SSV: Magnit boʻroni kuzatiladigan kunlarda yogʻli, achchiq va shoʻr taomlardan tiyilish tavsiya etiladi

15:52 08 Avgust 2022 Jamiyat
213 0

“Oʻzgidromet” agentligi tomonidan bugun Toshkentda G3 darajali va 4 ballga teng magnit boʻronlari boʻlishi prognoz qilingan edi. Ayni paytda kuzatilayotgan ushbu hodisa salomatligimizga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi uchun qanday yoʻl tutish lozim?

Sogʻliqni saqlash vazirligi bu borada quyidagi tavsiyalarni beradi:

Magnit boʻronidan arterial gipertoniya xastaligiga chalingan bemorlar koʻproq aziyat chekadi.

Bu holat organizmda tashqi stresslarga chidamlilikni taʼminlaydigan melatonin moddasi ishlab chiqarilishining kamayishi bilan izohlanadi.

Qolaversa, magnit boʻroni bronxial astma bilan ogʻrigan odamlar salomatligida ham muammolarni keltirib chiqarishi kuzatilgan.

Shunday ekan, bunday vaziyatda, avvalo, ovqatlanish ratsioniga alohida eʼtibor qaratish va koʻproq suyuqlik ichish lozim.

Hoʻl mevalar, qolaversa, mayiz va turshak kabi kaliyga boy mahsulotlar, tarkibida C vitamini koʻp boʻlgan neʼmatlardan isteʼmol qilish zarur.

‼️Magnit boʻroni kuzatiladigan kunlarda spirtli ichimliklardan butunlay voz kechish hamda yogʻli, achchiq, shoʻr taomlar isteʼmol qilmaslik tavsiya etiladi. Chunki tuz qon bosimi oshishiga sabab boʻladi.

Tinchlantiruvchi xususiyatga ega choylardan ichish ham maqsadga muvofiq. Oʻz navbatida, mutaxassislar ortiqcha zoʻriqtiruvchi ishlar va mashgʻulotlar bilan vaqtincha shugʻullanmaslikni maslahat berishadi.

Surunkali kasalliklarga chalinganlar esa oʻzlari bilan shifokorlar tomonidan buyurilgan dori-darmonlarni olib yurishlari hamda qon bosimini tez-tez nazorat qilib turishlari lozim.

Kun davomida bir necha marta dush qabul qilish ham katta foyda beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?