Soʻnggi 1 oy ichida 3 ming kilogrammdan ortiq sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmoldan chiqarildi

19:15 13 Mart 2023 Iqtisodiyot
652 0

Foto: Arxiv surat

Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi boshqarmasi boshligʻi Elyor Ahmadaliyev maʼlum qildi.

Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha Hukumat komissiyasining 2023-yil 16-fevraldagi 7-sonli bayoniga asosan joriy yilning 1-mart kunidan 1-aprel kuniga qadar Respublikamizda “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi oyligi” oʻtkazilmoqda.

Ushbu oylikdan koʻzlangan maqsad bahor mavsumida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlar, xususan sel, toshqin va koʻchki hodisalari, ovqatdan zaharlanish va Qrim-Kongo kasalligi bilan bogʻliq mavsumiy favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni amalga oshirishdir.

Shuningdek, oylik davomida taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakat qilish boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida “Fuqaro muhofazasi” kunlari tashkil etiladi.

Ushbu oylik respublikaning barcha hududlarida keng qamrovda oʻtkazilib, unda qator tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.

Xususan, Respublika boʻyicha 800 dan ziyod iqtisodiy va 10 mingdan ortiq ijtimoiy obyektlar, shuningdek sel, toshqin va koʻchkiga xavfli 35 ta obyektlar oʻrganib chiqildi.

— 40 dan ortiq kamchiliklar bartaraf etildi.

— 49 ta daryo va kanallar oʻzanlari tozalandi.

Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, “Oʻzgidromet” xizmati agentligi, Xavfli jarayonlarni kuzatish davlat xizmati tomonidan sel, toshqin va koʻchkiga xavfli hududlardagi 579 ta xoʻjaliklar oʻrganib chiqildi.

Shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda xavfli hududlarda maxsus-taktik oʻquv mashqlari oʻtkazilib, ularda oʻzan tozalash va qirgʻoq mustahkamlash ishlari bajarildi.

29 ta suv omborlari va 40 ta GESlarning texnik mustahkamlik holati oʻrganib chiqildi.

Hududiy Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalari bilan birgalikda insonlarning sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanishining oldini olish boʻyicha jami 4 700 dan ziyod bozorlar, savdo majmualari va boshqa obyektlarda oʻrganishlar olib borildi.

Olib borilgan tadbirlarda 3 000 kilogrammdan ortiq sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmoldan chiqarildi.

Qrim-Kongo kasalligining oldini olishga qaratilgan tadbirlarda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalari, veterinariya xizmati bilan birgalikda 5 520 ta obyektlar oʻrganilib, 473 014 metr kv. maydon kimyoviy ishlov berish orqali zararsizlantirildi.

Yuqoridagilardan tashqari, 1 726 ta taʼlim muassasalari, shifoxonalar, ishlab chiqarish va boshqa ijtimoiy soha va iqtisodiyot obyektlarida “Fuqaro muhofazasi kuni” tadbirlari oʻtkazildi.

Taʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida tashkil etilgan “Yosh qutqaruvchi” koʻngillilar klublari bilan 595 ta musobaqalar oʻtkazilib, ishtirokchilarning favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakat qilish va bunday vaziyatlarda qutqaruv ishlarini olib borish boʻyicha bilim va koʻnikmalari shakllantirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?