻyilgan inson huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligiga erishish naqadar muhim ahamiyatga egaligini hech kim inkor etolmaydi. Boisi, sud tizimi mustaqil emas ekan, jamiyatimizda rivojlanish boʻlmasligi kundek ravshanlashmoqda.

Chunki sud idorasiga ishi tushgan har bir shaxs ushbu dargohda qonun va adolat ustuvor ekaniga ishonch hosil qilishi kerak. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, yangi Oʻzbekistonda har qanday bahsli masalaga adolatli yechim faqat odil sud tomonidan topilishi kerak.

Mamlakatimizda sud tizimini tubdan isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlardan koʻzlangan pirovard maqsad ham sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash, sudyalik kasbiga tayyorlash va tayinlash tizimini takomillashtirishdir.

Shu maʼnoda, yagona sud amaliyotini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi birlashtirildi. Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashda noqonuniy aralashuvlarning oldini olish, ochiq, oshkora va muqobil tanlov tizimini yaratish uchun Sudyalar oliy kengashi taʼsis etildi.

Sudya lavozimiga muddatsiz tayinlash amaliyoti joriy qilinib, fuqarolarning haq-huquqlari davlat idoralari tomonidan buzilgan taqdirda, ularning sud orqali samarali himoya qilinishini taʼminlash maqsadida maʼmuriy sudlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari takomillashtirilgan holda, yuqori sud instansiyasi tomonidan yakuniy qaror chiqarish kafolatlari mustahkamlandi.

Umuman, oʻtgan besh-olti yilda sud-huquq sohasida erishilgan yutuqlar, oʻzgarishlar haqida koʻp gapirish mumkin. Lekin bugun zamonning oʻzi sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash uchun birinchi navbatda, sudyalarni odil sudlovga taʼsir oʻtkazadigan omillardan himoya qilish, tergov va sud ishiga aralashish holatlariga barham berish, sud qarorlari ijrosini soʻzsiz taʼminlash kerakligini taqozo etmoqda. Sababi sud biron-bir davlat idorasi yoki mansabdor shaxsning qoʻli yetadigan idoraga aylanib qolishiga yoʻl qoʻymaslik lozim.

Chunki dastlabki tergovda davom etib kelayotgan qonun buzilish holatlarini, davlat idoralari, mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolarning huquq va erkinliklariga daxl qiladigan harakatlar sodir etish yoki qarorlar qabul qilishini faqat sudlarning haqiqiy mustaqilligiga erishish orqali bartaraf etish mumkin.

Buning uchun yuksak malakali sud xodimlari korpusini shakllantirish, sudyalar har qanday holatda ham adolatni qaror toptirishga qodir boʻlishi, shuningdek, sud qabul qilgan qarorlar ijrosi soʻzsiz taʼminlanishiga erishish zarur. Shundagina odamlarda har qanday holatda ham adolat qaror topishiga boʻlgan ishonch ortib boradi.

Agar buning aksi boʻladigan boʻlsa, fuqarolarning sudga boʻlgan ishonchi yoʻqoladi. Bu, oʻz navbatida, adolat qaror topmaydi, degan tushunchaning shakllanishiga sabab boʻlib, amalga oshirilayotgan islohotlar samarali yakun topmasligiga olib keladi. Shu jihatdan, konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida Asosiy qonunimizga kiritilayotgan oʻzgartishlar bilan odil sudlov tizimining mustaqilligi yanada mustahkamlanishi koʻzda tutilmoqda. Xususan, Konstitutsiyaning 112-moddasiga “Davlat sudyaning va uning oila aʼzolarining xavfsizligini taʼminlaydi”, degan yangi qism qoʻshilishi koʻrib chiqilmoqda.

Ushbu yangi normaning ahamiyati nimada? Mazkur normaga nega zarurat tugʻildi?

Oʻzbekistonda fuqarolar huquqini shaxslar emas, qonun, odil sud himoya qila olishiga toʻliq erisha olsak, har qanday bahsli masalaga adolatli yechim faqat odil sud tomonidan topilishi taʼminlansa sud tizimini xalqchil va xalqparvar, deb atash mumkin boʻladi. Aniqroq aytganda, chinakam mustaqil va qonun ustuvorligiga asoslangan sud tizimi boshqa barcha sohalar, xususan taʼlimda ham, sogʻliqni saqlashda ham, biznesda ham tub oʻzgarishlar amalga oshadi. Bu uchun esa, oʻz oʻrnida sudyalarning chinakam mustaqilligi va daxlsizligini taʼminlash zaruriy talab hisoblanadi. Chunki sudya va uning oila aʼzolari xavfsizligini taʼminlamasdan turib ularning chinakam mustaqilligiga erisha olmaymiz.

Shubhasiz, Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur oʻzgarish bilan sudyalar mustaqilligi va odil sudlov tizimining konstitutsiyaviy asoslari yanada mustahkamlanadi.

Binobarin, qonun loyihasi bilan sudyalar mustaqilligi va daxlsizligini taʼminlashning muhim shartlaridan biri– sudya va uning oila aʼzolari xavfsizligini taʼminlash davlat majburiyati sifatida konstitutsiya darajasida mustahkamlanmoqda.

Mazkur konstitutsiyaviy kafolat asosida sudyalar ishiga har qanday aralashuv, tazyiq keskin jazolanishi, ularning xavotirsiz va dadil ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi taʼminlanadi. Zero, qachonki sudya oʻzi va yaqinlarining daxlsizligi, xavfsizligiga ishonchi komil boʻlsagina, mustaqil va adolatli ravishda faoliyat yurita oladi.

Bir soʻz bilan aytganda, bularning barchasi inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini takomillashtirishga, xalqimizning davlat hokimiyatiga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamlashga, sudyalar mustaqilligini va pirovardida, samarali odil sudlovni yanada ishonchli taʼminlashga xizmat qiladi.

Sherzod TOʻXTASHEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер