Spiker oʻrinbosari “In vitro” laboratoriyasi faoliyati bilan tanishdi

10:08 17 Aprel 2021 Jamiyat
324 0

Yaqinda Samarqand viloyatining Jomboy tumanida faoliyat boshlagan “Bogʻbon” agrokompleksida tashkil qilingan “In vitro” laboratoriyasida Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi, Agrar universitetining Samarqand filiali, Yongʻoq ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar uyushmasi, Bogʻbonlar maktabi mutaxassislari, agrar sohada tadqiqot olib borayotgan yosh olimlar, mutaxassislar, tajribali dehqonlar va bogʻbonlar bilan muloqot tashkil etildi.

Mazkur muloqotda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Haitov hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi vakillari ham ishtirok etdi.

Tadbirda Bogʻbonlar maktabi, “In vitro” laboratoriyasi, tuproq tahlili laboratoriyalari faoliyati yuzasidan axborot berildi.

Hozirda ushbu laboratoriyada mevali va manzarali daraxt koʻchatlari vegetativ usulda zamonaviy texnologiyalar asosida yetishtirilmoqda. Umumiy qiymati 2,5 million AQSH dollari boʻlgan loyihaning amalga oshirilishi natijasida shu paytgacha xorijdan olib kelingan mevali va manzarali daraxt koʻchatlari mahalliy sharoitda tayyorlanmoqda. Laboratoriyaning ishga tushirilishi 80 ta yangi ish oʻrni yaratilishiga zamin yaratdi.

— Faoliyatimizni boshlagan davrda xorijdan olib kelingan koʻchatlarimizning har bir donasining tannarxi 5 dollardan 20 dollargacha yetgan, — deydi “In vitro” laboratoriyasi rahbari Ilyos Haydarov. — Ayni paytda biz yetishtirayotgan koʻchatlar 3-3,5 dollar qiymatga ega boʻlmoqda. Eng muhimi, bogʻdorchilik bilan shugʻullanish niyatida kelgan xaridorlarning samarali faoliyat yuritishlari uchun ularning tuproq sharoitini oʻrganib, yerga mos koʻchatlarni tavsiya qilamiz. Buning uchun tuproq tashxislash laboratoriyamiz ham tashkil qilingan.

Laboratoriyaning yillik ishlab chiqarish quvvati 15 milliondan 20 million donagacha payvandtag, payvandlangan koʻchatlar yetishtirish imkonini beradi. Ayni paytda qoʻshni Turkmaniston, Afgʻoniston, Qirgʻiz Respublikalaridan buyurtmalar kelib tushmoqda. 2023-yildan laboratoriyada yetishtirilgan koʻchatlar eksportga chiqarilishi rejalashtirilgan.

Uchrashuvda OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Haitov davlatimiz rahbari raisligida shu yil 13-aprel kuni oʻtkazilgan Yoshlar masalalariga bagʻishlangan majlisida yoshlarni yerdan daromadga kirishgacha boʻlgan davrda “ustoz – shogird” tizimini joriy qilib, fermer, klaster hamda sektor rahbarlari yoshlarga amaliy yordam koʻrsatishi zarurligi taʼkidlanganligi, bu borada respublika boʻyicha 21 ta tumanda 2 mingdan 4,5 ming nafargacha yoshlarga dehqonchilik uchun yer ajratilganligini alohida taʼkidlab oʻtdi. Ushbu belgilab berilgan topshiriqlar, yoshlar tadbirkorligi va tashabbuskorligini oshirish, bogʻdorchilik va koʻchatchilikni rivojlantirish boʻyicha fikr mulohazalar va takliflarni bildirib oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?