Sudya A.Ergashev: “Bodi-kamera”dagi yozuvlar montaj qilingan

17:51 17 Iyul 2020 Jamiyat
363 0

Joriy yilning 13-iyul kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Sirdaryo viloyati sudi sudyasi Alisher Ergashev hamda “Toshkent” karantin blok postida xizmat vazifasini oʻtayotgan Milliy gvardiya va ichki ishlar organlari xodimlari bilan sodir boʻlgan voqea muhokama markazida boʻlib turibdi.

Ushbu mavzu boʻyicha mahalliy OAV va ijtimoiy tarmoqlarda qator materiallar eʼlon qilindi.

OʻzA muxbiri Guliston shahridagi Jinoyat ishlari boʻyicha Sirdaryo viloyati sudida boʻlib, voqea ishtirokchisi boʻlgan sudya Alisher Ergashev bilan uchrashdi
A.Ergashev suhbat avvalida boʻlib oʻtgan voqealar yuzasidan Bosh prokuratura nazoratida mutasaddi idoralar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilayotganini, jarayonga bosim yoki boshqacha tarzda taʼsir oʻtkazishni istmasligini aytdi. Savollarimiz surishtiruv jarayoniga bosim darajasida boʻlmasagina, javob berishga rozilik berdi. 

– Joriy yilning 13-iyul kuni Siz bilan qanday holat yuz bergan edi? Voqeani batafsil soʻzlab bera olasizmi? 

– Avtomashinamdagi “video-registrator”dagi video yozuvlarni oʻz ixtiyorim bilan Sudyalar Oliy Kengashiga va prokuratura organlariga taqdim etganman. Surishtiruv va tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Men Bosh prokuratura nazoratida surishtiruvni olib borayotgan tegishli huquq tartibot idoralarining ishni xolisona va adolatli hal qilishlariga ishonaman. 

(Sudya A.Ergashev avtomashina “video-registrator”dan yozib olingan videoyozuvni namoyish qilib berdi. Ammo, bu tekshiruv jarayoniga bosim yoki boshqacha taʼsir koʻrsatish sifatida qaralishi mumkin, deb videoyozuvni tahririyatga taqdim etishni xohlamadi).


– Siz bilan joriy yilning 13-iyul kuni sodir boʻlgan oʻsha jarayon xususida saytimizda bir qancha maqolalar eʼlon qilindi, ulardan xabardor boʻlsangiz kerak? 
 

– Xabarim bor, tanishdim. Men bilan bogʻliq boʻlgan oʻsha voqea haqida boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ham juda koʻp chiqishlar boʻlyapti. Lekin bu chiqishlarning birortasiga rasmiy jihatdan oʻz munosabatimni bildirmayapman. Demoqchimanki, ularning chiqishlariga men umuman daxl qilayotganim yoʻq. Hammasini (chiqishlar va izohlarni) bosiqlik va vazminlik bilan qabul qilyapman. Shuningdek, boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlar va izohlarni nazarda tutgan holda aytamanki, ularning birortasiga men munosabat yoki fikr bildirmadim. Men oʻz munosabatimni, yuqorida aytganimdek, tekshiruv yakuniga yetib, yakuniy xulosa keltirilgandan soʻng aytishim mumkin. 
 

– Lekin “Gulistondagi holat boʻyicha ichki ishlar boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi” sarlavhali chiqish bilan tanishgan, IIB YXHB xodimlarining “bodi-kamera”sidagi video yozuvlarni koʻrgan kishida sizni aybsiz ekaningizga shubha paydo boʻlib qoladi? 
 

– Siz aytayotgan munosabat bilan men ham tanishdim, “bodi-kamera”da va «videoregistrator» olingan videoyozuvlar qoʻshib ishlagan videolavhalarni ham koʻrdim. Unga mutlaqo qoʻshilmayman. “Bodi-kamera”dagi yozuvlar montaj qilingan. Tekshiruv ishlarini olib borayotgan mutasaddilar oʻz kasblarining haqiqiy professionallari ekaniga, montaj va haqiqiy yozuvning farqiga borishlariga ishonaman. Xulosa adolatli va xolisona hal qilinadi, deb umid qilaman. 
 

– Sizning mashinangizdagi “video-registrator”dagi yozuvlarni ham IIB xodimlarining “bodi-kamera”sidagi yozuvlarni ham koʻrdik. Shu holatdan kelib chiqib siz oʻzingizni yoki oʻsha jarayonda ishtirok etgan ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlarini qanchalik aybdor, deb bilasiz? 
 

– Men bu holatda qonun doirasidan chetga chiqqanim yoʻq. Mening “video-registrator”imdan nusxalangan yozuvni diqqat bilan tomosha qildingiz, eshitgan boʻlsangiz, mening tovushimni, mashinamning oʻng tarafidan kelgan IIB xodimiga guvohnomamni koʻrsatib, “Sudyaman” deb guvohnomamni koʻrsatgan joyi bor. Ammo, ularning hech biri quloq solmay avtomashinam yoʻlini sariq rangdagi panjara bilan toʻsyapti. Vaholonki, video-kameradagi yozuvga eʼtibor bergan boʻlsangiz, mening mashinamni ortidan IIB xodimi boshqaruvida kelayotgan shaxsiy avtomobil oʻtkazib yuborilyapti. Na tez yordamning, na boshqa transport vositasining “sirena” signali eshitilmayapti. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda videolavhaning montaj qilingani haqida koʻp blogerlar, internet foydalanuvchilari ham koʻplab misollarni keltirib oʻtishgan, xulosa oʻzingizdan. 
Qolaversa, Tez tibbiy yordam vakilidan olingan intervyuda u “Bizga 4-mavzedan chaqiruv boʻlgandi, shunga borayotganimizda koʻprik oldida bir mashina yoʻlimizni toʻsdi, IIB xodimlari uni yoʻlimizdan oldirdi” deyapti. Birinchidan, Tez tibbiy yordamning oʻzi 4-mavzeda joylashgan, oʻzlari joylashgan joyga ataylab shaharning temir yoʻldan narigi tarafiga, shaharning mahalla qismiga oʻtishi, yaʼni taxminan 8 km. uzoqlikka borib aylanib qaytib kelishi aqlga sigʻmaydi. Ikkinchidan, IIBning munosabatida aytilganidek, “ogʻir kasal olib ketayotgandik”, demayapti, “chaqiruv boʻlgandi” deyapti. Qolaversa qaysi koʻprikligi haqida ham, aynan qaysi mashina haqida ham aniq gapirmayapti. Buyogʻiga oʻzingiz xulosa chiqarib olavering... 
 

– IIB xodimlaridan birining «Ol uni buyoqqa!» degan buyrugʻi eshitilgach, sizni “Voy qoʻlim!” degan ovozingiz eshitildi. Sizga oʻsha jarayonda tan jarohati yetkazilgani haqida tibbiy ekspertiza xulosasi bilan tanishdingizmi? Hozir holatingiz qanday? 
 

– Tibbiy ekspertiza xulosasi bilan tanishdim, u yerda hammasi toʻgʻri yozilgan, uni Sudyalar Oliy Kengashiga ham taqdim etganman. Lekin toʻgʻrisi, hozir oila aʼzolarimda, oʻzimda ham ruhiy zoʻriqish, ruhiy bosim mavjudligi sababli qolgan holatlarga izoh bermayman. 

– Sizga yoki oilangizga kimdir yoki kimlardir tomonidan tazyiq oʻtkazilyaptimi?

– Qoʻni-qoʻshni, tanish-bilishlarning oilamga, farzandlarimga, qolaversa, oʻzimga qilayotgan telefonlari, uchrashganda soʻrashlari, bularning barchasi ruhiy taʼsir qilishi shubhasiz. Toʻgʻrisi, yaxshi boʻlardi, men oʻz munosabatimni, tekshiruv jarayoni nihoyasiga yetgach, aytsam. Men, IIB xodimlarini ham tushunaman, ularning ham oilasi, bola-chaqasi bor, ularga ham ijtimoiy tarmoqlardagi holatlar ogʻir taʼsir qilayotganini tushunaman. Hozir birortasining ism-sharifini aytib, ularni aybdor deb yoki aybsizlarini ham aybdorlarga qoʻshib aybdor boʻlib qolishini istamayman. Men tekshiruv ishlari yakunlanmasdan turib birorta shaxsni shaʼni, qadr-qimmatini kamsitishga harakat qilishdan yiroqman. 

Men yana bir bor aytaman, joriy yilning 13-iyulida boʻlgan holat yuzasidan qonun doirasida ish tutdim. Oʻzimni aybdor deb hisoblamayman. Boshqa savollaringizga javob bera olmayman va oʻylaymanki, siz ham meni toʻgʻri tushunasiz.

O'zA

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?