SSV: Bir yilda ishlab chiqariladigan qon hajmi 150 ming litrga yetkaziladi

10:36 10 Avgust 2022 Jamiyat
240 0

Foto: SSV matbuot xizmati

Prezident qaroriga koʻra, 2026-yil 1-yanvarga qadar yillik donatsiyalar soni 350 mingtaga, har ming aholiga donatsiyalar koʻrsatkichi 10 taga, qon tayyorlashda mobil sayyor guruhlar ulushi 50 foizga yetkaziladi.

Qon bilan ishlash xizmati muassasalari tomonidan bir yilda ishlab chiqariladigan qon hajmi 150 ming litrga, eritrotsitlar massasi – 75 ming litrga, plazma hajmi – 60 ming litrga, albumin hajmi – 1 000 litrga, immunoglobulin hajmi – 2 ming dozaga yetkaziladi.

2024-yil 1-yanvarga qadar qon bilan ishlash xizmati muassasalarida donorlar qonida gemotransmissiv infeksiyalar mavjudligini ikki bosqichda tekshirish (IFA/PZR) amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

2022–2024-yillar davomida qon bilan ishlash xizmati muassasalari 15 ta sitaferez apparati, 15 ta qonni qayta ishlash uchun refrijeratorli sentrifuga, 7 ta tezkor kontaktli muzlatkich, 15 ta toʻliq avtomat immunoferment (IFA/IXLA) analizatori, 14 ta PZR analizatori va 13 ta koʻchma donorlik kompleksi bilan jihozlanadi.

Yetarli hajmda qon komponentlari zaxirasini yaratish maqsadida qon bilan ishlash xizmati muassasalari zarur miqdordagi gemokonteynerlar bilan taʼminlanadi va ularning markazlashgan xaridini tashkil qiladi.

Bunda 2023-yilda jami xarid qilingan gemokonteynerlarning 50 foizini, 2024-yilda – 75 foizini va 2025-yilda – 100 foizini leykofiltrli gemokonteynerlar tashkil etadi.

Qon bilan ishlash xizmati muassasalarini jihozlash bilan bogʻliq sarf-xarajatlar 2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasining byudjetidan Sogʻliqni saqlash vazirligiga birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida ajratiladigan mablagʻlar doirasida, 2023-yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?