Sportchilarimiz Tokio — 2020 olimpiadasida munosib ishtirok etishlari uchun ularga motivatsiya berish kerak — Aziz Abduhakimov

22:06 12 Fevral 2021 Sport
1205 0

2021-yilda oʻtkaziladigan Tokio yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari oldidan sportchilarimiz va murabbiylarimizga motivatsiya ulashish, shuningdek ularning ushbu nufuzli musobaqaga yuqori samaradorlik bilan tayyorgarlik koʻrishini tashkil etish maqsadida mamlakatimizda tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligida Jismoniy tarbiya va sport vazirligida oʻtgan uchrashuvda shu haqida maʼlum qilindi.

— Mamlakatimiz sport delegatsiyasi shu kunga qadar Tokio yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga jami 42 ta litsenziyani qoʻlga kiritgan. Prezidentimiz va Hukumat tomonidan sportni rivojlantirishga bugungidek yuksak eʼtibor qaratilayotgan bir paytda bu koʻrsatkich kam, albatta. Hozirda atletlarimiz yana 68 ta litsenziya uchun kurash olib borishmoqda. Oʻzbekiston sport delegatsiyasi umumiy hisobda Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga 110 ta litsenziyani qoʻlga kiritishni maqsad qilgan va buning uchun imkoniyatlar yetarli,  — dedi Aziz Abduhakimov yigʻilishda.

Vazirlik matbuot xizmatining xabar berishicha, bugungi kunda Tokio — 2020 oʻyinlarida qatnashuvchi Oʻzbekiston terma jamoa aʼzolari uchun uzluksiz oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari tashkil etib berilmoqda. Shu bilan birga, qator sport turlari boʻyicha terma jamoamiz xorijda oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazishi uchun ham sharoit yaratib berilmoqda.

Bundan tashqari, terma jamoamizga 17 sport turi boʻyicha 22 nafar malakali xorijlik murabbiy-mutaxassis jalb etilgan.

Qayd etish lozimki, Olimpiya sport turlari boʻyicha milliy terma jamoalarimiz joriy yilning 25-iyunigacha 20 ta sport turi boʻyicha 49 xalqaro litsenzion musobaqada ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Yigʻilishda Aziz Abduhakimov barcha viloyatlarning turizm va sport masalalari boʻyicha maslahatchilariga Tokio-2020 yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olgan hamda litsenziyalar uchun kurash olib borayotgan har bir sportchining ijtimoiy holidan doimiy ravishda xabar olib turish, ularning muammolarini jiddiy oʻrganish va joyida hal qilish boʻyicha aniq topshiriqlar berdi, bu ularning nufuzli sport musobaqasiga yana-da yaxshi tayyorgarlik koʻrishi uchun motivatsiya boʻlishini taʼkidladi.

Uchrashuvda shuningdek 2025-yil Toshkentda oʻtadigan oʻsmirlar IV Yozgi Osiyo oʻyinlariga, 2024-yil Parij shahrida boʻladigan XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlariga ham tayyorgarlik masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Ushbu musobaqalarda ishtirok etishi mumkin boʻlgan yoshlar orasida seleksiya ishlarini hozirdan kuchaytirish, ularning puxta tayyorgarlik koʻrishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga doir taklif va mulohazalar tinglandi.

Yigʻilish yakuniga koʻra, koʻtarilgan muammo va takliflar yuzasidan “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, kamchiliklarni bartaraf etish choralari belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?