Soʻxda chegarachilar uchun yangi uylar foydalanishga topshirildi

12:14 16 Yanvar 2023 Jamiyat
423 0

Foto: Xalq so‘zi

Vatan himoyachilari kuni hamda Qurolli Kuchlarimizni tashkil topganining 31 yilligi tantanalari doirasida Fargʻona viloyatining anklav hududi – Soʻx tumani “Zangat” va «Demursat» MFY hududlarida DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilariga yangi xizmat uylari foydalanishga topshirildi.

Zangat qishlogʻida umumiy qiymati 9,5 mlrd. soʻmlik qurilish ishlari natijasida 2 ta koʻpqavatli turar joy hamda bolalar maydonchasi barpo etilgan boʻlsa, Demursat qishlogʻidagi chegara qoʻriqlash boʻlinmasi hududida esa 4 qavatli 36 xonadondan iborat uy-joyni qurish uchun 10,2 mlrd. soʻm mablagʻ sarflandi.

Fargʻona viloyati hokimi, viloyat harbiy-maʼmuriy sektori rahbari Xayrullo Bozorov harbiy xizmatchilarga yangi xonadonlarning kalitini tantanali ravishda topshirdi.

Taʼkidlanganidek, Fargʻonada harbiylar va ularning oila aʼzolari uchun zamonaviy uy-joylar qurish uchun 2022-yili viloyat mahalliy byudjetidan 123 mlrd. 525 mln. soʻm mablagʻ ajratildi.

Tantanali tadbirlar doirasida, shuningdek, Sharqiy harbiy okrugning Soʻx tumanida joylashgan harbiy qismida yangi obyektlar hamda kapital taʼmirdan chiqarilgan bino-inshootlar ham harbiylarga bayram sovgʻasi sifatida tuhfa etildi.

Harbiy qismda viloyat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgan 18,9 mlrd. soʻmlik loyiha asosida 300 oʻrinli madaniyat saroyi, sport majmuasi, stadion va texnika parki tashkil etildi. Shuningdek, 90 oʻrinli yotoqxona kapital taʼmirdan chiqarildi va harbiy qism hududi obodonlashtirildi. Harbiy qismga tutash hududda davlat- xususiy sheriklik asosida 60 oʻrinli zamonaviy maktabgacha taʼlim tashkiloti ham qad rostladi.

 

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер