SSV: Keksa va nogironlarga ajratilayotgan protez-ortopediya moslamalari hamda texnik vositalar soni ikki baravar koʻpaydi

10:56 03 Dekabr 2022 Jamiyat
307 0

Foto: Illustrativ surat

Oʻttiz yildirki, 3-dekabr sanasi jahonda Xalqaro nogironlar kuni sifatida nishonlanadi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad nogironligi boʻlgan insonlarning jamiyatda oʻz oʻrnini topishi, toʻlaqonli hayot kechirishi uchun koʻmaklashishga dunyo jamoatchiligi eʼtiborini qaratishdan iborat.

Maʼlumotlarga koʻra, hozirgi kunda Yer shari aholisining 1,1 milliard nafarini keksa avlod vakillari, 1 milliard nafarini esa nogironligi boʻlgan shaxslar tashkil etadi. Yurtimizda nafaqadagi yurtdoshlarimiz soni 3,5 million, nogironligi boʻlgan shaxslar esa qariyb 1 million nafarga teng.

Xoʻsh, ular uchun bugun jamiyatimizda qanday imkoniyat va imtiyozlar yaratilgan? Bu savolga Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktori Alisher Inakovdan quyidagicha javob oldik.

— Mamlakatimizda oʻzgalar parvarishiga muhtoj hamda yolgʻiz yashaydigan keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga xonadonida, shuningdek, “Muruvvat” va “Saxovat” internat uylarida statsionar sharoitlarda qator tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilmoqda.

Jumladan:

reabilitatsiya markazlarida tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya va abilitatsiya choralari koʻrilmoqda;

ehtiyojmand keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar protez-ortopediya moslamalari hamda reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlanyapti;

sihatgohlarda bepul yoʻllanmalar asosida sogʻlomlashtirilmoqda;

tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolar koʻrikdan oʻtkazilib, ularga tibbiy, ijtimoiy, kasbiy reabilitatsiya choralari belgilanmoqda.

Keyingi yillarda mazkur yoʻnalishda 25 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingani ham bu sohaga davlatimiz nechogʻli katta eʼtibor qaratayotganini tasdiqlaydi. Buning natijasida esa mavjud imkoniyatlar yanada kengayib bormoqda.

Masalan, yolgʻiz keksa va nogironligi boʻlgan shaxslarga har oyda bepul yetkaziladigan oziq-ovqat mahsulotlari hamda gigiyena vositalari turi 9 tadan 19 tagacha koʻpaytirildi.

2022-yilning iyun oyidan oziq-ovqat va gigiyena vositalari uchun har oylik pensiyalarga qoʻshimcha ravishda toʻlovlar joriy etildi.

Muhtojlarga yetkazilgan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari soni 24,5 mingtadan 42 mingtagacha oshdi.

Muhtojlarga bepul beriladigan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari roʻyxati 22 ta turdan 30 tagacha koʻpaytirildi.

Uyda ijtimoiy xizmat bilan qamrab olinganlar soni 15,7 ming nafardan 19,2 ming nafargacha, sanatoriylarda sogʻlomlashtirilganlar soni 35,8 mingdan 43,0 ming nafargacha oshdi.

“Saxovat” uylari, urush va mehnat faxriylari, pensioner va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun sanatoriylar 17 ta avtobus bilan taʼminlandi.

“Muruvvat” va “Saxovat” uylaridagi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning oziq-ovqat va dori taʼminoti uzluksiz oshirib borilmoqda, yurtimizning diqqatga sazovor joylari va ziyoratgohlariga tashriflar uyushtirilmoqda, ularning hayot sharoitlarini yanada yaxshilashga qaratilgan ijtimoiy xizmatlar koʻlami ortdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер