Sodiq Safoyev Janubiy Koreyaning yangi saylangan prezidentiga Shavkat Mirziyoyevning tabrigini topshirdi

15:27 11 May 2022 Siyosat
520 0

Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev Janubiy Koreyaning saylangan prezidenti Yun Sok Yolga Oʻzbekiston prezidentining tabrigini yetkazdi, deb xabar beradi “Dunyo” agentligi.

Maʼlum qilinishicha, Sodiq Safoyev boshchiligidagi delegatsiyasining Yun Sok Yol bilan boʻlgan muzokaralari Janubiy Koreya matbuotida keng yoritilmoqda. Xususan, mamlakatdagi yetakchi nashrlar — The Korea Herald, The Korea Times gazetalari, Yonhap axborot agentligi va qator veb-saytlarida ushbu uchrashuv haqida turkum materiallar eʼlon qilingan.

Ushbu materiallarda Janubiy Koreyaning yangi saylangan prezidenti Yun Sok Yol uning inauguratsiyasida ishtirok etish uchun Janubiy Koreyaga kelgan xorijiy delegatlar bilan dushanba kuni uchrashuvlar oʻtkazgani maʼlum qilingan.

«Xususan, Yun Sok Yol Buyuk Britaniyaning Osiyo va Yaqin Sharq masalalari boʻyicha davlat vaziri Amanda Frezing, Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev va Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Yukio Xatoyama bilan alohida uchrashdi», — deb taʼkidlagan Janubiy Koreya OAV.

Nashrlarda Yun Sok Yol Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari Sodiq Safoyev bilan oʻtkazgan muzokaralari chogʻida turli sohalardagi oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdori ekanini taʼkidlagani qayd etilgan.

Janubiy Koreya prezidenti Seul shahrining Tongi-Dong tumanida joylashgan qarorgohida Oʻzbekiston delegatsiyasini qabul qilgan. “Janubiy Koreyaning yangi prezidentiga Oʻzbekiston prezidentining shaxsiy tabrigi topshirildi”, — deb yozadi manba.

Janubiy Koreya prezidenti Oʻzbekiston delegatsiyasi bilan uchrashuvda oʻzaro munosabatlarni yanada chuqurlashtirish tarafdori ekanini qayd etgan. “Koreys va oʻzbek xalqlari, ikki mamlakat ishbilarmonlari oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashni, Janubiy Koreya kompaniyalari Oʻzbekistonga koʻproq sarmoya kiritishini qoʻllab-quvvatlaymiz. Bu yil mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi nishonlanmoqda. Oʻzbekistonda yashovchi 200 mingga yaqin koreyslar mamlakat hayotining siyosiy, biznes, madaniy va boshqa sohalarida faol ishtirok etib, ikki mamlakat oʻrtasidagi mustahkam koʻprik boʻlib xizmat qilmoqda”, — deya prezident soʻzlaridan iqtibos keltirgan elektron nashr.

Maqolada qayd etilishicha, Sodiq Safoyev Oʻzbekiston Janubiy Koreya nomzodini BMT Xavfsizlik kengashining doimiy boʻlmagan aʼzoligiga surilishini qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qilgan. “Oʻzbekiston prezidenti Janubiy Koreya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi alohida doʻstlik munosabatlarini doimo qoʻllab-quvvatlaydi. Soʻnggi besh yilda Oʻzbekiston bilan Janubiy Koreya oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari kengaydi va chuqurlashdi. Ular ikki baravarga oshdi”, — deya Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari soʻzlaridan iqtibos keltirilgan maqolada.

Eslatib oʻtamiz, Janubiy Koreyada prezidentlik saylovlari 9-mart kuni boʻlib oʻtgandi, unda roʻyxatga olingan saylovchilarning 77,1 foizi ishtirok etgan, yaʼni 44 million saylovchilarning 34 millioni qatnashgan. Prezidentlik uchun asosiy nomzodlar mamlakatdagi hukmron Birlashgan demokratik partiya vakili Li Chje Myon va uning asosiy raqibi “Fuqarolik kuchi” muxolifat konservativ partiyasi nomzodi Yun Sok Yol edi. Uchinchi ommalashgan nomzod markaziy “Xalq partiyasi” vakili An Chxol Su saylovlardan avval Yun Sok Yol nomzodini qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qilgan. 10-mart kuni eʼlon qilingan natijalarga koʻra, Janubiy Koreyadagi prezidentlik saylovlarida muxolifatchi Yun Sok Yol gʻalaba qozongan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?