SSV: Poytaxtda pichoqlangan toʻrt nafar bemorning ahvoli ijobiy tomonga oʻzgarmoqda

18:26 26 Iyul 2022 Jamiyat
421 0

Foto: Arxiv surat

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida erkak 4 nafar oila aʼzosi — turmush oʻrtogʻi, qaynonasi, qaynsinglisi va farzandini pichoqlaganiga doir xabarlar tarqalgan edi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu jarohatlangan bemorlarning bugungi kundagi ahvoli va salomatligi yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi.

Joriy yilning 21-iyul kuni soat 21.10 da Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yuqoridagi mudhish hodisa oqibatida jarohat olgan toʻrt nafar bemor “Tez yordam” mashinasida ogʻir ahvolda olib kelingan.

Oʻta tezkorlik bilan oʻtkazilgan tibbiy tekshiruvlar natijasida birinchi bemor — 1994-yilda tugʻilgan S.D.ga «Koʻkrak va qorinoldi devori oʻtuvchi qoʻshma kesib-sanchilgan yarasi. Oʻng oʻpka va ingichka ichak jarohati. Chap yelka kesib-sanchilgan koʻplab yaralari...» tashxisi qoʻyildi.

Ikkinchi bemor — 1965-yilda tugʻilgan O.L. «Chap koʻkrak qafasi kesib-sanchilgan yarasi. Chap oʻpka jarohati. Koʻkrak oʻng qafasi oʻtmas kesib-sanchilgan yarasi. Pnevmogemotoraks. Chap bilak va kaft koʻplab kesib-sanchilgan yaralari...» tashxisi bilan shoshilinch ravishda jarrohlik stoliga yotqizildi.

Uchinchi bemor — 1990-yilda tugʻilgan X.N. «Qorinoldi devori oʻtuvchi kesib-sanchilgan yarasi. Jigar chap boʻlagi va oshqozonosti bezi jarohati. Oʻng qoʻltiq sohasi oʻtmas kesib-sanchilgan yarasi...» diagnozi bilan operatsiyaga olindi.

Toʻrtinchi bemor — yetti yoshli M.A.da «Koʻkrak va qorinoldi devori oʻtuvchi qoʻshma kesib-sanchilgan yarasi. Katta charvi eventeratsiyasi. Taloq, ingichka ichak va diafragma jarohati...» aniqlanib, unda bolalar boʻlimida jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi.

Murakkab va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bir paytning oʻzida toʻrtta tibbiyot brigadasi tomonidan bajarildi. Amaliyotdan soʻng ular reanimatsiya boʻlimiga yotqizildi. Kechadan esa barchasi xirurgiya boʻlimiga olindi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimovning maʼlum qilishicha, ayni paytda toʻrt nafar bemorning ham ahvoli barqaror. Stabillashgan. Ijobiy tarafga oʻzgarish bor.

Sogʻliqni saqlash vazirligi ularning holatini nazoratga olgan. Bemorlarga markazning eng malakali mutaxassislari tomonidan standart asosida tegishli tibbiy yordam koʻrsatilyapti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?