Stikerli avtomashinada harakatlangan tadbirkor nega javobgarlikka tortildi?

12:12 27 Aprel 2020 Jamiyat
1316 0

Vobkent tumanida istiqomat qiluvchi Isamat Boyboʻtayev (ism-sharifi oʻzgartirildi) 18-aprel kuni otasiga tegishli “Spark”rusumli avtomashinada turmush oʻrtogʻi bilan yoʻlga chiqdi. Karantin paytida avtomashinada yurish uchun ruxsatnomasi yaʼni stikeri boʻlgan, yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi Isamat berilgan imkoniyatdan tegishli tartiblarga zid tarzda foydalanib bir yoʻlovchi ayolni Buxoro shahriga eltib qoʻydi.

Ammo hali bunisi holva. Shahardan qaytarkan, “Xargoʻsh” blok postida xizmat burchini oʻtayotgan huquqni muhofaza etish xodimlarining “toʻxta” ishorasini nazar-pisand qilmay juda katta tezlikda oʻtib ketdi. Tabiiyki, huquqbuzarni toʻxtatishga toʻgʻri keldi. Maʼlum boʻlishicha, avtomashinadagi er-xotin tibbiy niqob taqishmagan, buning ustiga Isamat spirtli ichimlik isteʼmol qilgan. Uni tibbiy koʻrikdan oʻtgani olib borishmoqchi boʻlishganida ichki ishlar xodimlari bilan tortishib, profilaktika inspektori R. Abdurahmonovni nojoʻya soʻzlar bilan haqoratladi. Pirovardida avtomashina jarima maydonchasiga qoʻyildi. I.Boyboʻtayev esa oʻz qilmishi uchun sud oldida javob berdi.

Vobkent tuman maʼmuriy sudida I. Xolov raisligida oʻtgan sud majlisida bu voqea tafsiloti atroflicha oʻrganildi, huquqbuzarga qonuniy jazo berildi. Unga koʻra, I. Boyboʻtayev Oʻzbekiston Respublikasi MJtK 54-moddasining 1-qismi va 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Unga Maʼmuriy Javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeks 54-moddasining
1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jami 1.115.000 soʻm jarima solindi.Yetti sutka maʼmuriy qamoqqa olindi.

Bu noxush voqea karantin qoidalarini buzib, nafaqat oʻzlari, balki boshqalarning ham hayotini xavf ostiga qoʻyadiganlar uchun saboq boʻlmogʻi kerak, albatta.

Istam IBROHIMOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?