Sogʻliqni saqlash, Qishloq xoʻjaligi, Ekologiya, Bandlik vazirliklarida raqamlashtirish ishlari sust ketayotgani tanqid qilindi

17:44 20 Dekabr 2023 Siyosat
330 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida IT infratuzilmasini yaxshilash, soha va tarmoqlarni raqamlashtirish yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Majlisda byudjetdan katta mablagʻ oluvchi vazirliklarda raqamlashtirish hayot-mamot masalasi boʻlishi zarurligi taʼkidlandi. Lekin, Sogʻliqni saqlash, Qishloq xoʻjaligi, Ekologiya, Bandlik vazirliklari, karantin va veterinariya idoralarida raqamlashtirish ishlari sust ketayotgani tanqid qilindi.

“Raqamli sogʻliqni saqlash” loyihasini amalga oshirish, Onkologik bemorlarning elektron reyestrini tuzish, dala va bogʻlarda pestitsidlar cavdosi va qoʻllanilishi boʻyicha raqamli nazorat tizimini joriy qilish, gaz va benzin quyish shoxobchalarida, Jamoat ishlari va Bandlik jamgʻarmalari xarajatlari boʻyicha onlayn nazoratni yoʻlga qoʻyishdagi oqsoqliklar koʻrsatib oʻtildi.

Adliya va Tashqi ishlar vazirliklarida hujjatlarga apostil qoʻyish jarayonini raqamlashtirish zarurligi qayd etildi.

Geologiya, Ichki ishlar vazirliklari, Bojxona qoʻmitasi hamda Andijon, Namangan, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahri hokimliklarida yagona elektron hujjat aylanish tizimi ishga tushmagan.

Toshkent shahrida aholi tomonidan ijobiy qabul qilingan “Xalq nazorati” tizimini yanada takomillashtirish kerakligi taʼkidlandi. Barcha vazirlik, qoʻmita va hudud rahbarlari jiddiy xulosa qilib, oqsayotgan loyihalarni yakunlashi shartligi haqida ogohlantirildi.

Shu bilan birga, hozirda vazirliklarning 50 dan ortiq xizmatlari Yagona davlat xizmatlari portaliga ulanmagan.

Masalan, soliq deklaratsiyasini joʻnatish va keshbek olish, quyosh panelini tizimga ulash va unga subsidiya olish, transport toʻlov kartasini xarid qilish kabi xizmatlardan faqat idoraviy saytlar orqali foydalanish mumkin.

Barcha rahbarlarga uch oyda oʻz tizimidagi davlat xizmatlarini yagona portal orqali koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер