Sodiq Safoyev Markaziy Osiyo boʻyicha YEI vakili bilan uchrashdi

19:17 25 May 2021 Siyosat
425 0

2021-yil 24-may kuni Oliy Majlis Senati Raisi birinchi oʻrinbosari S. Safoyevning Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha vakili P. Burian bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Ikki tomonlama hamkorlikning, shu jumladan parlamentlararo hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi.

Uchrashuv davomida P. Burian mamlakatimizda davlat va jamiyat boshqaruvini, sud-huquq tizimini takomillashtirish, aholini manzilli ijtimoiy himoya qilish, xavfsizlikni mustahkamlash va koʻplab sohalarni isloh qilish yuzasidan olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi, Oʻzbekiston oʻz tarixida birinchi marta BMTning Inson huquqlari boʻyicha Kengashiga aʼzo boʻlganiga alohida urgʻu berdi.

Tomonlar BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining navbatdagi yalpi majlisida Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish toʻgʻrisidagi rezolyutsiya qabul qilinishi nuqtayi nazaridan hamkorlikni rivojlantirish xususida fikr almashdilar.

Uchrashuv davomida Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi. Taʼkidlanganidek, “Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi” parlament hamkorligi qoʻmitasi bilan muntazam olib borilayotgan oʻzaro hamkorlik alohida oʻrin tutadi. Shu yilning aprel oyi oxirida “Yevropa Ittifoqi – Oʻzbekiston” doʻstlik guruhi taʼsis etilishi esa tomonlar oʻrtasidagi muvaffaqiyatli, ochiq va konstruktiv muloqot natijasidir.

Shuningdek, joriy yilning aprel oyidan boshlab Oʻzbekiston “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimi plyus benefitsiar mamlakati maqomini olgani, bu Oʻzbekiston-Yevropa munosabatlarini, ayniqsa, savdo-iqtisodiy sohasidagi aloqalarni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Joriy yilning iyun oyida Buxoroda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlik xalqaro forumini oʻtkazish masalasi koʻrib chiqildi.

Tomonlar “YEI – Oʻzbekiston” parlament hamkorligi qoʻmitasining 15-majlisini tashkil qilish masalalarini muhokama qildilar, oʻzlarini qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?