Sudga murojaatni  osonlashtirishning Zarafshon tajribasi 

20:16 26 Noyabr 2021 Jamiyat
444 0

Foto: "Xalq so'zi"

Bugungi kunda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadlaridan biri jismoniy va yuridik shaxslarning sudga murojaat qilishlarini osonlashtirish va bu borada ularga har taraflama qulaylik yaratishdan iborat. Biroq sud amaliyoti tahlillari shuni koʻrsatmoqdaki, aksariyat hollarda daʼvo arizasining qaytarilishiga, murojaatning muayyan sudga taalluqli emasligi, daʼvo arizasini koʻrmasdan qoldirilishiga sudga murojaat qilishda belgilangan protsessual tartiblarga rioya etilmagani va  toʻgʻri rasmiylashtirilmagani sabab boʻlmoqda.

Shunga koʻra, fuqarolar sudlarga murojaat qilishda turli ovoragarchiliklarning oldini olish va bu borada ularda zarur koʻnikmalarni shakllantirish maqsadida Zarafshon shahar sudlari tashabbusi bilan shahar hokimligi hamkorligida “Sudlarga murojaat qilish boʻyicha namunalar toʻplami” hududdagi barcha mahalla fuqarolar yigʻinlariga topshirildi.

– Ushbu toʻplamda fuqarolik va iqtisodiy ishlar hamda ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga oid maʼmuriy ishlar boʻyicha sudga murojaat qilish uchun daʼvo arizalarining namunalari hamda Navoiy viloyatidagi barcha sudlarning manzillari, xizmat telefon raqamlari roʻyxati joylashtirilgan,– deydi Zarafshon tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Sherzod Gʻofurov. – Mazkur toʻplamni tayyorlashdan maqsad mahalla fuqarolar yigʻiniga murojaat qilgan, ammo uning murojaati bevosita sudlarga taalluqli boʻlgan fuqarolarga tegishli namunadan foydalangan holda murojaatlarini toʻgʻri rasmiylashtirish va oʻz murojaatiga ilova qilishi shart boʻlgan hujjatlar hamda dalillarni daʼvo arizasi (ariza) bilan birgalikda sudga taqdim etilishini taʼminlashdan iboratdir.

Taʼkidlash joiz, bugun sudga elektron daʼvo arizalar va murojaatlarni taqdim etish, sud muhokamasi jarayonida masofadan turib ishtirok etish hamda sud qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining rasmiy veb-sayti orqali olish imkoniyati ham yaratilgan. Maqsad esa bitta – fuqaro sud idorasida oʻz muammosiga yechim topsin.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?