SOʻXLIKLAR yoxud inson qadri ulugʻ yurt farzandlari

17:05 13 Iyun 2022 Jamiyat
290 0

Foto: Xalq so‘zi

Soʻx tumani – tabiati va iqlimi noyob, tabiiy joylashuviga koʻra “kichik orolcha”, ochiq osmon ostidagi dilkusho manzil. Ochiqkoʻngil va ochiq yuzli soʻxliklar har bir kelgan mehmon bilan borini baham koʻruvchi tanti, olijanob eldir.

Ibtidoiy odamlar manzilgohlari, qadimiy “tosh tumor”i, shoh Bobur bilan bogʻliq afsona va rivoyatlarning oʻzi Soʻx yurtimizning koʻhna tarixga ega maskanlaridan biri ekanini dalolatlaydi. Tumanda asrlar davomida sayqallanib kelayotgan qadriyat va anʼanalar bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq.

Yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida Soʻx tumani markazidan tortib eng olis qishloqlarigacha yangilanish va oʻzgarishlarga yuz tutdi. Bu yerda zamonaviy, bir paytning oʻzida milliy meʼmoriy qiyofa kasb etayotgan yangi inshootlar, bogʻ va xiyobonlar, keng va ravon yoʻllar, muhtasham xizmat koʻrsatish va servis shoxobchalari, sanoat korxonalari birin-ketin qad rostlamoqda.

Tinch-osoyishta, farovon hayot shukuhi, obod etilayotgan koʻhna obidalar, ziyoratgohlar, qadrdon qishloqlar qiyofasini oʻzgartirib yuborayotgan taʼlim va tibbiyot obyektlari, sport komplekslari, madaniy-maʼrifiy inshootlar tumandagi har bir oila, inson qalbida yashash zavqini, ertangi kun istiqboliga boʻlgan ishonchni yuksaltirmoqda.

— Bugun yurtimizdagi kattayu kichik hayotning joʻshqin oqimidan chetda emas,-deydi Soʻx tumani hokimi Saidbahrom Saidmoʻsayev. — Shu oʻrinda davlatimiz rahbari tomonidan tatbiq etilayotgan tashabbuslarga bejiz Uchinchi Renessans bunyod etish uchun tashlanayotgan dadil qadamlar sifatida taʼrif berilmayotganini aytish joiz. Xuddi shunday, soʻxliklar turmush tarzida, dunyoqarashida, orzu-umidlarida roʻy berayotgan oʻsishni Prezidentimiz olib borayotgan xalqchil siyosatning amaldagi yana bir tantanasi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Bolaparvarlik, hayotning eng totli neʼmatlarini farzandlarga ilinish tuygʻusi xalqimizning qon-qoniga singib ketgan fazilatdir. “Soʻx” bolalar oromgohining tantanali ochilish marosimida otameros bu fazilatning davlatimiz siyosatida ham oʻz ifodasini topib kelayotgani gʻurur-la qayta-qayta taʼkidlandi.

— Har gal bagʻrikeng va saxovatpesha Soʻx zaminiga kelganimda qalbim yayraydi,— deydi tantanali tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov. — Soʻlim va maftunkor maskanga yana bir bor tashrif buyurar ekanman, Fargʻona adabiy muhiti namoyandalaridan biri boʻlgan isteʼdodli shoir, ulugʻ maʼrifatparvar jadid Furqatning ushbu misralari xayolimdan oʻtdi:

Kishi toʻbiyu kavsar, jannatu rizvonni ne qilsin,

Jahon ayvonida hosil bu yangligʻ anjuman boʻlsa.

Bu diyorning elparvar, yurtparvar insonlarini sayyoramizning boshqa biror manzilida uchratish qiyin. Agar taʼbir joiz boʻlsa, Soʻx – Xizr nazar qilgan jannatmonand goʻsha.

Soʻx yurtimizning anklav maqomidagi hududi boʻlib, mustaqillikning qariyb chorak asrlik tarixida tuman ahli ayni shu omil sabab koʻplab muammolar bilan yuzma-yuz yashashiga toʻgʻri keldi.

— Shavkat Mirziyoyev Prezidentlikka saylanganidan keyin dilbar Fargʻonaning uzviy bir boʻlagi boʻlgan Soʻx tumaniga munosabat butunlay oʻzgardi,— deydi soʻxlik mehnat faxriysi Subhiddin Sharofiddinov. — Shu bois bugun soʻxliklar tilidayu dilida shukr. Har birimiz yurtning buguni va ertasiga daxldorlik hissini sezib yashayapmiz. Bu juda muhimdir!

Bir umr taʼlim tizimi fidoyisi boʻlgan Subhiddin otaning soʻzlaridagi samimiyatni, havoyilikdan xolilikni sezamiz. Anglaymizki, chindan ham Prezidentimizning 2020-yil
8-avgustdagi “2020-2021-yillarda Fargʻona viloyati Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida oʻtgan ikki yilda tumanda bir necha oʻn yilliklarga teng yutuqlarga erishilgani ayni haqiqat.

Soʻx tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Anvar Joʻrayevning maʼlum qilishicha, oʻtgan davrda qaror ijrosi doirasida sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarini rivojlantirish boʻyicha 75 ta loyiha foydalanishga topshirilib, 76,9 mlrd. soʻmlik investitsiya mablagʻlari oʻzlashtirildi. Buning natijasida ikki mingga yaqin ish oʻrinlari yaratildi.

Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash boʻyicha 236,4 mlrd. soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi. 12 ta davlat, oilaviy maktabgacha taʼlim tashkilotlari tashkil etildi, 11 ta MTTda qoʻshimcha guruhlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi hamda bolalarning bogʻchaga qamrov koʻrsatkichi qariyb 70 foizga yetkazildi. Maktablar taʼmiriga 34 mlrd. soʻm, tibbiyot muassasalari qurilishi va jihozlanishiga 27,8 mlrd. soʻm, sport obyektlariga 5,5 mlrd. soʻm sarflandi.

“Obod qishloq” dasturi doirasida joriy yilda tumandagi “Chashma” va “Qalacha” MFYdagi taʼlim maskanlari taʼmirlandi. 188 km ichimlik suvi, 11,6 km elektr energiyasi, 4,3 km tabiiy gaz tarmogʻi tortildi.

Eng quvonarlisi, Soʻxga Fargʻona viloyati markazidan aviareyslar qatnovi yoʻlga qoʻyildi, soʻxlik yoshlarga oliy taʼlimga kirishda maxsus grantlar ajratildi.

Ha, bugun Soʻxdagi bu kabi yangilik va oʻzgarishlarning sanogʻiga yetish qiyin.

Dunyoda har qanday davlat, har qaysi jamiyat oʻz kelajagini bir olam orzular bilan katta hayotga kirib kelayotgan yoshlar timsolida tasavvur etadi. Shu maʼnoda Soʻxda ham ilm-fan, sport, badiiy ijod, tadbirkorlik sohasidagi yutuqlari bilan barchamizni hayratga solayotgan navqiron avlod vakillarining safi yildan-yilga kengayib borayotganiga havas qilsa, arziydi. Birgina sport sohasida mamlakat, qitʼa va jahon miqyosidagi chempionatlarda zafar quchib kelayotgan Rasulbek Davronov, Abdurahim Qoziyev, Farhod Isoyev, Suhrobjon Qoriyev, Nasim Muhiddinov, Rustam Kazarov singari koʻplab soʻxlik yoshlar nomini faxr bilan tilga olish mumkin.

Yaqinda tumanning “Istiqlol” MFY hududida foydalanishga topshirilgan oʻziga xos noyob meʼmoriy yechimga ega, koʻrkam va zamonaviy “Soʻx” bolalar oromgohi oʻgʻil-qizlarning har jihatdan barkamol boʻlib ulgʻayishi uchun xizmat qiladi.

Mazkur oromgoh gʻoyasi muallifi, meʼmori va qurilishi tashabbuskori shaxsan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ekanini eslamoq oʻrinli. Zotan, ushbu inshoot bunyod etilishida chizmasidan tortib, foydalanishga topshirishgacha boʻlgan barcha jarayon davlatimiz rahbari eʼtiborida boʻldi.

— Oromgoh hududi besh gektar yer maydonini egallagan boʻlib, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga Yurtboshimiz tavsiyasi asosida davlat byudjetidan ajratilgan salkam 28 mlrd. soʻmga yaqin mablagʻ evaziga qad rostladi,-deydi mazkur muassasada ish boshlagan murabbiy Shabnam Adhambekova. – Ikki yuz oʻringa moʻljallangan oromgohda yoz mavsumi davomida mingdan ziyod kichkintoylarimiz maroqli dam olib, salomatligini yaxshilaydi.

Zamonaviy ishlab chiqarish tarmoqlarini tashkil etish, tadbirkorlik, hunarmandchilik anʼanalari jadal rivojlanishi, aholi bandligini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlar natijasi oʻlaroq keyingi yillarda tuman iqtisodiyoti qariyb ikki barobarga oʻsdi, kichik biznes subyektlari soni besh hissaga koʻpaydi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari asosida “Rovon”, “Istiqlol”, “Qalʼa”, “Soʻx”, “Gʻaznov”, ”Hushyor”, “Mulgon”, “Sharqobod”, ”Oftobru” MFYlarida keng qamrovli obodonchilik, bunyodkorlik ishlari olib borildi.

Ayni paytda Javpaya, Surati, Vargan hamda Malbut massivlaridagi qishloq xoʻjaligida foydalanilmay, yillar mobaynida qarovsiz yotgan 4 ming gektarga yaqin adirlik yer maydonlari Fargʻona davlat oʻrmon xoʻjaligiga ajratib berildi. Hozirda ushbu yerlarda limonchilik, lavanda, kavrak, naʼmatak kabi shifobaxsh meva va oʻsimliklar yetishtirish maqsadida istiqbolli loyihalar amaliyotga yoʻnaltirilyapti.

— Javpaya massivining asrlar davomida suvsizlikdan qurib-qaqshab yotgan tosh-shagʻal yerlarini oʻzlashtirish ishlari avjida,— deydi soʻxlik yoshlar faoli Dadaxon Hasanov. — Fargʻona viloyati hokimligi koʻmagida zamonaviy irrigatsiya tarmoqlari va suvni tejovchi texnologiyalar joriy qilish, kam suv talab qiladigan ekinlar ekish hisobiga aholi, xususan, yoshlar bandligini taʼminlash, daromadini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Dehqonchilik qilish uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingach, yerlar “Tul”, “Qalacha”, “Sohibkor”, “Gʻaznov” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalarga, yoshlarga 10 sotix issiqxona va 1 gektargacha bogʻ yaratish uchun boʻlib berilayotir.

Bu massiv uchun Soʻx daryosidan besh kilometrgacha boʻlgan masofaga oqova suv, ikki kilometrdan ortiq joydan elektr tarmogʻi tortildi. Maxsus hovuzlar barpo etilib, ekin maydonlarida tomchilatib sugʻorish tizimi yoʻlga qoʻyilyapti. Hududda mingga yaqin oila yer olib, mevazor bogʻ yaratish uchun astoydil mehnat qilmoqda. Soʻx olmasi, nok, oʻrik, hurmo, shaftoli juda ham xaridorgir ekanligini inobatga olsak, yaxshi niyatda ish boshlayotgan bu insonlarning daromadi chakki boʻlmaydi.

2021-yili tumanda tashkil etilgan 219 ta yangi tadbirkorlik subyektlari tomonidan 102 milliard soʻmlikdan ortiq sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgani yana bir eʼtirofga molik jihatdir.

Oʻtgan yili birgina hududiy investitsiya dasturi doirasida 56 ta loyiha doirasida 700 dan koʻproq ish oʻrinlari yaratildi. Umumiy maydoni 8,1 gektar boʻlgan 5 ta kichik sanoat zonalari tashkil qilinib, umumiy qiymati 11 mlrd. soʻmga teng boʻlgan 50 ta loyiha ishga tushirildi.

— Tumanda keyingi yillarda xizmatlar sohasi ham jadal rivojlanyapti,-deydi soʻxlik tadbirkor Habibullo Yormatov. — Shu maqsadda tumandagi har bir mahallada 18 turdagi xizmat koʻrsatish shoxobchalarini tashkil etish ishlariga kirishilgan boʻlib, “mahallabay” kesimida 200 ga yaqin loyihani amalga oshirish boʻyicha manzilli dastur ishlab chiqildi.

2022-yilda Soʻx tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi asosida 39 ta investitsiya loyihalari doirasida 3 million 400 ming AQSH dollarilik toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya oʻzlashtirilishi maqsad qilingan.

Yaqin yillargacha ham Fargʻona viloyati tumanlari ichida Soʻx ichimlik suv taʼminoti eng ogʻir hudud hisoblanardi. Bu yil yakuni bilan tumanda ichimlik suv taʼminoti 100 foizga yetkaziladi. Buning uchun 30 ta suv inshooti qurilishi va rekonstruksiya qilinishi, 274 km ichimlik suvi tarmoqlari tortilishi rejalashtirilgan.

Chegaraning ortida Vatan bor. Lekin ikki yurtni bogʻlovchi chegara maskanlaridan oʻtish xususida gap ketganda, bundan besh-olti yil oldin soʻxliklar ogʻir xoʻrsinib qoʻyardi. Bu xoʻrsiniq azoblarini oʻsha yillari mazkur chegara maskanlaridan oʻtgan hamyurtlarimiz unutmaganlari aniq. Yaxshiki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni koʻzlagan oqil va dono siyosati tufayli koʻp yillik “muz”lar eridi. Ikki qardosh xalq munosabatlarida qayta boʻy koʻrsatgan doʻstona munosabatlar soʻxliklar qalbiga ham orom baxsh etdi.

Fargʻona viloyati va Qirgʻizistoning Botken viloyatlari orasida “Rishton” (“Qaytpas”) “Tul” (“Etikchi”) chegara postlari faoliyati tiklanib, Qirgʻiston orqali oʻtgan “Soʻx–Rishton” yoʻli ochilgani tuman ahli uchun soʻnggi yillardagi unutilmas voqelik boʻldi. Bugungi kunda Fargʻona viloyati markaziga kelish uchun 80 kilometr yoʻl bosib, behuda vaqt sarflamay, qisqa – 20 kilometrlik yoʻl orqali koʻzlangan manzilga yetib olish imkoniyati mavjud.

Ezgu tashabbusga koʻra, soʻxliklarning koʻp yillik yana bir orzusi roʻyobga chiqib, “Novobod” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yangi aeroport qurildi. Bu ishlar uchun davlat byudjetidan yetti milliard soʻmdan ortiq mablagʻ sarflandi. Endilikda haftaning muayyan kunlarida samolyotlar parvozi amalga oshirilmoqda. Umumiy maydoni yetti gektar, uzunligi yetti yuz metrni tashkil etgan uchish qoʻnalgʻasi “havo kemalari”ga erkin harakalanish imkonini beradi. Fargʻona viloyati markazidan Soʻxga aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilishi sayyohlar oqimi koʻpayishiga xizmat qilishini inobatga olib, Soʻxdagi aeroportga yondosh yer maydonlari lavandazorga aylantirilmoqda. Bu kelajakda dunyo sayyohlarini oʻziga ohanrabodek tortuvchi lavanda festivallarini oʻtkazishda qoʻl kelishi shubhasiz.

Shu kunlarda tumanda faxriylar uchun 100 oʻrinli dam olish maskani qurilishi yuzasidan ham amaliy ishlar boshlanganini sayyohlik infratuzilmasi rivoji uchun yana bir qulaylik yaratilayotgani sifatida izohlash mumkin.

Yashirishga ne hojat, yaqin yillargacha ham moddiy imkoniyati barqaror boʻlgan soʻxliklar viloyat markazi – Fargʻona shahridan uy-joy sotib olishga intilgan. Buning oʻziga xos sabablarini tushunib olish qiyin emas, albatta. Endilikda vaziyat oʻzgardi – tuman ahli qadrdon maskanlaridan ketishni aslo istashmaydi.

Prezidentimizning yuqorida keltirilgan qarori ijrosi doirasida tumanda barcha qulayliklarga ega 8 ta 280 ta xonadonli koʻp qavatli uylar qurib bitkazildi. Yangi xonadonlarning 170 tasi ehtiyojmand oilalarga ajratilib, dastlabki badal pullari mahalliy byudjet hisobidan toʻlab berildi.

 

Sogʻlom tanda – sogʻlom aql, deydi dono xalqimiz. Shunga koʻra, Soʻxda aholi salomatligini muhofaza qilish, birlamchi tibbiy-sanitariya hamda tez tibbiy yordam koʻrsatish xizmati sifatini zamonaviy mezonlar asosida takomillashtirish ishlariga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani diqqatga sazovor.

Yaqin yillar davomida tuman tibbiyot muassasalariga “Salomatlik-3” loyihasi, Islom taraqqiyot banki, respublika va viloyat byudjeti hisobidan umumiy qiymati 1 mln. AQSH dollaridan ortiq boʻlgan tibbiy asbob-uskunalar, jihozlar olib kelindi. Tibbiyot muassasalarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali aloqa yoʻlga qoʻyildi.

Aholining dori vositalari va tibbiy buyumlarga boʻlgan talabini qondirish maqsadida “Fargʻona dori-darmon” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli markaziy ijtimoiy dorixona, 8 ta dorixona shoxobchasi va bitta koʻchma dorixona tashkil etildi.

Investitsiya dasturi doirasida 3 mlrd. 690,8 mln. soʻm mablagʻ evaziga markaziy shifoxona hududida yuqumli kasalliklar boʻlimi binosi qurilib, foydalanishga topshirildi.

Dastur doirasida “Lenbur”, “Mulgʻon” qishloq vrachlik punktlari binosini qurish, 7 ta QVPni rekonstruksiya qilish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. “Oftobru" mahalla fuqarolar yigʻinida yangi sogʻlomlashtirish markazi qurilgan boʻlsa, “Sabrina nevromed” xususiy korxonasi tomonidan tibbiy xizmat koʻrsatish markazi ishga tushirildi.

Yangi shifo maskanida gidroterapiya, yaʼni suv bilan davolash, nevrologiya-terapiya, travmotologiya boʻlimlari mavjud. Sogʻlomlashtirish markazida kam taʼminlangan, ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalar, nogironligi boʻlganlar davolanishda imtiyozlarga ega ekanligi ibratga loyiq.

Soʻx tabarruk qadamjolari, benazir obidalari, madaniy meros obyektlari bilan ham mashhur. Hazrat Ali, Sulton Gʻaznaviy ziyoratgohlari, “Sulungʻur gʻori”, “Xoʻjayli Murod” kabi madaniy yodorliklar hamisha mahalliy aholi va xorijiy sayyohlar eʼtiborini tortib keladi. Tumanning sayyohlik xaritasida, ayniqsa, “Surati” togʻi muhim oʻrin tutadi. Sir-sinoatga toʻla tarixiy manzilning silliq togʻ toshlari oynadek tovlanadi. Zavqli tomosha koʻz ilgʻamas betakror goʻzallikni ilgʻab olishga undaydi.

Darvoqe, “Fargʻona-Soʻx-Fargʻona” yoʻnalishi boʻylab transport va aviaparvozlarning yoʻlga qoʻyilishi sayyohlar oqimini sezilarli oshirdi. Soʻx tuman hokimligi tashabbuskor tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashi tufayli 20 dan ortiq uy mehmonxonalari qurildi. Hozirda bu yoʻnalishda yangi loyiha tashabbuskorlari oʻz biznes gʻoyalarini amalga oshirish harakatida. Tumanda ekoturizm, agroturizm, tibbiyot turizmini rivojlantirish uchun izchil saʼy-harakatlar davom etmoqda.

— Soʻx qisqa fursat ichida shunchalik tez oʻzgardiki, oʻzimiz ham payqamay qoldik, — deydi soʻxlik Sodiqjon Tohirov. —  Bu oʻzgarishlar meʼmori – Prezident Shavkat Mirziyoyev ekani barchamizga kunday ravshan. Bunday rohatbaxsh manzaralarni kuzatgan har qanday odam oʻzida olgʻa intilish uchun kuch topadi, koʻngli togʻdek koʻtariladi.

Soʻxliklarning qay biri bilan suhbatlashmaylik, ular soʻzlaridagi mana shunday minnatdorlik tuygʻusi bizning qalbimizga ham koʻchadi. Endilikda ularning yuzida siniq tabassum, nigohlarida ishonchsizlik yoʻq. Qadamlari dadil, orzu-niyatlari oʻktam, ertangi kunga umid bilan peshvoz chiqadilar.

Mamlakatimizda “Inson qadri ulugʻ” tamoyili asosida olib borilayotgan hayotbaxsh islohotlardan koʻzlangan ezgu maqsad va uning amaliy samarasi shu emasmi aslida?!

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?