Soʻnggi 6 oyda “Tez yordam” xizmatiga qancha chaqiriq kelib tushgani ochiqlandi

18:01 07 Iyul 2022 Jamiyat
670 0

Kutilmaganda sodir boʻladigan har qanday koʻngilsiz hodisa inson hayoti va salomatligiga jiddiy xavf tugʻdirishi turgan gap. Tabiiyki, bunday holatda eng birinchi boʻlib “Tez yordam” xodimlari bemor uchun koʻmakka oshiqadi.

Qayd etish lozim, bugun yurtimizda shakllangan tez tibbiy yordam xizmati yurtdoshlarimiz hayoti va salomatligini asrashda muhim oʻrin tutmoqda. Ayniqsa, bu jihat koronavirus pandemiyasi davrida yanada yaqqol namoyon boʻldi.

Buni esa 2022-yilning oʻtgan 6 oyi mobaynida “103” xizmatiga kelib tushgan chaqiriqlar sonidan ham bilish mumkin.

Raqamlarni tahlil qilsak, 2022-yilning yanvar-iyun oylarida mamlakatimiz boʻyicha “Tez yordam”ga jami 6 million 245 ming 280 ta chaqiriq kelib tushdi. Shundan 570 ming 817 nafar bemor shifoxonalarga gospitalizatsiya qilindi.

Eng koʻp murojaat Fargʻona (719 341 ta), Andijon (666 206 ta), Toshkent viloyati (623 095 ta) va Toshkent shahri (622 578 ta) hissasiga toʻgʻri keldi.

Taqqoslash uchun, oʻtgan yilning yanvar-iyun oylarida yurtdoshlarimizdan tez tibbiy yordam xizmatiga jami 5 million 811 ming 380 ta chaqiriq kelib tushgan edi.

Maʼlumki, bugun yurtimizda koronavirus infeksiyasining oldini olish, uning tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik, xususan, chaqiriqlarni tezkor qabul qilish va bemorlarga sifatli tez yordam koʻrsatish maqsadida “103” xizmati brigadalari aholiga tunu kun xizmat qilmoqda.

— Joriy yilning oʻtgan olti oyi davomida “Tez yordam”ga koronavirusga chalingan va kasallikka gumon qilingan bemorlar boʻyicha 11 ming 157 ta chaqiriq kelib tushdi, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Tez tibbiy yordam xizmatini muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbari Davlatbek Yuldashev.

— Toʻgʻri, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 433 ming 900 taga kam. Ammo soʻnggi haftalarda yurtimizda kasallanish holatlari va “103” xizmatiga murojaatlar soni ortishi kuzatilmoqda. Shu bois ayni paytda mamlakatimiz boʻylab ixchamlashtirilgan tez tibbiy yordam brigadalari tashkil etilyapti. Bu esa chaqiruv manzillariga oʻz vaqtida yetib borish va kechikishlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?