SSV: Oʻzbekistonda “omikron”ning VA.5 varianti dominant versiyaga aylandi

15:01 02 Dekabr 2022 Jamiyat
525 0

Yurtimizda noyabr oyidan boshlab koronavirusga chalingan bemorlar soni sezilarli darajada ortmoqda. Xususan, kecha mamlakatimiz boʻyicha 159 kishida kasallik roʻyxatga olindi.

Oʻsish dinamikasi, avvalo, kunlar sovib, odamlar asosiy vaqtini yopiq bino va inshootlarda oʻtkazayotgani bilan bogʻliq. Qolaversa, COVID-19ning yuqumlilik darajasi yuqori boʻlgan yangi mutatsiyalari bemorlar soni koʻpayishiga sabab boʻlyapti.

Xoʻsh, Oʻzbekistonda hozirgi kunda “omikron”ning qaysi subvarianti dominant versiyaga aylangan?

Buni aniqlash maqsadida joriy yil 10-12-noyabr kunlari Respublika maxsus 1-son Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga gospitalizatsiya qilingan 27 nafar bemordan tibbiy namunalar olindi.

Shundan soʻng ushbu tahlillar Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilgʻor texnologiyalar markazida sekvenlash jarayonidan oʻtkazildi. Natijada 27 nafar bemor “omikron” shtammining BA.5 subvarianti bilan zararlangani maʼlum boʻldi.

BA.5 subvariantining avvalgi mutatsiyalardan farqi nimada?

Mazkur versiyaning yashirin davri boshqa shtammlar singari 5-6 kun emas, 2-3 kunni tashkil etyapti.

Uning asosiy belgilari:

— tomoq ogʻrigʻi,

— tana haroratining gektik (41 darajagacha) koʻtarilishi,

— bosh va mushaklarda kuchli ogʻriq,

— holsizlik,

— uyquchanlik,

— konyuktivit (10 foiz holatda),

— rint va tonzilit (40 foiz holatda),

— otit (10 foiz holatda),

—diareya (10 foiz holatda) yuzaga kelishi kuzatilmoqda.

Shuningdek:

— kuchli va xurujli yoʻtal,

— baʼzi hollarda koʻkrak qafasida ogʻriq,

— nafas qisishi va havo yetishmaslik belgilari yuzaga kelmoqda.

— Oʻpka toʻqimasining zararlanishi 30-40 foiz holatlarda kuzatilmoqda, — deydi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov. — Bunday bemorlarning aksariyati uy sharoitida yoki baʼzi xususiy klinikalarda antibiotik, gormon preparatlari hamda tomchi dorilarni tomir ichiga maqsadsiz va palapartish qabul qilgan yurtdoshlarimizdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер