Sudlanuvchining “Tracker Trkat” avtomashinasi musodara qilindi

15:44 11 Avgust 2022 Jamiyat
256 0

Foto: Xalq so‘zi

Mamlakatimizda giyohvand moddalarini sotish, olib yurish, isteʼmol qilish qonunan qatʼiy taʼqiqlanadi. Biroq shunga qaramasdan, respublikamizga giyohvand moddalarni olib kirishga urinish holatlari uchrab turishi sir emas.

Samarqand viloyatidagi “Jartepa” chegara bojxona posti orqali qoʻshni davlatdan respublikamizga kirib kelgan fuqaro S. Gʻ. bojxona nazorati zonasidan oʻtish vaqtida oʻzini gʻalati tutishi bojxonachilar eʼtiborini tortadi. Uning boshqaruvida boʻlgan “Tracker Trkat” rusumli avtotransport vositasi sinchkovlik bilan tekshiriladi. Buni qarangki, shubhalaritoʻgʻri chiqadi. Avtomashinaning haydovchi tomondagi rulning past qismidagi kichik bardachok ichida toʻkilgan holda turgan yashil rangli oʻtkir hidli, oʻtsimon, sof ogʻirligi 0,31 gramm “marixuana” giyohvandlik vositasi topilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilib olinadi.

Samarqand viloyat sud-tibbiy ekspertiza byurosi xulosasiga koʻra, sudlanuvchi S.Gʻ. organizmidan kanabinioidlar (nasha komponentlari) aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand viloyat sudi hukmi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq sudlanuvchi S.Gʻ.ga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida 54 million soʻm jarima jazosi tayinlandi. Uning “Tracker Trkat” rusumli avtomashinasi jinoyat quroli sifatida davlat foydasiga musodara qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?