Statistik maʼlumotlar yana-da shaffof va xalqaro standartlarga mos boʻladi

15:10 19 Noyabr 2020 Siyosat
201 0

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning barcha ijtimoiy va iqtisodiy sohalarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar hamda yangi, ochiq tashqi siyosat, barcha sohalardagi ochiqlik va shaffoflik mamlakatning jahon hamjamiyatidagi ijobiy imiji va obroʻsini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.Statistik maʼlumotlarning shaffofligi hamda obyektivligi ham shular jumlasidandir.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020-yil 19-noyabr kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda koʻrib chiqilgan “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Mazkur qonun loyihasi mamlakatimiz Prezidentining 2019-yil 9-apreldagi “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, milliy statistika tizimi, rasmiy statistikani ishlab chiqaruvchilar, maʼmuriy maʼlumotlarni yetkazib beruvchilar, respondent va foydalanuvchilarning oʻzaro munosabatlarini huquqiy jihatdan tartibga soladi.

Loyiha bilan rasmiy statistika maʼlumotlarining maʼmuriy maʼlumotlardan farqi, rasmiy statistikani ishlab chiqaruvchilar toifalari va ularning professional mustaqilligi hamda Davlat statistika qoʻmitasi asosiy ishlab chiqaruvchi va mamlakatdagi rasmiy statistika tizimining muvofiqlashtiruvchi organi sifatida belgilanmoqda. Shuningdek, statistika organlarining qonuniy faoliyatiga, jumladan rasmiy statistika hisobotlarini yigʻish va kuzatuvlarni oʻtkazish hamda ularning natijalarini nashr qilish va eʼlon qilish jarayonlariga hech kim aralashmasligi, shuningdek, hududiy davlat statistika organlari mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqil boʻlishi va bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasiga boʻysunishi belgilab qoʻyilmoqda.

Deputatlarining fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi milliy statistika tizimidagi barcha subyektlar faoliyatining huquqiy asosini yaratadi hamda xalqaro miqyosda rasmiy statistikaning tan olinishiga institutsional zamin yaratadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?