Sud ekspertiza: kecha va bugun

21:16 30 Iyun 2021 Jamiyat
877 0

Joriy yilning 30-iyun kuni X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi tashkil etilganligining 70 yilligi munosabati “Sud ekspertiza: kecha va bugun” Forumi tashkil etildi.

Tadbir doirasida OAV vakillari uchun Markaz faoliyati bilan tanishtirish maqsadida Press-tur va matbuot anjumani oʻtkazildi hamda “Sud ekspertiza: kecha va bugun” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya
va master klasslar tashkil etildi.

Markaz tashkil etish tarixi va amalga oshirilgan ishlari.

Markaz Toshkent ilmiy-tadqiqot kriminalistika laboratoriyasi sifatida tashkil qilingan boʻlib, oʻz faoliyatini 1951-yilning iyunidan ayrim turdagi hujjatshunoslik ekspertizalarni oʻtkazishdan boshlagan. 1958-yilning 1-aprelida laboratoriya asosida Markaziy Osiyoda birinchi Toshkent sud-ekspertiza ilmiy-tadqiqot instituti tashkil qilingan.

Mustaqillik yillarida, Hukumatimizning “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining ekspertiza xizmatini rivojlantirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Markazga sud-ekspertiza masalalari boʻyicha ilmiy-uslubiy hamda muvofiqlashtiruvchi idora maqomi berilgan.

Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning bevosita tashabbuslari va rahbarligida 2017-yil 7-fevralda qabul qilingan hamda izchil amalga oshirilayotgan Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida barcha sohalar kabi sud huquq tizimining ajralmas qismi, yaʼni muhim boʻgʻinlaridan biri sanalgan sud-ekspertlik faoliyatini yana-da takomillashtirish borasida ham islohotlar izchillik bilan amalga oshirilib kelinmoqda.

Jumladan, 2017-yilda qabul qilingan 206-sonli Hukumat qarori asosida deyarli barcha viloyatlarda Markazning hududiy boʻlimlari tashkil etilgan. Shuningdek, ekspertlarni zamon talablari darajasida malakasini oshirish uchun Oʻquv markazi oʻz faoliyatini boshladi.

2019-yilning 17-yanvar kuni qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud-ekspertlik faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4125-son qaroriga muvofiq amaliyotda ilk bor nodavlat tashkilotlar tomonidan sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslari yaratildi. Mazkur qaror bilan 2019-2020-yillarda sud ekspertlik faoliyatini yana-da takomillashtirish boʻyicha 25 banddan iborat “Yoʻl xaritasi” tasdiqlanib, undagi vazifalar Markaz tomonidan toʻliq bajarilgan.

2020-yilning 24-martdagi Hukumatning 180-son qarori bilan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish boʻyicha muhim masalalar va munosabatlar tartibga solindi.

Markaz nafaqat sud ekspertiza tadqiqotlarini oʻtkazish, balki yangi uslubiyotlar hamda yangi ekspertiza turlarini joriy etish boʻyicha keng koʻlamli ilmiy ishlarni amalga oshirishi natijasida, ayniqsa soʻngi 2 yil ichida Sud-lingvistika ekspertizasi, Sud-kompyuter-texnik ekspertizasi, Sud-avtomobil-yoʻllari ekspertizasi, Sud-elektrotexnika ekspertizasi, Oziq-ovqat mahsulotlari sud ekspertizasi, Sud-psixologik ekspertizasi yangi ekspertiza turlari yaratilib, Markazda amalga oshiriladigan sud ekspertlik turlari 50 taga, mutaxassisliklar soni esa 69 taga yetkazildi.

Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorligida sud-ekspertlik faoliyatining eng dolzarb muammolari boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar, dasturlar va loyihalarni, shu jumladan milliy grantlarni jalb qilgan holda ilmiy izlanishlar olib borgan holda jami 53 ta uslubiy qoʻllanma va tavsiyalar ishlab chiqilib, sud ekspertlik faoliyatiga tatbiq etilgan.

Shuningdek, Sud ekspertiza faoliyati yuzasidan sud va tergov organlari, advokatura, ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim muassasalari tinglovchilari hamda boshqa aholining qatlami uchun “Zamonaviy sud-ekspertiza imkoniyatlari”, shuningdek, “Sud-psixologik ekspertiza asoslari” nomli oʻquv qoʻllanmalar chop etilgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlarining malakali sud ekspertiza xulosalariga boʻlgan ehtiyojlarini doimiy ravishda oʻrganish orqali sud ekspertizaning yangi turlarini, yangi uslubiyotlarini bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etish choralarini koʻrish maqsadida Adliya vazirining 2020-yil 25-noyabrdagi buyrugʻi bilan Markazda Ilmiy-tadqiqot boʻlimi tashkil etilgan.

Sud ekspertiza sohasining yana bir muhim yoʻnalishlaridan biri sud
va tergov organlarining bu sohadagi bilimlarini oshirib borish hamda sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishdir. Shunga koʻra, Markaz ekspertlari tomonidan turli davlat organlari va tashkilotlariga 1 660 ta profilaktik takliflar ham berilgan.

Markazning laboratoriyalari ilk bor ISO/IEC 17025 xalqaro standarti talablari boʻyicha Xalqaro akkreditatsiya tashkiloti tomonidan akkreditatsiya qilinib, muvofiqlik sertifikatiga ega boʻldi.

Albatta, mazkur xalqaro standart talablari boʻyicha xalqaro akkreditatsiyadan oʻtish laboratoriyalar tomonidan berilgan tadqiqot natijalarini (xulosalarni) xalqaro miqyosda shubhasiz tan olinishini, fuqarolarning buzilgan huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilinishiga va odil sudlovni taʼminlanishiga xizmat qiladi.

Markaz xodimlari tomonidan aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan hamda qonuniylikni taʼminlash yuzasidan bir qator tizimli tadbirlar oʻtkazib kelingan.

Markazning ochiqligini taʼminlash maqsadida, Markazning rasmiy veb sayti yangilanib, turli ijtimoiy tarmoqlarda sahifalari ochildi. Keng jamoatchilik va OAV vakillari uchun Markazda hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida press-turlar, matbuot anjumanlari va brifinglar oʻtkazildi. Jumladan, birgina oʻtgan davr mobaynida 10 dan ortiq (6 marotaba) matbuot anjumanlari tashkil etilib, OAV vakillari uchun koʻplab (6 marotaba) Media-tur oʻtkazilgan.

Markazning ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida “Sudex dan gapiramiz» va “Ekspert javobi” nomli yangi ruknlar yaratilib, unda ekspert xodimlar tomonidan fuqarolardan kelib tushgan savollarga audio
va videorolik koʻrinishida javob berilishi yoʻlga qoʻyilgan. Markazning rasmiy veb-saytida hamda Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida “Soʻragan edingiz” rukni ochilib, unga ham aholini qiziqtirgan savollarga matn koʻrinishida javoblar qoʻyilib kelingan.

Sud ekspertiza faoliyatiga zamonaviy AKT yutuqlarini joriy etish maqsadida “Sud ekspertizalari hisobi tizimi” va “Elektron taʼlim platformasi” axborot tizimlari hamda aholiga sud-ekspertlik sohasiga doir maʼlumotlarni yetkazishga qaratilgan “sudexpert.uz” sud-ekspertiza axborot portali, ekspertiza uchun ashyoviy dalillarni identifikatsiyalash
(ID raqam va shtrix kod yordamida) dasturi ishlab chiqilib, faoliyatga tatbiq etilgan.

Respublika tarixida ilk bor sud ekspertiza yoʻnalishiga ixtisoslashgan «Oʻzbekiston sud ekspertizasi – Sudebnaya ekspertiza Uzbekistana – Forensic expertise of Uzbekistan” nomli ilmiy jurnal Markaz tomonidan tashkil etildi.

Shu kunga qadar Oʻzbekiston sud ekspertizasi tarixida aynan mazkur sohaga oid ilmiy maqolalarni nashr etishga ixtisoslashgan va ilmiy muloqot uchun sharoit va imkoniyatlar yaratadigan yagona platformaning boʻlmaganligi ushbu ilmiy jurnalni dunyoga kelishiga sabab boʻlgan.

Yangi jurnalda sohaning yetakchi olimlari va mutaxassislarining ilmiy maqolalarini nashr etish orqali xalqaro ilgʻor tajribalar taqdim etiladi, shuningdek, mamlakatimiz sud ekspertlarining ilmiy va ilmiy-amaliy tadqiqotlari natijalarini nashr etish imkoniyati yaratilgan.

Ishonch bilan taʼkidlash kerakki, jurnal maqsadli professional munozara va tahlillar uchun yangi va qiziqarli ilmiy maydonga aylanadi, yana-da samarali va har tomonlama ilmiy muloqotlar, yangi gʻoyalar va tadqiqot natijalari almashinuviga yordam beradi, ilmiy-uslubiy taʼminot, shu bilan birga sud ekspertizasi va sud ekspertizasi yoʻnalishlarining amaliy faoliyatiga ratsionalizatorlik ilmiy ishlanmalarini kiritadi.

Shu bilan birga, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari hamda sud xodimlari uchun Respublika sud ekspertizasi markazining imkoniyatlarini yoritishga bagʻishlangan elektron qoʻllanma ham yaratildi.

Ushbu qoʻllanma avvalgilaridan tubdan farq qilishi bilan ajralib turadi. Elektron qoʻllanmada, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv
va dastlabki tergov organlari hamda sud xodimlari uchun sud ekspertiza imkoniyatlari haqidagi maʼlumotlar bir vaqtning oʻzida yozma va video koʻrinishda taqdim etilgan. Shuningdek, sud ekspertlarga beriladigan namunaviy savollar, qaror va ajrim nusxalari hamda kerakli boshqa maʼlumotlar jamlangan.

“Adolat” Markazining Media studiyasi hamkorligida Markaz faoliyati haqida hujjatli film yaratildi. Unda, markaz va sohada amalga oshirilgan ishlar bilan birga uning tarixi va rejalashtirilgan ishlari haqida batafsil yoritilgan.

Shu bilan birga, Markaz binosida “Oʻzbekiston sud ekspertizaning tarixi” muzeyi tashkil etilib, unda Markaz faoliyati va sud ekspertiza tarixi aks etgan holda tarixiy eksponatlar bilan toʻldirilgan.

Ilmiy-amaliy konferensiya

Yalpi majlisni va ikkita seksiyani oʻz ichiga olgan “Sud ekspertizasi. Kecha va bugun” nomli ilmiy-amaliy konferensiya, sud ekspertiza faoliyati bilan bogʻliq koʻplab mahalliy va xorijiy mutaxassis va olimlarning sogʻlom fikr almashish minbariga aylandi.

Tadbirda AQSH, Rossiya, Belorus, Ukraina, Qirgʻiziston, Niderlandiya, Avstriya, Moldaviya, Armaniston, Litva davlatlari, AAFS, IAFS tashkilotlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi vakillari hamda mahalliy olimu-mutaxassilarning 25 dan ortiq qiziqarli maʼruzalari tinglandi.

Qizgʻin savol-javoblarga boy boʻlgan munozarada, sud ekspertiza sohasini yana-da takomillashtirish masalalari muhokama etildi va kelgusida shunday formatdagi tadbirlarni tashkil etib borish lozimligi haqida kelishib olindi.

Sud ekspertlarga moʻljallangan master klasslar.

Sud ekspertlarga muhim boʻlgan oltida yoʻnalishda Litva, Rossiya
va AQSH mutaxassislari tomonidan Respublika sud ekspertiza muassasalarining sud ekspert xodimlariga amaliy master klasslar tashkil etildi.

Tadbir davomida sohadagi yangiliklarni bilish bilan birga, xorij amaliyotini integratsiya qilish, turli metodikalarni validatsiya qilish
va boshqa dolzarb hisoblangan yoʻnalishlar boʻyicha savollarga javob olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?