Sogʻliqni saqlash vaziri: “Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “uqalash muolajasi” bilan bogʻliq videolavha barchamizda eʼtiroz va nafrat uygʻotdi"

12:01 06 Iyul 2022 Jamiyat
372 0

Sogʻliqni saqlash vaziri B.Musayev ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “uqalash muolajasi” bilan bogʻliq videolavha boʻyicha munosabat bildirdi:

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “uqalash muolajasi” bilan bogʻliq videolavha barchamizda eʼtiroz va nafrat uygʻotdi. Chunki ushbu xatti-harakatlar nafaqat tibbiyot, balki insoniylik tuygʻulariga ham yotdir.

Vazirlikning bu kabi holatlarga nisbatan pozitsiyasi aniq va qatʼiy: biz inson hayoti va salomatligiga xavf soladigan, qadr-qimmati va shaʼnini toptovchi har qanday xatti-harakatga murosasiz munosabatdamiz.

Shuning uchun ham mazkur masala yuzasidan oʻrganish natijalari va xulosalarimizni, xususan, uqalash muolajasini bajargan shaxsning tegishli ruxsatnoma, sertifikat, ijara shartnomasi, fizioterapiya yoʻnalishida diplom va malaka toifasiga ega boʻlmay faoliyat yuritganiga doir faktlarni huquq-tartibot idoralariga taqdim etamiz. Ishonamizki, tez orada ushbu holat oʻz huquqiy bahosini oladi.

Shu oʻrinda, ota-onalardan tegishli litsenziya, ruxsatnoma va malakaga ega boʻlmagan kimsalarga farzandlarining taqdiri va salomatligini ishonib topshirmasliklarini, agar bunday noqonuniy xatti-harakatlarga duch kelsa, darhol vazirlikning 71-241-10-67 yoki 71-241-82-40 telefon raqamlariga murojaat qilishlarini soʻraymiz”, deyiladi rasmiy munosabatda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?