SSV: “Asoratli homiladorlik asoratli bolalarning tugʻilishi degani emas”

19:53 05 Avgust 2022 Jamiyat
288 0

Ijtimoiy tarmoqlarda 2021-yil yurtimizda 910 ming nafardan ziyod bolaning 170 ming nafari asoratli tugʻuruq bilan dunyoga kelgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu esa jamoatchilikning xavotirlariga sabab boʻldi.

Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari E. Basitxanova mazkur holat yuzasidan oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi:

— Bugungi axborot asrida keng ommaga biror xabarni taqdim etish katta masʼuliyat yuklaydi, — deydi vazir oʻrinbosari. — Boisi birgina notoʻgʻri maʼlumot notoʻgʻri tahlillarga olib keladi. Notoʻgʻri tahlillar notoʻgʻri qarorlarni qabul qilishga sabab boʻladi. Sogʻliqni saqlash tizimida esa notoʻgʻri qarorlar achinarli oqibatlarni yuzaga keltirishi aniq.

Ctatistik maʼlumotlarga koʻra, bugun dunyoda ayollarning faqat 20 foizidagina homiladorlik davri fiziologik sogʻlom kechadi. Ularning 30-40 foizida esa bu jarayon yondosh kasalliklar bilan birga oʻtadi.

17 foiz ayollarda homila asoratli kechib, 30 foizida anemiya kuzatiladi. Qolaversa, deyarli har bir homiladorlikning erta davrida bolaning tushish xavfi mavjud.

Bu raqamlarni bejiz keltirganim yoʻq. Sababi Oʻzbekistonda oʻrtacha 900 ming nafar atrofidagi ayolning 170 mingtasida homiladorlik payti har xil turdagi, yaʼni anemiya va yondosh kasalliklarning kuzatilishi hamda homilaning asoratli kechishi dunyo statistikasiga mos.

Tarqalgan xabarlarda esa asoratli homiladorlik bilan bogʻliq raqamlar asoratli tugʻilgan chaqaloqlar statistikasi sifatida notoʻgʻri talqin qilinmoqda.

Xoʻsh, asoratli homiladorlik oʻzi nima?

Albatta bu koʻpchilik oʻylaganidek, ogʻir oʻlim holatlariga olib keladigan narsa emas. Yaʼni, homiladorlikning ilk davridagi oddiy koʻngil aynishi, meʼyordan ortiq qayt qilish, oyoqlardagi qon tomirlarning varikoz kengayishi, hatto, beldagi ogʻriqlar ham homilaning asorat bilan kechishi, degan tashxisni qoʻyishga sabab boʻladi.

Shuningdek, ayollardagi kamqonlik, immunologik oʻzgarishlar, kesarcha kesishni rejalashtirish, hatto, egizaklik ham tibbiy nuqtayi nazardan asoratli homiladorlik hisoblanadi. Qolaversa, ona qornidagi bolaning joylashishi yoki chaqaloqning tos suyagi va yonbosh bilan kelishini ham shunday deyishimizga asos boʻladi.

Yaʼni, asoratli homiladorlik asoratli bolalarning tugʻilishi, degani emas va bundan vahimaga tushishga hojat yoʻq.

Qolaversa, yurtimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish natijasida oxirgi yillar onalar oʻlimi kamayib, 21 promilledan 14,4 promillega tushdi. Ayniqsa, yaratilgan sharoitlar tufayli 500 gr. vazn bilan tugʻilgan va birgina hayot belgisi boʻlgan minglab goʻdaklarning yashab qolish imkoniyati yaratildi. Bu quvonarli, albatta.

Natijada mamlakatimizda goʻdaklar oʻlimi 25 foizga kamayib, Jizzax, Samarqand va Namangan viloyatlarida 6 promilledan pasaydi. Shuningdek, yurtimizda perinatal xizmati rivojlanib, uni nafaqat poytaxt, balki hududlardagi 46 ta tumanlararo markazlar orqali tashkil etish choralari koʻrilmoqda.

Albatta, bu ijobiy oʻzgarishlar mamlakatimizda mazkur soha davlat eʼtiborida ekanining tasdigʻidir. Shunday ekan, barchadan keng ommaga maʼlumot taqdim etayotganda bunga toʻgʻri va tushungan holda yondashishlarini alohida soʻrab qolaman. Aks holda, bu odamlar ongida notoʻgʻri tasavvur va xulosalarning paydo boʻlishiga sabab boʻlishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?