Sudlar faoliyatida koʻrilgan ishlar sonining oshishi salbiy koʻrsatkichmi?..

04:53 13 Aprel 2021 Jamiyat
1018 0

Navoiy viloyatida faoliyat yuritayotgan sudlarning OAVlari vakillari uchun matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Anjumanda 2021-yil birinchi choragida odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida Navoiy viloyati sudlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar boʻyicha maʼlumot berildi. Chunonchi, hisobot davrida jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 299 nafar shaxsga nisbatan 224ta jinoyat ishi tamomlangan boʻlib, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan tegishincha 17 va 32,2 foizga kam demakdir.

Shuningdek, kamayish haqida soʻz ketsa, viloyat sudlari tomonidan koʻrilgan ishlarda qasddan odam oʻldirish 66,6 foiz, bosqinchilik 50, odam savdosi 100 foizga kamayganligi ham eʼtiborga molik koʻrsatkich sifatida qayd etish mumkin. Biroq sudlar tomonidan koʻrilgan ishlarda poraxoʻrlik va qasddan badanga shikast yetkazish kabi jinoyatlarning anchagina ortganligini qanday qabul qilmoq joiz?..

— Bu jamiyatning har qanday huquqbuzarlik va korrupsiyaga nisbatan murosasizligining ifodasi sifatida eʼtirofga loyiq. Umuman olganda, sudlar faoliyatida koʻrilgan jinoyat ishlari sonining oshishi yoki kamayishiga qarab emas, balki fuqarolarning sud qarorlaridan norozi boʻlishi kamayishga qarab baho berish muhim mezon, — dedi matbuot anjumanida viloyat sudi raisi Hamidulla Qudratov. — Shu jihatdan yil boshidan buyon sudlar tomonidan 2 nafar fuqaroga nisbatan tergov organlari tomonidan qoʻyilgan ayblovlarning bekor qilinib ularning oqlangani, shuningdek, 32 nafar shaxsga nisbatan 22ta jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov organi tomonidan qoʻyilgan ayblov oʻzgartirilib hukm chiqarilganligi sud faoliyatining odilligi va samaradorligidan dalolatdir.

Tadbirda viloyatda sudlar tomonidan fuqarolarning huquqiy bilim va madaniyatini oshirish, jinoyatchilikni kamaytirish, xalq bilan yaqindan muloqot qilish borasida amalga oshirayotgan ishlari, olis hududlarda uyushtirilayotgan sayyor qabullar samaralari borasida maʼlumot berildi.

Matbuot anjumanida viloyatdagi iqtisodiy, fuqarolik ishlari hamda maʼmuriy sudlar faoliyati boʻyicha ham fakt va raqamlar ochiqlanib, OAV vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Temur ESHBOYEV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?