SSV: Bachadon boʻyni saratoni skrining dasturini amalga oshirish boʻyicha matbuot konferensiyasi boʻlib oʻtdi

11:50 29 Sentyabr 2022 Jamiyat
361 0

 Foto: Akmal Muhammаdov \ "Xalq so‘zi"

Sogʻliqni saqlash vazirligi va BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda bachadon boʻyni saratoni skrining dasturini amalga oshirishga bagʻishlangan anjuman boʻlib oʻtdi.

Unda Sogʻliqn saqlash vazirligi mutaxassislari, sohaga aloqador tibbiyot muassasalari vakillari, xalqaro ekspertlar, jumladan, UNFPA vakili Yu Yu va Koreya xalqaro salomatlik fondi (KOFIH) vakili Kim Xiyeyun, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Anjumanda mazkur kasallikni erta aniqlash va oldini olish borasida yurtimizda qilinayotgan ishlar samaradorligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Chirchiq shahrida amalga oshirilgan pilot-loyiha natijalari tahlil qilindi.

— Mamlakatimizda onkologik kasalliklar tarqalishining oldini olish va erta diagnostika qilish boʻyicha “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident qarorida bachadon boʻyni saratoniga qarshi kurash boʻyicha muhim koʻrsatmalar belgilab berilgan, — deydi Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Elmira Basitxanova. — Bu hujjat bizga 30–55 yoshdagi ayollarni bachadon boʻyni hamda 45–65 yoshdagi ayollarni koʻkrak bezi saratoni boʻyicha skriningdan oʻtkazish boʻyicha huquqiy asos boʻlib xizmat qilyapti.

Barcha tuman va shaharlarda «onko-nazorat» xonalari tashkil etilishi, ular faoliyatining sifati Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi maxsus axborot tizimi orqali markazlashgan holda nazorat qilinishi bu boradagi muhim voqealardan boʻldi.

“Ayollar maslahatxonasi” tarkibidagi ushbu «onko-nazorat» xonalarida ayollar orasida onkologik kasalliklar srkiningi oʻtkazib kelinmoqda.

Anjumanga yigʻilganlar Oʻzbekistonda bachadon boʻyni saratonini erta aniqlash borasida yuzaga kelayotgan muammolar, ularni hal etish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar, buning uchun yaratilgan huquqiy mexanizm afzalliklari haqida fikr almashdi.

Shuningdek, konferensiya doirasida umumiy amaliyot shifokori, onkolog, akusher-ginekolog kabi mutaxassislar uchun seminar-treninglar oʻtkazilib, ularga tegishli koʻrsatmalar berildi.

 

 

 Foto: Akmal Muhammаdov \ "Xalq so‘zi"

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?