Sud amaliyotida uchrayotgan muammolar nimalardan iborat?

12:35 18 Oktyabr 2021 Jamiyat
303 0

Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar klubining iqtisodiy sud sudyalari faoliyatiga bagʻishlangan onlayn forumi boʻlib oʻtdi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Farmoni ijrosi doirasida Sudyalar oliy kengashi huzurida Oʻzbekiston Sudyalar klubi tashkil etilgandi.

Moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllash boʻyicha tavsiyaviy xarakterga ega boʻlgan maslahatlar hamda sudyalarning odob-axloq qoidalarini muayyan vaziyatlarda qoʻllash yuzasidan soʻrovlarga tushuntirish berish vakolatiga ega Oʻzbekiston Sudyalar klubi jamoatchilik asosida faoliyat yuritib kelmoqda.

Sudyalar klubining asosiy ishlash platformasi uning onlayn forumi boʻlib, bu respublikamizdagi barcha sudyalarga oʻzaro muloqot qilish imkonini beradi.

Tadbirda aytildiki, oʻtgan vaqt davomida onlayn forumda iqtisodiy ishlari boʻyicha sud amaliyotida uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan 102 ta mavzu boʻyicha 683 ta xabar qoldirilgan.

Muhokamalarda asosan tashqi savdo operatsiyalari amalga oshirilishi, mediatsiya, soliq, korporativ nizolarga, daʼvo predmeti va talabi, sud qarori ijrosi, bankrotlik, kredit undirish bilan bogʻliq qonunchilik normalarini qoʻllash, hakamlik sudining hal qiluv qarori yuzasidan nizolashish masalalarini koʻrib chiqishda yuzaga kelayotgan muammolar va ularning huquqiy yechimlari, bu borada Oliy sud Plenumi qarori shaklida rahbariy tushuntirishlarga boʻlgan ehtiyoj va qonunchilikni takomillashtirishga takliflar oʻrtaga tashlangan.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-maydagi 283-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tashqi savdo operatsiyalari amalga oshirilishi monitoringini olib borish va nazorat qilish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom normalarini qoʻllash yuzasidan sudyalar tomonidan import shartnomalari boʻyicha belgilangan muddatlarda xorijdan kelib tushishi taʼminlanmagan tovarlar boʻyicha yuzaga kelgan debitor qarzlar uchun jarimalarni hisoblash bilan bogʻliq savollari yuzasidan Klub masʼullari tomonidan amaldagi moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllash boʻyicha tavsiyaviy xarakterga ega boʻlgan maslahatlar berilgan.

Tadbirda sudyalar daxlsizligi taʼminlanishining samarali mexanizmlari, Sudyalar odobi kodeksiga qoʻshimcha va tushuntirishlar berish zaruriyati yuzasidan oʻz taklif-mulohazalarini bildirdilar.

Bugun boʻlib oʻtgan tadbirda iqtisodiy ishlari boʻyicha sudlari sudyalari faoliyatiga oid masalalar muhokama qilindi.

Xuddi shunday davra suhbati yaqin kelajakda jinoyat va maʼmuriy sudlar sudyalari bilan alohida-alohida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?