Soliq toʻlovchilarning ishonchli hamkori

11:26 18 Aprel 2022 Jamiyat
400 0

Dunyodagi tez oʻzgaruvchan, murakkab vaziyatda soliq tushumlari barqarorligini taʼminlash, sohani takomillashtirish, tadbirkorlarga koʻmak berish sifati va koʻlamini oshirish yuzasidan soliq tizimi tomonidan manzilli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Joriy yilning 16-mart kuni Prezidentimiz Davlat soliq qoʻmitasiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari sohani raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, soliq idoralarini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish va tadbirkorlarga koʻmak berish zarurligini alohida taʼkidladi.

Soliq toʻlovchilarga teng raqobat sharoitlarini yaratish, shuningdek, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida Davlat soliq qoʻmitasi hamda Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi rahbar xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruh har bir hududiy soliq inspeksiyalari xodimlari bilan uchrashib, Yurtboshimiz tomonidan berilgan topshiriqlarning ijrosini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berishdi. Shuningdek, tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi.

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasida matbuot va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida boʻlib oʻtgan yigʻilishda boshqarma boshligʻi Y. Nasimjonov joriy yilning birinchi choragi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

Davlat soliq boshqarmasi hamda hududiy inspeksiya rahbarlari ishtirokida tumanlarda jami 28 marotaba tadbirkorlar bilan bevosita ochiq muloqotlar tashkil etilib, qariyb 3 400 ta tadbirkorlik subyektiga soliq qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar, yangiliklar, avtomatlashtirilgan axborot tizimlari haqida batafsil maʼlumotlar berildi.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda Toshkent shahrida jami 122 521 yuridik shaxslar faoliyat yuritadi. Shundan joriy yil boshidan buyon 13 678 ta korxona faoliyati oʻrganilib, “Soliqchi — koʻmakchi” tamoyili asosida aniqlangan 6 743 ta muammoli vaziyatlar soliqchilar koʻmagida hal etildi.

Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlarida norasmiy tarzda faoliyat yurituvchi 13 155 nafar fuqaro faoliyati qonuniylashtirildi va natijada Davlat byudjetiga 5,8 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ yoʻnaltirildi.

Shuningdek, bugungi kunga kelib mamlakatimizda aholi va biznes uchun qulayliklar koʻlamini yanada oshirish, soliq munosabatlarida inson omilini kamaytirish maqsadida soliq maʼmuriyatchiligi tubdan isloh qilinmoqda. 

Xususan, Soliq kodeksiga asosan, soliq turlari 13 turdan 9 taga qisqardi. Mol-mulk soligʻi esa 5 foizdan 1,5 foizga tushdi. Qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) 20 foizdan 15 foizga pasaytirildi. Buning natijasida tadbirkorlik subyektlari soni koʻpayib, QQS toʻlovchilar soni 1 700 dan 33 000 taga yetdi.

Bu hali hammasi emas. Bugun nafaqat tizimdagi islohotlar balki aholining hayotdan rozi boʻlib yashashlarini taʼminlash maqsadidagi islohotlar surʼati ham yanada oshdi. Prezidentning tegishli Farmoniga asosan soliq tizimi xodimlari aholiga sayyor davlat xizmatlari koʻrsatish bilan birga ularning muammo va kamchiliklarini oʻrganib, muammolarni bartaraf etishmoqda.

Bunda Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshligʻi tomonidan tumanlarda ommaviy sayyor qabullar oʻtkazib kelinayotgani qoʻl kelyapti.

Bugungi kungacha barcha tumanlar kesimida 49-marta sayyor qabul oʻtkazilib, aholidan jami 352 ta murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaatlarning 207 tasi bartaraf etilgan boʻlsa muddat talab etadiganlari yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

Fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot davomida uy-joy uchun subsidiya, tadbirkorlikni boshlash kredit olish, tibbiy va moddiy yordam koʻrsatish, gaz quvurlarini oʻtkazish, kadastr, noqonuniy qurilish, aliment toʻlovlarini undirish, mahalliy ichki yoʻllarni taʼmirlash va shu kabi qator muhim masalalar koʻrib chiqildi.

Yaqinda oʻtkazilgan sayyor qabulda tikuvchilik faoliyati bilan shugʻullanuvchi fuqaro Farhod Saʼdullayev oʻz tadbirkorlik ishini rivojlantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsadida tikuv mashinasi soʻrab murojaat qilgan edi. Murojaatni bartaraf etish va biznes imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida bu fuqaroga 10 ta tikuv mashinasi olib berildi.

Umuman, aholi muammolarining bartaraf etilishida sayyor qabullar va ochiq muloqotlar oʻz samaralarini beryapti.

Shohruh QOʻCHQOROV,

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati xodimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?