SSV: 2022-yilning oʻtgan davrida yurtimizda 12 nafar bemorda jigar transplantatsiyasi oʻtkazildi

16:12 04 Avgust 2022 Jamiyat
334 0

Inson salomatligiga jiddiy xavf tugʻdiruvchi kasalliklar koʻp. Biroq bugun zamonaviy tibbiyot avvallari oʻlimga yoki chuqur nogironlikka olib kelgan, inson organizmining deyarli barcha aʼzolari va tizimlariga salbiy taʼsir etuvchi bir qancha jiddiy xastaliklarni toʻliq davolash imkonini yaratmoqda. Bu jarayonlarda esa shubhasiz transplantatsiya alohida oʻringa ega.

Jigar inson organizmidagi qon ishlab chiqaruvchi, uni tozalovchi eng muhim organ. Shu bois ham ushbu tana aʼzosi bilan bogʻliq sirroz va boshqa terminal jigar kasalliklari dunyo tibbiyotida ogʻriqli muammolardan biri sifatida qaraladi.

Eng yomoni, mazkur xastalik Oʻzbekistonning mintaqaviy patologiyasi, hududimizda koʻp uchraydigan kasalliklar sirasiga kiradi. Ushbu dardni davolashning eng maqbul chorasi esa aʼzo koʻchirib oʻtkazish, yaʼni jigar transplantatsiyasidir.

Shu boisdan bugun akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Respublika virusologiya ilmiy tekshirish instituti oʻrtasidagi hamkorlik memorandumi doirasida diffuz jigar kasalligi bilan kasallangan bemorlar sonini tahlil qilish yoʻlga qoʻyilgan.

Natijada har yili yurtimizda ushbu kasallikning klinik koʻrinishlari bilan Respublika virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasining maxsus boʻlimida 5000 nafardan ziyod bemorlar ushbu kasallik boʻyicha davolanadi. Ulardan 500 nafari esa jigar transplantatsiyasiga potansial muhtoj bemorlardir.

Aytish kerak, avvallari bu kabi bemorlarning aksariyati ushbu turdagi amaliyotlarni oʻtkazish uchun Hindiston, Turkiya, Isroil, Germaniya kabi mamlakatlarga borishga majbur edi. Biroq davlatimiz tomonidan sohaga qarayotilgan eʼtibor tufayli yurtimizda transplantologiyaning mazkur yoʻnalishi ham yildan yilga rivojlanib bormoqda.

Buning uchun markaz mutaxassislari Rossiyaning akademik V.I.Shumakov nomidagi transplantatsiya va sunʼiy organlar markazida bir necha bor amaliyot oʻtab qaytdilar. Shu bilan birga, Belarus bilan hamkorlik doirasida oʻzbek shifokorlari Minsk jarrohlik, transplantatsiya va gematologiya ilmiy-amaliy markazida ham boʻlib, u yerda oʻtkazilgan oʻquv kurslarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Bularning barchasi 2021-yil yurtimizda ilk bor ortotopik jigar transplantatsiyasi operatsiyasini muvaffaqiyatli bajarish imkonini berdi.

— Ushbu yoʻnalishda koʻp sonli jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish zarurati tufayli bugunga kelib, muassasamizda gepatobiliar jarrohligi va jigar transplantatsiyasining ikkita yangi boʻlimi tashkil etildi, — deydi akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi jarrohi, professor Mirshavkat Akbarov. — Natijada oʻtgan 2021-yil markazda 8 ta mustaqil jigar transplantatsiyasi amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi. 2022-yilning shu davriga qadar esa yana 12 ta ana shunday murakkab amaliyot oʻtkazildi.

Taʼkidlash lozimki, 2023-2024-yillardan boshlab ushbu turdagi amaliyotlarni hududlarda ham joriy etish rejalashtirilgan. Shu bois ayni paytda bu yoʻnalishda mintaqaviy mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер