Soʻnggi 4 yilda tadqiqotchilarning 60,2 foizigina dissertatsiyasini belgilangan tartibda himoya qilgan

14:35 29 May 2021 Jamiyat
519 0

Senatning yalpi majlisi kun tartibida navbatdagi masala Ilmiy faoliyatni rivojlantirish uchun koʻrilayotgan choralar holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

Majlisda Oliy Majlis Senatining 2020-yil 11-sentyabrdagi qarori bilan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari 2020-yil 5-fevraldagi Senat yalpi majlisida muhokama qilinib, soʻrovda koʻtarilgan masalalarga yetarlicha javob berilmaganligi qayd qilingan.

Xususan, ilm-fanga yoʻnaltiriladigan jami mablagʻlarning yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2021-yilga ulushi koʻrsatilmaganligi, doktorantlar bilan ishlash, ular tomonidan olib borilayotgan ishlarni monitoring qilish oʻz holiga tashlab qoʻyilganligi, mustaqil tadqiqotchilar va professor-oʻqituvchilarni maqolalari nufuziga qarab moddiy ragʻbatlantirish tizimi haqida maʼlumot berilmaganligi, ilmiy salohiyatni oshirish yoʻnalishida tahlillar, rejalar va aniq takliflar berilmaganligi, oliy taʼlim muassasalarining axborot-resurs markazi tizimini isloh qilish, ularning ilmiy va badiiy kitob fondini yangilash boʻyicha aniq choralar belgilanmaganligi tanqid qilingan hamda Senat qarori bilan qoʻshimcha muddat va topshiriqlar berilgan.

Muhokamada parlament soʻrovi Vazirlar Mahkamasi Rayosatining majlisida muhokama qilinib, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasini rivojlantirish yuzasidan 2021-yilda belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanganligi hamda parlament soʻrovida qoʻyilgan masalalarga yuzaki yondashgan mutasaddilarning masʼuliyatini oshirish choralari koʻrilganligi alohida taʼkidlandi.

Parlament soʻrovida koʻtarilgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilgan. Xususan, milliy ilm-fan va innovatsiya tizimini ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotdagi oʻrnini oshirish, hududlarda innovatsion faoliyatni rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarori qabul qilingan.

Shuningdek Vazirlar Mahkamasining ilm-fan sohasiga Jahon bankining 50 mln AQSH dollari ekvivalentidagi imtiyozli qarz mablagʻlarini jalb qilishga qaratilgan 2021-yil 3-aprelda “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida «Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilingan.

Mustaqil tadqiqotchi va professor-oʻqituvchilarning maqolalari nufuziga qarab moddiy ragʻbatlantirish tizimi yaxshilangan.

Shu bilan birga senatorlar tomonidan doktorantlar bilan ishlash, ular tomonidan olib borilayotgan ishlarni nazorat (monitoring) qilish choralari yetarli darajada tashkil etilmaganligi, jumladan, soʻnggi toʻrt yil mobaynida ilmiy darajali kadrlar tayyorlash institutlari mavjud boʻlgan 125 ta oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlarda jami 1 795 nafar tadqiqotchi doktorantura bosqichini tamomlagan boʻlsa-da, ularning faqatgina 1 080 nafari (60,2 foiz) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyasini belgilangan tartibda himoya qilganligi (shundan 313 nafari yoki 29,0 foizi oʻz muddatida himoya qilgan) tanqid qilindi.

Majlisda parlament soʻrovida belgilangan masalalar yuzasidan Hukumat tomonidan qabul qilingan chora-tadbirlar rejasining ijrosi Senat nazoratida qoldirilishi toʻgʻrisida Senat qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?