Sotib olingan avtomobilni rasmiylashtirish uchun undiriladigan yigʻimlar bekor qilinishi mumkin

13:37 26 Oktyabr 2021 Jamiyat
844 0

Sotib olingan avtomobilni rasmiylashtirish (oformleniye) uchun undiriladigan yigʻimlar bekor qilinishi mumkin. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor Gʻaniyev oʻz telegram kanalida maʼlum qildi.

«Bundan bir necha hafta avval, ikkilamchi bozordan avtomobil xarid qilinganda uni boshqa shaxs nomiga oldi-sotdi shartnomasi orqali notarial rasmiylashtirish hamda DYHXX (GAI)da roʻyxatdan oʻtkazishda toʻlanadigan davlat boji va yigʻimlar miqdorining yuqoriligi haqida yozgandim. Shuningdek, ushbu davlat boji va yigʻimlar stavkalarini 2022-yil uchun davlat byudjetining parametrlarini shakllantirishda qayta koʻrib chiqishni soʻrab, Moliya vazirligiga deputatlik soʻrovi yuborgandim.

Bugun oʻsha soʻrovimga Moliya vazirligidan javob oldim. Soʻrov javobida aytilishicha, soʻrovda koʻtarilgan muammolarni inobatga olganda holda, Moliya vazirligi tomonidan 2022-yil byudjet parametrlarini shakllantirishda avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun undiriladigan yigʻimlarni bekor qilish koʻzda tutilmoqda. Bu esa sotib olingan avtotransport vositasini DYHXXda roʻyxatdan oʻtkazish uchun transport vositasining ot kuchi va ishlab chiqarilgan sanasidan kelib chiqqan holda fuqarodan undiriladigan bir necha million soʻmlik toʻlov bekor boʻlishini anglatadi.

Bundan tashqari, javob xatida Moliya vazirligi va Adliya Vazirligi tomonidan avtomobil oldi-shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun belgilangan davlat boji miqdorlari ham qayta koʻrib chiqilganligi hamda ularni pasaytirish yuzasidan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartirish kiritish yuzasidan qonun loyihasi ishlab chiqilayotganligi maʼlum qilingan.

Koʻrinib turibdiki, qonunchilikka yuqoridagi oʻzgarishlarni kiritish orqali 2022-yildan ikkilamchi bozordan sotib olingan avtomobilni rasmiylashtirish xarajatlarini keskin kamaytirish va fuqarolarga yengillik yaratish koʻzda tutilmoqda. Kechagi saylov natijalari ortidan bu yaxshi xabardan anglash mumkinki, prezidentlik saylovida gʻalaba qozongan Shavkat Mirziyoyevning ikkinchi prezidentlik davrida ham fuqarolarga qulaylik yaratish, ularni rozi qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida davom etadi.

Umid qilamizki, undiriladigan boj va yigʻimlarni kamayishi oʻz navbatida fuqarolarimizga oʻzlari xarid qilgan avtomobillarini mulk huquqi va fuqarolik munosabatlarida salbiy oqibatlar keltirib chiqaruvchi ishonchnomalar orqali emas, balki notarial oldi-sotdi shartnomasi orqali rasmiylashtirishga imkoniyat yaratadi. Bundan tashqari, avtomobillarni rasmiylashtirishdagi tranzaksional xarajatlarni kamayishi ikkilamchi bozorlarda avtomobillar oldi-sotdi koʻlamini oshishiga va “ikkinchi qoʻl” avtomobillar narxini tushishiga xizmat qiladi.

Shu oʻrinda, deputatlik soʻrovimizga befarq boʻlmay, unda koʻtarilgan masalaga eʼtibor qaratgan Moliya vazirligiga hamda fuqarolarga qiyinchilik yaratayotgan byurokratik toʻsiq va xarajatlarni bekor qilish tashabbusimizni doim qoʻllab-quvvatlaydigan Adliya vazirligiga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman», — deyiladi deputat maʼlumotida. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?