Sogʻliqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

22:55 25 May 2021 Hujjatlar
2274 0

Arxiv surat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Sogʻliqni saqlash tizimida davlat boshqaruvini takomillashtirish, birlamchi boʻgʻinni kasalliklarni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish, raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, coha rivojlanishining yaqin va uzoq muddatli istiqbollarini belgilash, tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini tubdan yaxshilash, raqobat va xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash, tibbiyot xodimlarining bilimini oshirish, taʼlim va ilm-fanni rivojlantirish maqsadida:

1. Vazirlar Mahkamasi hamda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Sogʻliqni saqlash vazirligi rahbariyatining asosiy faoliyat yoʻnalishlarini belgilash va quyidagi yangi boshqaruv tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:

a) sogʻliqni saqlash vaziri A.M. Xadjibayev:

vazirlik tizimi va idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, ular ishini samarali tashkil etishini taʼminlaydi, yuklatilgan vazifalar va funksiyalar toʻliq bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, mazkur tashkilotlar bilan bogʻliq masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi;

shoshilinch tibbiy yordam, respublika tibbiyot (respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlaridan tashqari) hamda tibbiy taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etadi, rahbarlari faoliyatini baholaydi, lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, ular uchun jihoz, dori va tibbiyot vositalari sotib olish boʻyicha tenderlar oʻtkazish vakolatlarini, tizimda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan barcha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

b) sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari A.Sh. Inoyatov:

oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika, tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinika va shifoxonasida (keyingi oʻrinlarda – birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari) tibbiy xizmatlarni koʻrsatishga va sifatiga, ularni jihozlashga hamda tibbiyot xodimlarining bilim va malakasini oshirishga shaxsan masʼul hisoblanadi;

birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida shtatlar normativi, shifokorlar va oʻrta tibbiyot xodimlariga malaka talablari, jihozlash standartlarini hamda davolash protokollarini tasdiqlaydi, shartnomalarni imzolaydi, ular rahbarlari faoliyatini baholaydi, nomzodlarni beradi, lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish boʻyicha koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan takliflar kiritadi, ushbu muassasalar uchun jihoz, dori va tibbiyot vositalari sotib olish boʻyicha tenderlar oʻtkazish vakolatlarini amalga oshiradi, ushbu muassasalar faoliyatiga oid qarorlar qabul qiladi;

v) sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari A.A. Azizov:

tibbiyot sohasida raqamlashtirish, moliyalashtirish, davlat-xususiy sheriklikni joriy qilish va rivojlantirishga shaxsan masʼul hisoblanadi hamda mazkur masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi;

yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun tenderlar oʻtkazadi, shartnomalar imzolaydi, raqamlashtirish, moliyalashtirish, davlat-xususiy sheriklik masalalari boʻyicha davlat tibbiyot muassasalari rahbarlariga nomzodlarni beradi, lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish boʻyicha koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan takliflar kiritadi, xalqaro moliya tashkilotlari bilan ishlash masalalari boʻyicha mustaqil qarorlar qabul qiladi;

g) sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari U.Yu. Sobirov:

respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari (keyingi oʻrinlarda – respublika ixtisoslashtirilgan markazlari)
va koʻp tarmoqli viloyat shifoxonalarini isloh qilish, ularni birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari bilan bogʻlash hamda joylarda ishlash tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha shaxsan masʼul hisoblanadi;

respublika ixtisoslashtirilgan markazlari va ularning filiallari rahbarlariga nomzodlarni berish, rahbarlarni lavozimga tayinlash
va lavozimidan ozod etish boʻyicha koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan takliflar kiritish, ularni jihozlash boʻyicha loyihalar ishlab chiqish, tenderlar oʻtkazish va shartnomalar tuzish, ushbu markazlarga byudjet mablagʻlari va bepul davolanishga orderlarni taqsimlash, shuningdek, davolash protokollarini tasdiqlash vakolatlarini amalga oshiradi;

d) sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari E.I. Basitxanova:

onalar va bolalarni xavf guruhlariga ajratib, ular bilan manzilli ishlashni tashkil etish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga shaxsan masʼul hisoblanadi;

onalik va bolalik masalalarida xalqaro tashkilotlar grantlarini jalb qilish, mablagʻlarni taqsimlash, mahalliy ijro etuvchi organlar, mahalla, yoshlar, sport va taʼlim sohalaridagi davlat organlarining sogʻlom turmush tarzi boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirib borish vakolatini amalga oshiradi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Xadjibayev) bir oy muddatda mazkur bandda koʻrsatilgan asosiy yoʻnalishlar hamda joriy etilayotgan yangi boshqaruv tizimidan kelib chiqib:

sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosarlarining aniq vazifalari va funksiyalari taqsimotini;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birgalikda hududiy sogʻliqni saqlash organlarining aniq vazifalari va funksiyalari taqsimotini tasdiqlasin;

vazirlik markaziy apparatida investitsiyadan keyingi davrni monitoring qilish uchun amaldagi shtatlar soni doirasida masʼul boʻlgan tarkibiy boʻlinma tashkil etsin.

2. 2021-yil 15-iyundan boshlab birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida dori va tibbiy buyumlar uchun biriktirilgan aholi jon boshiga ajratilgan mablagʻ miqdori oʻrtacha 3 baravarga oshirilsin.

Moliya vazirligi (T.Ishmetov) ushbu maqsad uchun 2021-yil investitsiya loyihalarini maqbullashtirish hisobidan 165 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratsin hamda ushbu bandda nazarda tutilgan xarajatlar uchun zarur mablagʻlarni 2022-yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida koʻzda tutsin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (I.Norqulov, A.Boboyev), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Xadjibayev) bilan birgalikda bir hafta muddatda tibbiyot sohasida investitsiya loyihalarini maqbullashtirish hisobiga har bir viloyat kesimida iqtisod qilinadigan mablagʻlarni aniqlasin.

3. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Xadjibayev, A.Inoyatov):

a) Davlat boshqaruvi akademiyasi (A.Bekmurodov) bilan birgalikda ilgʻor xorijiy tajriba asosida tibbiyot sohasida boshqaruv boʻyicha ikki haftalik oʻquv kurslarini tashkil etsin va yil yakuniga qadar viloyat, tuman (shahar) tibbiyot boshqarmalari boshliqlarining oʻqitilishini taʼminlasin.

Bunda, oʻquv kurslarini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar Tibbiyot tashkilotlarini moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

b) Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (A.Xasanov) bilan birgalikda bir oy muddatda barcha sogʻliqni saqlash tizimi tashkilotlari rahbarlari faoliyatini baholash reytingini joriy etsin hamda har chorakda natijalarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritib borsin;

v) Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (I.Norqulov) hamda Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi (F.Sharipov) bilan birgalikda bir oy muddatda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalaridan kelib chiqib, birlamchi boʻgʻinda tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari roʻyxatini tasdiqlab, barcha hududlarda amaliyotga kiritsin.

4. “Oʻzavtosanoat” AJ (Sh.Umurzakov) 2021-yil 1-oktyabrga qadar joylarda, ayniqsa olis va chekka hududlarda aholini manzilli profilaktika va skrining qilish ishlarini tashkil etish uchun zarur uskunalar bilan jihozlangan maxsus avtobuslarning kamida 3 ta tajriba namunasini yaratsin va kiritsin.

5. Belgilab qoʻyilsinki, 2021-yil 1-iyundan boshlab:

a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi tuzilmalariga amaldagi shtat birliklari doirasida boshliqning raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklik boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy qilinadi. Bunda, ushbu lavozimlarga tayinlanayotgan shaxslarning avvalgi davlat tashkilotlaridagi ish joyi boʻyicha oylik ish haqi miqdori yuqori boʻlgan taqdirda, ularning avvalgi ish joyi boʻyicha oylik ish haqi miqdori saqlab qolinadi.

Raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklik boʻyicha oʻrinbosar oʻz faoliyatida bevosita sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari A.Azizovga boʻysunadi va hisobdor boʻladi hamda A.Azizov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi faoliyatining raqamlashtirish natijadorligi boʻyicha masʼul hisoblanadi, ularning ishiga baho beradi;

b) har bir oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika hamda tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasida elektron tizim bilan ishlaydigan bir nafardan IT operator – hamshira lavozimi kiritiladi. Bunda, ushbu lavozimlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-maydagi “Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi PF–6221-son Farmoniga muvofiq ajratilayotgan shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi;

v) boshqa tuman (shahar) hamda barcha viloyat va respublika davolash-profilaktika muassasalarida ularning amaldagi shtat birliklari doirasida IT operator – hamshira lavozimi kiritiladi.

6. Bosh vazir maslahatchisi O.M. Umarov, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Sadikov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Azizov):

ikki hafta muddatda IT operator – hamshiralar hamda boshqa sogʻliqni saqlash tizimi xodimlarining kompyuter savodxonligini oshirish maqsadida ularni oʻqitish boʻyicha dastur ishlab chiqsin;

reja-jadvalga asosan IT operator – hamshiralar hamda boshqa sogʻliqni saqlash tizimi xodimlarining kompyuter savodxonligini oshirish maqsadida ularni tuman (shahar) IT markazlarida bepul oʻqitish mashgʻulotlarini tashkil etsin.

7. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Azizov) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (O.Pekos), boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-sentyabrga qadar sohada katta tajribaga ega boʻlgan mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda tashkilotlarni jalb etgan holda Sogʻliqni saqlash sohasini 2025-yilgacha raqamlashtirish (E-health–2025) strategiyasini va uni amalga oshirishga doir yillar boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlashni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. Davlat tibbiyot muassasalarini 2021–2023-yillarda zamonaviy kompyuter jihozlari bilan taʼminlash reja-jadvali 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Moliya vazirligi (T.Ishmetov) 2021-yil yakuniga qadar 17 400 ta zamonaviy kompyuter jihozlarini xarid qilish bilan bogʻliq mablagʻlar xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan, yetmagan qismi esa har yili Davlat byudjetida Sogʻliqni saqlash vazirligi uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida amalga oshirilishini nazarda tutsin.

Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari (A.Azizov)ga tizimni raqamlashtirish uchun zamonaviy kompyuter va axborot texnika vositalarini ishlab chiqaruvchilarning eng yaxshi takliflarini tanlab olish yoʻli bilan xarid qilishga, istisno tariqasida, ruxsat berilsin.

9. Belgilab qoʻyilsinki:

Sogʻliqni saqlash vazirligida markazlashgan xaridlar natijasida iqtisod qilingan byudjet mablagʻlari tibbiyot sohasini raqamlashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish va kengaytirish, IT-sohasidagi yetakchi mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda kompaniyalarni jalb qilishga yoʻnaltiriladi;

Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimini isloh qilishga ajratiladigan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni davlat xarid komissiyasi tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

10. 2021-yil 1-iyuldan boshlab tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida kompyuter jihozlari boʻyicha texnik xodim lavozimlari kompyuter texnikasi xizmati boʻyicha muhandis lavozimlariga almashtirilsin hamda ular zimmasiga zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy qilish hamda rivojlantirish vazifalari yuklansin.

Bunda, kompyuter texnikasi xizmati boʻyicha muhandislarga beriladigan har oylik ustama miqdori xodim lavozim maoshidan 100 foizdan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi.

11. Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda davlat tibbiy sugʻurtasi tizimi joriy etilishini tezlashtirish maqsadida 2021-yil 1-avgustdan boshlab boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirsin:

tibbiy jihozlar, buyumlar, kompyuter texnikasi va boshqa vositalarni xatlovdan oʻtkazish, shuningdek, tibbiy xodimlar roʻyxatini shakllantirish;

tibbiyot muassasalarini kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlarni koʻrsatish uchun zarur boʻladigan tibbiy texnika bilan jihozlash;

oilaviy shifokor yoʻllanmasi asosida kafolatlangan paketga kiritilgan bepul tibbiy xizmatlar koʻrsatish tizimini tashkil etish.

Bosh vazir oʻrinbosari B.A. Musayev, Moliya vazirligi (T.Ishmetov) va Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Azizov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda tibbiy sugʻurta tizimining alohida elementlarini boshqa hududlarda joriy qilishni boshlash yuzasidan aniq taklif kiritsin.

12. Belgilansinki, 2021-yil 1-iyuldan boshlab ish staji besh yil boʻlmagan oliy maʼlumotli tibbiyot xodimlarini nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ishga qabul qilish bilan bogʻliq talablar davlat tibbiyot muassasalariga tenglashtiriladi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati (B.Yusupaliyev) bir oy muddatda nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatini tashkil etishda bino va inshootlarga belgilangan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini xalqaro standartlardan kelib chiqib, qayta koʻrib chiqsin.

13. 2021–2022-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari filiallarini tashkil etish reja-jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki:

a) yangi tashkil qilinayotgan filiallar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tibbiyot muassasalarining negizida, ularning amaldagi shtat birliklari va ajratilgan mablagʻlar doirasida, shuningdek, yuridik shaxs maqomga ega boʻlmagan asosda tashkil qilinadi;

b) sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari U.Sobirov va respublika ixtisoslashtirilgan markazlari rahbarlari filiallar tomonidan:

kasalliklarni joylarda barvaqt aniqlash, profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish, mahorat darslarini oʻtkazish;

diagnostika va davolashning zamonaviy usullarini joriy etish, yuqori sifatli tibbiy xizmatlarni koʻrsatish, shu jumladan teletibbiyotni joriy etish va rivojlantirish;

kasalliklar registrini yaratish, ilmiy tadqiqotlarni olib borish va amaliyotga tatbiq etish, shuningdek, ular faoliyatiga oid boshqa masalalarni (tibbiy jihozlar va asbob-uskunalar bilan taʼminlash, malakali mutaxassislar bilan toʻldirish) hal qilish yuzasidan shaxsan masʼul hisoblanadi.

14. Sogʻliqni saqlash vazirligi (E.Basitxanova):

a) 2021-yil 1-avgustdan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida perinatal va skrining markazlari hamda birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalaridagi onalar va bolalar salomatligiga masʼul tuzilmalar (“Ayollar maslahatxonasi”, prenatal skrining xonasi, “tibbiyot brigadalari” tarkibidagi oilaviy shifokor, pediatr va boshqalar)ning homilador ayolni kompleks kuzatuvi boʻyicha quyidagi chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi oʻzaro hamkorlik va muvofiqlashtirilishini taʼminlovchi yagona tizimni joriy etsin:

homilador ayolning kompleks kuzatuvi yagona maʼlumotlar bazasini yaratish;

perinatal va skrining markazlari hamda birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalaridagi onalar va bolalar salomatligiga masʼul tuzilmalar tomonidan yagona maʼlumotlar bazasiga zarur maʼlumotlarni kiritish, shuningdek, homilador ayollarning tibbiy kartasini yuritish;

shakllangan maʼlumotlarga asosan homilador ayollarga zarur maslahatlarni berish;

b) sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari A.Azizov bilan birgalikda homilador ayolni eng erta muddatlarda hisobga olinishi, uning har kungi holatidagi oʻzgarishlarni kompleks nazorat qilib borish uchun 2021-yil yakuniga qadar yagona elektron baza yaratilishini taʼminlasin;

v) Maktabgacha taʼlim vazirligi (A.Shin) va Xalq taʼlimi vazirligi (Sh.Shermatov) bilan birgalikda ikki oy muddatda maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarda toʻgʻri ovqatlanishni yoʻlga qoʻyish maqsadida 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab yangilangan ovqatlanish ratsionini hamda ushbu yoʻnalish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga boʻlgan talablarni tasdiqlasin va amaliyotga kiritsin. Bunda, bolalarning sogʻligʻiga zarar va rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan barcha oziq-ovqat mahsulotlarini maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablar hududida sotishga cheklovlar qoʻyilsin.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati (B.Yusupaliyev) maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarda bolalarning sogʻlom va xavfsiz ovqatlanishini taʼminlash maqsadida belgilangan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga soʻzsiz rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin.

15. Moliya vazirligi (T.Ishmetov):

onalar va bolalar, reproduktiv yoshdagi ayollar salomatligini taʼminlash uchun zarur dori va tibbiyot vositalari (“K” vitamin, surfaktant va boshqalar) bilan qoʻshimcha taʼminlash uchun Davlat byudjetidan 2021-yilda 26 milliard soʻm ajratsin, 2022-yildan boshlab mazkur banddagi xarajatlar uchun zarur mablagʻlarni Davlat byudjeti parametrlarida koʻzda tutsin;

bolalar tibbiyot va tugʻuruq muassasalarida yuqori texnologik laborator uskunalaridan toʻlaqonli va samarali foydalanish maqsadida 2022-yildan boshlab Davlat byudjetidan reaktiv, reagentlar, sarflov anjomlari hamda servis xizmatlar uchun qoʻshimcha 8 milliard soʻm ajratsin.

16. Sogʻliqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni tezlashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

17. Sogʻliqni saqlash vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini xalqaro ekspertlar va tashkilotlar bilan birgalikda ishlab chiqish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

Vazirlar Mahkamasi, Moliya vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligining asoslantirilgan buyurtmalariga koʻra Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Sogʻliqni saqlash strategiyasi – 2030”ni ishlab chiqish, xorijiy va mahalliy ekspertlar hamda tashkilotlarni jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish choralarini koʻrsin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Toʻychiyev Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Xadjibayev), Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (A.Xasanov) bilan birgalikda bir oy muddatda sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosarlari, hududiy sogʻliqni saqlash boshqarmalari boshliqlari faoliyatini baholash tizimini joriy etsin hamda har yarim yil yakuni bilan tegishli takliflarni kiritib borsin.

Bunda, natija koʻrsatgan, xizmat sifatini yaxshilab, aholini rozi qilgan rahbarlarni tegishli Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimi tashkilotlari mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirish hamda ishlarni qoniqarsiz tashkil etgan masʼul kadrlarga chora koʻrish belgilansin.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar 4-ilovaga muvofiq kiritilsin.

20. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

21. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.M. Xadjibayev, uning oʻrinbosarlari A.Sh. Inoyatov, A.A. Azizov, U.Yu. Sobirov, E.I. Basitxanova, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

22. Mazkur qarorning oʻz vaqtida va natijali ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Musayev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Toʻychiyev zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi  Prezidenti                         Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2021-yil 25-may

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?