Soliqchilar tadbirkorning cho‘ntagiga nega ko‘z olaytirdi?

11:11 14 Oktyabr 2021 Jamiyat
184 0

Buxoro tumanidagi “Baxriddin Shermuhammad” masʼuliyati cheklangan jamiyati masʼullarini viloyat davlat soliq boshqarmasi xodimlarining  qonunchilikka zid xatti-harakatlari xavotirga soldi.

Soliq sohasida huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymagani uchun ham o‘zlarining  haq ekaniga qatʼiy ishongan ishbilarmonlar Buxoro viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qilib, amaliy yordam so‘radi. Murojaat atroflicha o‘rganib chiqildi. Pirovardida tadbirkorlar manfaatini ko‘zlab Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi kiritildi. Sudning tegishli hal qiluv qaroriga asosan viloyat DSB orqali byudjetdan undirilgan jami 35 million 230 ming so‘m mablag‘ masʼuliyati cheklangan jamiyatga qaytarilishi belgilandi.

-Bizga aholidan ham ko‘plab murojaatlar tushmoqda,- deydi Buxoro viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Anvar Ro‘ziyev vazirlikning “Ochiq adliya” ( “Open Justice”) dasturi doirasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida. – Mana, bir misol. Buxoro shahrida yashovchi A. Haydarovdan “Issiqlik manbai” DUK tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblangani to‘g‘risidagi murojaati kelib tushdi. O‘rganishlar natijasida unga 11 million so‘m noreal qarzdorlik hisoblangani aniqlandi. Daʼvo arizasi kiritilgach, sudning tegishli qarori bilan bu qarzdorlik bekor qilindi. Umuman, boshqarmamizga shu yilning 9 oyi davomida jami 3 ming 426 ta ariza va shikoyat kelib tushgan. Murojaatlarning 70 foizi qanoatlantirildi. 710 tasiga huquqiy tushuntirish berildi. 160 ta murojaat vakolat doirasida ko‘rib chiqib, hal etish maqsadida tegishli idora va tashkilotlarga yuborildi.

 

Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?