SSV Oʻzbekistondagi barcha tibbiyot muassasalari dam olish kunlari ham ishlashini maʼlum qildi

04:06 22 Iyul 2021 Jamiyat
169 0

Sogʻliqni saqlash vazirligining maʼlum qilishicha, mamlakatimizdagi keskin epidemiologik vaziyatni hisobga olib, Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan eʼlon qilingan dam olish kunlarida ham aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlardagi barcha tibbiyot muassasalarining tunu kun uzluksiz faoliyat olib borishi yoʻlga qoʻyildi.

Unga koʻra:

Maxsus SOVID-19 poliklinikalarining toʻlaqonli faoliyat yuritishini;

mamlakatimizdagi 199 ta koʻp tarmoqli poliklinikalarda uch nafar umumiy amaliyot va bir nafar pediatr shifokori hamda ularga biriktirilgan holda uch nafar hamshira va muolaja xonasiga masʼul xodimlardan iborat tarkibda 2 smenada tunu-kun navbatchilik tashkil etilishini;

barcha oilaviy poliklinikalarda tegishli avtomobillar biriktirilgani holda tunu-kun ishlaydigan 2-3 nafardan oilaviy shifokor va hamshiradan iborat postlarni tashkil etilishini;

Call-markaz (1003) orqali malakali mutaxassislar koronavirus boʻyicha aholi tomonidan berilayotgan savollarga tunu kun toʻliq javob berilishi belgilangan.

Bugungi kunda koronavirus infeksiyasi, pnevmoniya yoki ushbu kasalliklarga gumon qilingan va boshqa yuqumli xastaliklar bilan kasallangan bemorlarni davolash maqsadida mamlakatimiz boʻyicha jami 82 ta maxsus shifoxonalar faoliyat yuritmoqda.

Kasallik klinik belgilarsiz va yengil kechayotganligi sababli uy sharoitida davolanayotgan bemorlar salomatligi nazorati va davolanishini tashkil etish hamda ularga ambulator hamda bemor uyiga borgan holda xizmat koʻrsatishni tashkil qilish maqsadida 124 ta ixtisoslashtirilgan maxsus poliklinikalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ularda 222 ta “mobil brigadalar” tashkil etilgan.

Qayd qilinishicha, koʻrilgan chora-tadbirlarga qaramasdan, dam olish kunlarida tez tibbiy yordam xizmatiga murojaatlarning keskin ortganini koʻrish mumkin. Bu esa koronavirus bilan aloqador boʻlmagan boshqa murojaatchilarga xizmat koʻrsatishda qiyinchiliklar ham keltirib chiqarishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?