СOVID-19ning yangi varianti bolalar va homiladorlarda qanday belgilar bilan namoyon boʻlmoqda?

Xabaringiz bor, joriy yilning yoz oylarida mamlakatimiz hududida “omikron” shtammining VA.2 versiyasi yetakchilik qilgandi. Ayni paytga kelib esa bemorlarning qariyb barchasida VA.5 subvarianti aniqlanmoqda.
Xoʻsh, ushbu yangi mutatsiya bolalar va homilador ayollarda qanday klinik belgilar bilan namoyon boʻlmoqda?
— Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan aholi qatlami hamda homilador ayollarning immun tizimi nisbatan sust boʻladi, — deydi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori oʻrinbosari Hilola Alimova. — Shu bois ularning yuqumli kasalliklar, jumladan, koronavirusga chalinish ehtimoli yuqori.
Xastalik belgilariga kelsak, VA.5 subvarianti alomatlari avvalgi VA.2 versiyasi simptomlari bilan deyarli bir xil kechmoqda.
Jumladan, bolalar va homilador ayollarda tumov, tomoqda ogʻriq va qizarish, OʻRVI, qolaversa, 3-5 foiz holatlarda allergiyaga moyilligi bor bemorlarda diareya hamda obstruksiya (boʻgʻilish xuruji) belgilari kuzatilyapti.
Shuningdek, muddatiga yetgan, uchinchi 3 oylikdan yuqori muddatdagi homiladorlarda (30 haftadan yuqori muddat) xastalik chogʻida homila suvining sezilarli miqdorda kamayishi va loyqalanishi yuzaga keladi. Bu esa homilaning dimiqishiga olib kelmoqda.
Bunday ayollarda koronavirus yuqori harorat, bosh va mushaklarda ogʻriq, holsizlik, uyquchanlik, rinit va tonzillit belgilari bilan namoyon boʻlmoqda. Qolaversa, baʼzi bemorlarni kuchli yoʻtal, koʻkrak qafasida ogʻriq bezovta qilyapti.
Qolaversa, fon kasalliklari bor bemorlar, masalan, tutqanoq xastaligi mavjud bolalar, kardiologik muammolardan aziyat chekayotgan ayollar va oʻgʻil-qizlarda koronavirus nisbatan ogʻirroq kechmoqda.
Quvonarli jihati, ushbu muddatdagi homiladorlarda kasallik yengil kechib, oʻpka toʻqimasining zararlanishi deyarli kuzatilayotgani yoʻq. Shunga qaramay, homilasi 30 haftalikdan oshgan opa-singillarimizga statsionar sharoitda davolanishni tavsiya etamiz.
Homiladorlikning birinchi va ikkinchi 3 oyligidagi bemorlar esa qatʼiy ravishda hududiy oilaviy poliklinikalar nazoratida boʻlib, tegishli muolajalarni olishlari shart.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Buyuk Britaniya bosh vaziri jarimaga tortildi
- NATO Ukraina masalasida Rossiya bilan muzokara qilishning yagona yoʻlini maʼlum qildi
- Energiya taʼminotini yaxshilash masalalari koʻrib chiqildi
- Maktablarda til va kasb oʻrgatishni rivojlantirish choralari belgilandi
- “Vatan — bamisoli quyoshga oʻxshash...”
- Burkina-Fasoda oʻgʻirlab ketilgan ayollar ozod qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring