Sogʻliqni saqlash sohasida haligacha korrupsiya illatiga barham berilmayapti — Prezident

19:52 01 Aprel 2021 Siyosat
838 0

Davlatimiz rahbari videoselektor yigʻilishida hududlarda kasalliklarning turiga qarab, xususiy sektorni jalb qilgan holda, davolash muassasalarini tashkil etish ishlari lozim darajada emasligini tanqid qildi.

Tahlillarga koʻra, Qoraqalpogʻiston, Buxoro va Toshkent viloyatlarida davlat-xususiy sheriklik asosida, birorta ham loyiha amalga oshirilmagan. Shuningdek, aholi orasida ehtiyoj yuqori boʻlgan gemodializ, tibbiy diagnostika va reabilitatsiya xizmatlari boʻyicha, xususiy sheriklik asosida hududlarda markazlar tashkil etish yuzasidan, loyihalar yakuniga yetkazilmagan.

Mutasaddilarga davlat-xususiy sheriklik asosida gemodializ markazlarini qurilishini boshlash, Fargʻona va Samarqand shaharlarida, onkologik radiologiya markazlarini tashkil etish loyihalarini ishlab chiqib, hukumatga kiritish, 170 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmalarini kompyuter tomograflari bilan taʼminlash maqsadida xalqaro moliya institutlarining 80 million dollar kredit mablagʻlarini jalb etishni tezlashtirishi, shuningdek, soha xodimlarini ushbu tibbiyot uskunalaridan foydalanish boʻyicha oʻqitish boʻyicha topshiriqlar berildi.

“Sohada haligacha korrupsiya illatiga barham berilmayapti. Misol uchun, onkologiya markazining Toshkent shahar filialida 828 million soʻm, Toshkent pediatriya instituti klinikasi mansabdorlari 423 million soʻm mablagʻlarni oʻzlashtirib yuborgan”, — dedi Prezident.

Yigʻilishda taʼkidlandiki, Jondor tumani tibbiyot birlashmasi boshligʻi 1 milliard soʻmdan ortiq noqonuniy sarf-xarajatlarga yoʻl qoʻyilgan. Shuning uchun, sohada “qonun ustuvor va jazo muqarrarligi”ni taʼminlash boʻyicha Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosariga taʼsirchan nazorat tizimini oʻrnatish vazifasi yuklatildi.

Shu bilan birga, sohani, ayniqsa, birlamchi tibbiyot boʻgʻinini yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlash zarurligi, bu borada, olis va chekka hududlarda joylashgan oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalariga shifokorlarga boʻlgan ehtiyoj yuqoriligini inobatga olib, “Qishloq shifokori” dasturi qabul qilingani, ushbu hududlarda ishlamoqchi boʻlgan shifokorlarga 30 million soʻm pul mablagʻlari ajratilishi belgilanib, ushbu maqsadlarga joriy yil byudjetdan 20 milliard soʻm ajratilgani aytib oʻtildi.

“Lekin, oradan 4 oy vaqt oʻtgani boʻlsada, na viloyat, tuman va shahar hokimi, na sogʻliqni saqlash boshliqlari birorta talabgor bilan shartnoma imzolamagan. Vaholanki, bugungi kunda olis va chekka hududlar uchun 220 ta shifokor zarur” — dedi davlatimiz rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?