SSV: Qon bilan ishlash xizmatini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari tasdiqlandi

09:59 10 Avgust 2022 Jamiyat
305 0

Foto: SSV matbuot xizmati

“Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirish choralari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Unga koʻra, qon bilan ishlash xizmatini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:

— aholi orasida begʻaraz donorlik madaniyatini shakllantirish, donorlik harakatini keng jamoatchilik ishtirokida rivojlantirish, qon donorlariga sifatli xizmat koʻrsatish va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

— qon bilan ishlash xizmati muassasalarini yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlash, gemotransmisciv infeksiyalarga tekshirishda zamonaviy immunoferment tekshiruvlari bilan bir qatorda PZR-tekshiruvlarini amaliyotga tatbiq etish;

— ilgʻor xorijiy tajriba asosida klinik va ishlab chiqarish transfuziologiyasi yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, soha xodimlarining nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalari va markazlarida malaka oshirishi va stajirovka oʻtashini tashkil etish;

— transfuziologiya yoʻnalishida yuqori texnologiyalarga asoslangan fundamental, innovatsion va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish, xodimlarning ilmiy salohiyatini oshirish;

— qon bilan ishlash xizmati muassasalarining sarf vositalariga boʻlgan ehtiyojini byudjet mablagʻlari hisobidan toʻliq qoplash;

— ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali aholi orasida qon donorligi ahamiyatini keng targʻib qilish, begʻaraz donorlikni rivojlantirish boʻyicha volontyorlik harakatini ommalashtirish, sayyor donorlik koʻlamini kengaytirish.

Bundan tashqari, qaror bilan:

Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirish dasturi;

2022–2025-yillarda qon bilan ishlash xizmati muassasalarini jihozlash parametrlari;

aholi orasida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari ham tasdiqlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?