Sogʻliqni saqlash tizimida katta oʻzgarishlar kutilmoqda

21:07 26 May 2021 Jamiyat
648 0

Aholi sogʻligʻini saqlash, kasalliklarni profilaktika qilish va barvaqt aniqlash, tashxislash ishlarini kuchaytirish, umuman, tibbiyot tizimida aniq samaradorlikka erishish tibbiyot sohasida oʻtkazilayotgan islohotlardan koʻzda tutilgan asosiy maqsad sanaladi.

Bu borada keyingi yillarda sogʻliqni saqlash tizimini yana-da takomillashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, aholi orasida yuqumli va yuqumli boʻlmagan kasalliklarni oldini olish, kasalliklarga zamonaviy asbob-uskunalar yordamida toʻgʻri tashxis qoʻyish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Soha uchun davlat byudjetidan ajratilayotgan mablagʻlar miqdori esa yildan-yilga oshirilib, xalqaro kreditlar ham jalb qilinmoqda.

Jumladan, soʻnggi bir yil mobaynida tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan 20 dan ortiq Prezident farmoni va qarorlari qabul qilindi. Joriy yilda sohaga byudjetdan 21 trln. soʻm, yaʼni 2017-yilga nisbatan 3 baravar koʻp mablagʻ ajratildi. Biroq, koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, tumanlar, chekka qishloqlarda yashovchi aholi tibbiy xizmatdagi jiddiy va tub oʻzgarishlarni oʻz hayotida sezgani yoʻq. Afsuslanarlisi, sohadagi talon-tarojliklar, vazifasiga loqaydlik bilan qarash holatlari tizimda qator muammolarni keltirib chiqarib, oʻz navbatida bu omillar aholi salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan “Sogʻliqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori sohada oʻtkazilayotgan islohotlar jarayonida butunlay yangi davrni boshlab beradi. Qaror bilan sogʻliqni saqlash tizimida davlat boshqaruvini takomillashtirish, birlamchi boʻgʻinni kasalliklarni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish, raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, ixtisoslashgan markazlar tomonidan joylarda tor doiradagi tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini tubdan yaxshilash, tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini tubdan yaxshilash, raqobat va xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash, tibbiyot xodimlari bilimini oshirish, taʼlim va ilm-fanni rivojlantirish masalalariga eʼtiborni kuchaytirish kabi keng koʻlamdagi masalalar qamrab olingan.

Jumladan, qarorda Sogʻliqni saqlash vazirligining boshqaruv tizimini takomillashtirish maqsadida tizimdagi masʼul rahbarlarga aniq bir yoʻnalishga eʼtibor qaratish masʼuliyati yuklatilgan. Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi tuzilmalariga amaldagi shtat birliklari doirasida boshliqning raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklik boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy qilinib, barcha viloyat va respublika davolash-profilaktika muassasalarida, har bir oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika hamda tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasida, elektron tizim bilan ishlaydigan bir nafardan IT operator – hamshira lavozimi kiritiladi.

Muxtasar qilib aytganda, tibbiyot sohasida olib borilayotgan raqamlashtirish siyosati birinchi navbatda, aholiga qulayliklar yaratish bilan birga, sohada qogʻozbozlik, byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirishga, tibbiy xizmat sifatini tubdan yaxshilashga, pirovardida, mamlakatimiz tibbiyotini jahon standartlari darajasiga olib chiqishga xizmat qiladi.

Dilbarxon Mamadjanova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?