Sudyalar klubining forumi oʻtkazildi

14:39 16 Dekabr 2022 Jamiyat
326 0

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar klubining fuqarolik ishlari boʻyicha sudyalari onlayn forumi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining oʻrinbosari Xalilillo Toʻraxoʻjayev boshqargan tadbirda mamlakatimizdagi barcha fuqarolik sudi sudyalari masofadan turib ishtirok etdi.

Maʼlumki, moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllash boʻyicha tavsiyaviy xarakterga ega boʻlgan maslahatlar hamda sudyalarning odob-axloq qoidalarini muayyan vaziyatlarda qoʻllash yuzasidan soʻrovlarga tushuntirish berish vakolatiga ega Oʻzbekiston Sudyalar klubi jamoatchilik asosida faoliyat yuritib kelmoqda.

Klub tashkil etilganiga hali ikki yil toʻlgani yoʻq. Oʻtgan qisqa vaqt davomida uning faoliyati shakllanib, tizimda oʻz oʻrnini topib ulgurdi. Sudyalar klubining asosiy ishlash platformasi uning onlayn forumi boʻlib, bu barcha sudyalarga oʻzaro muloqot qilish imkonini beradi.

Qayd etildiki, bugun fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda 398 nafar sudya faoliyat yuritib kelmoqda. Mazkur yoʻnalish sudyalari tomonidan yil davomida klubning elektron platformasida sud amaliyotida uchrayotgan muammolar, ularning hamda kazuslar boʻyicha 2308 ta mavzu muhokamasi boʻyicha 44836 ta fikr-mulohaza bildirilgan.

Ayni raqamlar hisobot uchun aytilgani yoʻq. Aksincha, raqamlar muhokama etiladigan mavzu koʻpligini koʻrsatishi barobarida sudyalarning faolligi hamda klubga zaruriyat qanchalar katta ekanini yana bir bor namoyon etadi – gap shunda.

Muhokamalarda asosan mehnat, oila, mulk va uy-joy, shuningdek, aliment, yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararlarni undirishga oid nizolarni koʻrib chiqishda yuzaga kelayotgan muammolar hamda ularning huquqiy yechimlari, bu borada Oliy sud Plenumi qarori shaklida rahbariy tushuntirishlarga boʻlgan ehtiyoj va qonunchilikni takomillashtirishga oid takliflar oʻrtaga tashlangani qayd etildi.

Tadbirda eng muhokama etilgan mavzular boʻyicha fikr almashildi, ancha-muncha savollarga shu joyning oʻzida javob topildi. Biroq bu - tadbir quruq maʼruzalar, gʻij-gʻij raqamlar balandparvoz ohangda tilga olish bilan oʻtdi, degani emas.

Aksincha, tortishuv, bahs-munozaralarga yetarlicha boʻldiki, buniyam alohida eʼtirof etish lozim.

Zero, haqiqat shunday bahs-munozaralarda tugʻiladi.

Oʻzbekiston Sudyalar klubining shunday forumi yaqin kelajakda jinoyat, iqtisodiy va maʼmuriy sudlar sudyalari bilan ham alohida-alohida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер