“Sogʻlom turmush tarzi” platformasiga oid hukumatning yana bir qarori qabul qilinadi — Vazirlik “Xalq soʻzi” nashrida eʼlon qilingan maqola yuzasidan munosabat bildirdi

21:02 28 Yanvar 2021 Jamiyat
737 0

Bugun saytimizda “Prezident Farmonidagi 10 ming qadam yurganga pul toʻlash haqidagi “vaʼda” hukumat qarori loyihasiga kelib “unutildi”mi?” sarlavhali material eʼlon qilingan edi.

Unda 2020-yil 30-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilingani va ushbu Farmonda aholini kunlik yurish va yugurishga targʻib qilish maqsadida “Sogʻlom turmush tarzi” (www.1hls.uz) platformasi yaratilishi belgilangani keltirib oʻtilgan.

Prezident Farmonida bir sutka davomida 10 ming va undan ortiq qadam yurgan 18 va undan yuqori yoshdagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining elektron hamyoniga 3 ming soʻm;

bir oyda bir marta tuman (shahar) boʻyicha eng koʻp yurgan shaxsga 300 ming soʻm, hududlar boʻyicha eng koʻp yurgan shaxsga 500 ming soʻm, respublika boʻyicha eng koʻp yurgan shaxsga 1 mln soʻm qoʻshimcha ravishda platformadagi elektron hamyoniga oʻtkazilishi belgilangan edi.

Bugun muhokamaga qoʻyilgan Hukumatning “Sogʻlom turmush tarzi” platformasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasida mazkur band yoʻqligi, pul toʻlash haqidagi tartiblar aks etmagani aytib oʻtilgan.

Material chop etilgach Jismoniy tarbiya va sport vazirligi masʼul xodimi “Xalq soʻzi” nashri bilan bogʻlandi.

Mulozimning qayd etishicha, mazkur qaror loyihasi faqat “Sogʻlom turmush tarzi” platformasida roʻyxatdan oʻtgan va undan foydalangan jismoniy shaxslar soniga hamda ularning sport natijalariga qarab vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining har chorak yakuni boʻyicha tuziladigan reytingi va ular faoliyatiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan baho berilishiga doir.

Farmonning 21-bandida jumladan shunday deyilgan:

Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2021-yildan boshlab Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan “Sogʻlom turmush tarzi” platformasida roʻyxatdan oʻtgan va undan foydalangan jismoniy shaxslar soniga hamda ularning sport natijalariga qarab vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining har chorak yakuni boʻyicha reytingi tuziladi va ular faoliyatiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan baho beriladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda Farmonda belgilangan, bir sutkada 10 ming qadam va undan ortiq yurgan fuqarolarning elektron hamyoniga pul toʻlash bilan bogʻliq platformani yaratish va belgilangan muddatlarda ishga tushirish ustida ish olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?