Sud ajrimi chiqqan boʻlsa-da, ijrosi taʼminlanmayapti

18:51 10 Iyun 2021 Jamiyat
651 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki Ishlar va Adliya vazirligi hamda Davlat bojxona qoʻmitasi masʼullari tomonidan Surxondaryo viloyatida sud-huquq masalalari boʻyicha ommaviy qabullar boshlandi.

Termiz tumanidagi Otchopar maskanida Termiz shahri, Termiz, Angor, Muzrabot va Jarqoʻrgʻon tumanlaridan kelgan yuridik va jismoniy shaxslarning ariza-murojaatlari tinglandi. Bu kabi ommaviy qabullar fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoyalash, ular manfaatlarini taʼminlash, sud-huquq sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish, aholi murojaatlari bilan ishlashning ishonchli va maqbul tizimini yaratishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Ommaviy qabul chogʻida jinoyat ishlari boʻyicha 68 ta, maʼmuriy huquqbuzarlik ishlar boʻyicha 22 ta, fuqarolik ishlari boʻyicha 52 ta, iqtisodiy ishlar boʻyicha 13 ta, ommaviy munosabatlar boʻyicha 21 ta murojaat qabul qilindi.

Natijada 30 nafar fuqarolarning arizalari qanoatlantirilib, ularning kassatsiya shikoyatlari Oliy sudda mazmunan koʻrish uchun qabul qilindi, 30 nafar fuqarolarning turli mazmundagi arizalari qabul qilindi. 116 ta fuqaroga tegishli huquqiy tushuntirish berildi. 20 ta shaxsga nisbatan MJtKning 33-moddasi qoʻllanib yengillik berildi. 87 nafar fuqaroning daʼvo arizalari birinchi instansiya sudining ish yurituviga qabul qilindi. 37 ta fuqarolarga aliment undirish haqidagi sud buyruqlari chiqarilib, ijroga qaratildi.

Shuningdek, 19 nafar sudlanuvchilarga nisbatan tayinlangan jazo turlari Jinoyat kodeksining 73-moddasi tartibida muddatidan oldin shartli ravishda ozod etildi.

— Sodir etgan jinoyatim tufayli menga 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan edi, — deydi Termiz shahrilik G. Haitova. — Jazoni oʻtash mahkamasida qilmishimdan pushaymon boʻlib tuzalish yoʻliga oʻtdim. Qilmishimdan ming pushaymon boʻldim. Jazo muddatini qisqartirish haqidagi murojaatim inobatga olinib, oʻtalmagan 1 yilu 1 oy jazo muddati olib tashlanib, shartli ravishda ozod etildim. Menga koʻrsatilgan insonparvarlik va bagʻrikenglik uchun davlatimiz va xalqimizdan minnatdorman.

Sud-huquq masalalariga oid ommaviy qabulning birinchi kunida 300 nafar fuqaroning 303 ta murojaati tinglandi va 61 tasi joyida hal etildi. Vaqt talab etadigan 169 ta murojaatga tegishli muddat belgilanib, ijrosi qatʼiy nazoratga olindi. 54 fuqaroning murojaati huquqiy maslahat berish orqali yechimimni topdi. 19 murojaat boʻyicha huquqiy tushuntirish berildi.

— Ommaviy qabulda sud qarori ijrosi yuzasidan Respublika Bosh prokuraturasi masʼullariga bevosita murojaat qildik, — deydi “Surxondaryo paxta urugʻchiligi” MCHJ huquqshunosi Sherali Murodov. — Murojaatimiz mazmuni shundan iboratki, qarzdor tashkilotdan 1 milliard 88 million soʻm mablagʻni undirish boʻyicha sud ajrimi chiqqan boʻlsada, ijrosi taʼminlanmayapti. Natijada soliq majburiyatini, ishchi xodimlarimiz ish haqi va hamkor tashkilotlar oldidagi qarzimizni toʻlashda qiyinchilikka duch kelmoqdamiz. Viloyat prokuraturasi tomonidan murojaatimiz nazoratga olinib, tez kunda hal etiladigan boʻldi. Biz bundan minnatdormiz.

Respublika ishchi guruhi tomonidan Surxondaryo viloyatining shahar va tumanlarida sud-huquq masalalari boʻyicha ommaviy qabullar davom etmoqda.

Ilhom RAHMATOV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?